Xalqaro astronavtika kongressida buyuk ajdodlarimizning kashfiyotlari namoyish etildi
Turkiyaning Antalya shahrida shu kunlarda bo‘lib o‘tgan dunyoning eng yirik kosmos tadbiri – 77-Xalqaro astronavtika kongressining ochilish marosimida Xorazmiy, Beruniy, Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchi kabi buyuk ajdodlarimizning nomlari ham yodga olindi. Ularning zamonaviy kosmonavtika sohasiga qo‘shgan hissasi va yaratgan ilmiy poydevori e’tirof etildi.
Ochilish marosimida dunyoning qator davlatlaridan kelgan siyosatchi va soha ekspertlari bilan birga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ham nutq so‘zladi.
Turkiya kosmik dasturida O‘zbekiston “izi”
Kezi kelganda aytish joiz, Turkiya so‘nggi yillarda nafaqat harbiy innovatsiyalar, balki aero- va kosmos tadqiqotlari yo‘nalishida ham ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishmoqda. O‘z kosmik dasturini jadal rivojlantirib kelayotgan Turkiya asosan xorijiy sun’iy yo‘ldosh platformalaridan foydalanish bosqichidan - o‘z kosmik apparatlari va ularning tarkibiy qismlarini ishlab chiqish darajasigacha chiqdi. Bu yo‘lda BİLSAT (2003), RASAT (2011), GÖKTÜRK-2 (2012), İMECE (2023) va TÜRKSAT 6A (2024) kabi loyihalarni alohida tilga olish mumkin.
Xususan, İMECE — Yerni kuzatishga mo‘ljallangan, bir metrdan yuqori aniqlikda tasvir olish imkoniyatiga ega bo‘lgan ilk mahalliy turk sun’iy yo‘ldoshi hisoblanadi. TÜRKSAT 6A esa Turkiyada milliy imkoniyatlar asosida ishlab chiqilgan ilk telekommunikatsiya sun’iy yo‘ldoshidir.
Ayniqsa 2024-yil Turkiyaning boshqariladigan kosmik parvozlar sohasi uchun ham tarixiy yil bo‘ldi. Alper Gezeravji (Alper Gezeravcı) Turkiyaning birinchi astronavti sifatida Xalqaro kosmik stansiyada faoliyat olib bordi va u yerda 13 ta ilmiy tajribani amalga oshirdi.
O‘sha yilning iyunь oyida Tuva Jihangir Atasever (Tuva Cihangir Atasever) suborbital ilmiy-tadqiqot parvozini amalga oshirib, kosmosga parvoz qilgan ikkinchi Turkiya fuqarosi bo‘ldi.
Biz uchun qiziqarli va ahamiyatli jihatlardan biri – turkiyaliklar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston diyorida yashab, ijod qilgan fan namomyandalari va buyuk allomalarni ham o‘ziga begona hisoblamaydi. Ular ham turkiylarga mansubligi bois, bu allomalarni ham o‘zlarining ajdodi, o‘zlarini esa ularning izdoshlari va ilmiy vorislari deb hisoblaydi.
Buni Turkiyaning ayrim kosmik loyihalarida turkiy-islom ilmiy olamining buyuk allomalari, jumladan, bugungi O‘zbekiston hududida yashagan va kashfiyotlar yaratgan olimlar nomlaridan foydalanilayotgani ham isbotlashi mumkin.
Bu borada Turkiyaning xususiy Fergani Space kosmik kompaniyasi alohida e’tiborga loyiq.
Fergani Space — Saljuq Bayroqdorning kosmik loyihasi
Nomi zikr etilgan kompaniyaning nomi - Fergani (Farg‘oniy) IX asrning buyuk astronomi Ahmad Farg‘oniy nomiga bevosita ishora qiladi. Farg‘ona zaminidan yetishib chiqqan bu buyuk olim G‘arbda Alfraganus nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Kezi kelganda eslatish joiz, Turkiyaning yuqori texnologiyalar sohasidagi yirik kompaniyalaridan biri — Baykar kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi va texnologiyalar bo‘yicha rahbari sifatida tanilgan Saljuq Bayroqdor (Selçuk Bayraktar) keyingi yillarda bevosita kosmik texnologiyalar sohasini ham rivojlantirmoqda.
2022-yilda Saljuq Bayroqdor Fergani Space (Fergani Uzay Teknolojileri) kosmik texnologiyalar kompaniyasiga asos soldi va uning bosh direktori (CEO) hisoblanadi.
Aynan ushbu xususiy kompaniya FGN-100-d1 va FGN-100-d2 sun’iy yo‘ldoshlarini yaratdi. Shuningdek, kompaniya kelajakda Uluğ Bey — «Ulug‘bek» global joylashuvni aniqlash tizimini (GPS ga o‘xshash) barpo etish ustida ishlamoqda.
Kompaniyaning ma’lumotiga ko‘ra, FGN-100-d2 kelajakdagi «Ulug‘bek» global pozitsiyalash tizimi uchun texnologiyalarni sinovdan o‘tkazuvchi sun’iy yo‘ldosh vazifasini bajaradi.
