«Temur tuzuklari» ilk bor belorus tilida nashr etildi
Amir Temurning boy tarixiy merosi endi Belarus kitobxonlariga ham o‘z ona tilida taqdim etiladi. Ulug‘ sarkarda va davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temurning mashhur «Temur tuzuklari» asari ilk bor belorus tilida nashr etildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Mazkur voqea O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
«Temur tuzuklari» — davlatchilik va boshqaruv an’analarini o‘zida aks ettirgan muhim tarixiy manba. Asarda davlatni boshqarish, tartib-intizomni ta’minlash, adolat tamoyillariga amal qilish va jamiyat hayotini tashkil etishga oid qarashlar bayon etilgan. Shu bois ushbu asar nafaqat tarixiy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Asarning belorus tilida nashr etilishi Belarus kitobxonlariga o‘zbek xalqining boy tarixi, milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini yaqindan o‘rganish imkonini beradi. Shuningdek, bu tarjima orqali Amir Temurning davlat boshqaruviga oid qarashlari va tarixiy tajribasi yangi auditoriyaga yetib boradi.
O‘zbek adabiyoti namunalarini belorus tilida nashr etish bo‘yicha hamkorlik davom ettirilishi rejalashtirilgan. Nashr tashabbuskorlari Belarus davlat pedagogika universiteti vakillari kelgusida Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Cho‘lpon kabi o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalari ijodini ham belorus kitobxonlariga yetkazishga qiziqish bildirgan.
Bu tashabbuslar milliy adabiyotimiz va tarixiy merosimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, turli xalqlarning madaniyati va ma’naviyatini o‘zaro yaqinlashtirishga xizmat qiladi.






