Brighton College direktori O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ma’rifiy ahamiyatini e’tirof etdi
Tarixiy merosning haqiqiy qiymati uni saqlash bilangina emas, balki u orqali yangi bilimlarni kashf etish, ilmiy tafakkurni rivojlantirish va kelajak avlodga mustahkam ma’naviy zamin yaratish bilan ham belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan yirik ilmiy-ma’rifiy maskandir.
O‘zbekistonning tarixiy merosi, ilmiy an’analari va zamonaviy muzey tajribasi Britaniyadagi Brighton College direktori Stiv Marshall-Teylorning e’tiborini tortdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishgan mehmon Markazning o‘tmish, bugun va kelajakni o‘zaro bog‘lovchi g‘oyasini, ayniqsa, Qur’oni karimga bag‘ishlangan ekspozitsiyani alohida e’tirof etdi.
Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, Stiv Marshall-Teylor uning me’moriy yechimi, mazmunan boyligi va tashrif buyuruvchilarda yangi bilimlarga qiziqish uyg‘otish imkoniyatiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bu yerda O‘zbekiston tarixini nafaqat o‘rganish, balki mamlakatning bugungi qiyofasi va kelajakka intilishlarini ham chuqurroq anglash mumkin.
Brighton College direktori, ayniqsa, Markaz kirish qismida ifodalangan o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik g‘oyasini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning tarixiy yo‘lini yaxlit tasavvur qilish va uning bugungi taraqqiyotini chuqurroq anglash imkonini beradi. Mehmonning e’tiborini tortgan eng muhim ekspozitsiyalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan bo‘ldi. U bu yerdagi tajriba o‘zi uchun mutlaqo yangi bo‘lganini ta’kidladi.
«Bu yerda olgan taassurotlarimni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Markaz o‘ta darajada go‘zal va betakror. U insonga ilhom bag‘ishlaydi, bilim beradi. Bu yerda juda ko‘p yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Menimcha, bu maskan odamlarga O‘zbekiston tarixini va bugungi qiyofasini chuqurroq anglashga yordam beradi. Bu esa birgalikda porloq kelajakni barpo etish uchun zamin yaratadi.
Men uchun eng unutilmas lahzalardan biri Qur’oni karim bilan bog‘liq ekspozitsiya bo‘ldi. Bu yerdagi tajribani avval hech qachon boshdan kechirmaganman. U haqiqatan ham hayratlanarli.
Menimcha, bu markazga nafaqat yoshlar, balki barcha tashrif buyurishi kerak. Ayniqsa, yoshlar bu yerda yangi bilimlarni kashf etish, dunyoqarashini boyitish va ilhom olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu maskan har bir inson uchun o‘ziga xos ma’rifiy tajriba taqdim etadiStiv Marshall-Teylor Markazning barcha yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun ahamiyatiga ham alohida to‘xtaldi. Uning fikricha, ayniqsa, yoshlar bu yerda yangi bilimlarni o‘zlashtirish, dunyoqarashini kengaytirish va ilhom olish imkoniga ega, — deya ta’kidladi Brighton College direktori.