Fergani Space’ning birinchi sun’iy yo‘ldoshi
Fergani Space Turkiyaning shakllanayotgan umumiy kosmik ekotizimining muhim ishtirokchilaridan biriga aylanib bormoqda. Turkiya kosmik agentligi ham FGN-100-d1 sun’iy yo‘ldoshining uchirilishini mamlakat kosmonavtikasi rivojlanishining rasmiy xronologiyasiga kiritgan.
2025-yil yanvar oyida kompaniya vazni 102 kilogramm bo‘lgan birinchi FGN-100-d1 sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi. 2025-yil noyabr oyida esa 104 kilogrammlik FGN-100-d2 sun’iy yo‘ldoshi uchirildi.
Ushbu apparatlar, jumladan, kelajakda yaratilishi rejalashtirilgan sun’iy yo‘ldoshlar asosidagi navigatsiya tizimi uchun zarur texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishga xizmat qiladi.
Ulug‘bek — Turkiyaning bo‘lajak navigatsiya tizimi nomi
Fergani Space kompaniyasi Uluğ Bey Küresel Konumlama Sistemi, ya’ni «Ulug‘bek global joylashuvni aniqlash tizimi» deb nomlangan o‘z sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Loyiha doirasida Yerning past orbitasida faoliyat yuritadigan 100 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshdan iborat guruh tashkil etilishi rejalashtirilgan. «Ulug‘bek» — hozirgacha uchirilgan alohida bir sun’iy yo‘ldoshning nomi emas, balki yaratilayotgan turk navigatsiya tizimi va sun’iy yo‘ldoshlar guruhining nomidir. Uning nomi buyuk o‘zbek davlat arbobi va munajjim Mirzo Ulug‘bek (1394–1449) xotirasiga bag‘ishlangan.
Ali Qushchi — Samarqand bilan bog‘liq yana bir nom
Turkiyaning Oy dasturida buyuk olim Ali Qushchi (Ali Kushçu) nomi ham qo‘llanilmoqda. Jumladan, TÜBİTAK UZAY o‘zining Oyga oid ilmiy dasturida “Ali Kushçu Science, Exploration, and Mapping Objectives”, ya’ni «Ali Qushchi nomidagi ilmiy tadqiqot, o‘rganish va xaritalash maqsadlari» atamasidan foydalanadi. Buni ham Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy-ilmiy vorisiylikning qiziqarli namunasi, desak bo‘ladi. Ali Qushchi XV asrning yirik astronom va matematiklaridan biri bo‘lib, Samarqandda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy maktabida faoliyat yuritgan. Keyinchalik u Usmoniylar davlatiga ko‘chib o‘tib, Istanbulda ilmiy faoliyatini davom ettirgan. Shu ma’noda Ali Qushchi shaxsiyati Samarqand ilmiy an’analari bilan Usmoniylar ilm-fan muhitini o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Fergani Space esa ana shu tarixiy rishtalarni yanada mustahkam qilayotgan va yangi rishtalar bog‘layotgan kompaniya hisoblanadi.
O‘zbekiston kosmonavtikasida uyg‘onish davri
Antalьyadagi tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiya Prezidenti ham o‘z ma’ruzasida, shuningdek, Turkiya sanoat va texnologiyalar vaziri ham o‘z nutqida buyuk o‘zbek olimlarimizning tarixiy roliga alohida urg‘u berishdi.
Albatta O‘zbekistonda ham faqat o‘tmish ajdodlar bilan faxrlanish bilan cheklanishmayapti. Ayniqsa yangi ma’muriyat davrida O‘zbekistonning o‘z kosmos dasturini rivojlanish yo‘lida qator muvaffaqiyatli loyihalar rejalashtirildi va amalga oshirila boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat tarixida ilk bor milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish va birinchi o‘zbek fazogirini kosmosga uchirish strategik vazifa sifatida belgilandi.
Birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshga buyuk o‘zbek astronomi va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek nomi berilishi rejalashtirilgan. 6U formatdagi «Mirzo Ulug‘bek» sun’iy yo‘ldoshini 2028 yilda fazoga uchirish taklif qilingan. Loyiha doirasida milliy muhandislar jamoasini shakllantirish va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonning birinchi milliy fazogirini tayyorlash ishlari boshlangan. Dastlabki rejaga ko‘ra, o‘zbek fazogiri 10–14 kunlik kosmik parvoz davomida tibbiyot, biologiya, o‘simliklar genetikasi va materialshunoslik yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalarni Yangi O‘zbekistonning ilmiy-texnologik taraqqiyoti bilan bog‘lab, kosmik sohani rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarga jalb etish hamda mamlakatning mustaqil ilmiy salohiyatini oshirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. O‘zbekiston oilmlari ham buyuk astronom ajdodlarimiz yo‘lidan borib, jahon ilm faniga o‘z hissalarini qo‘shishga intilishmoqda.
Abulfayz Sayidasqarov
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin






