Ilmiy merosdan kelajak avlodga: Islom sivilizatsiyasi markazida nashr loyihalari bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini chuqur tadqiq etish, buyuk allomalarimiz qoldirgan bebaho asarlarni ilmiy muomalaga kiritish hamda ularni keng jamoatchilik va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiluvchi yirik xalqaro ilmiy-ma’rifiy maskandir. Davlatimiz rahbari ilgari surgan ushbu ezgu tashabbus doirasida fundamental ilmiy asarlar, noyob tarixiy manbalar va yosh avlod uchun mo‘ljallangan ma’rifiy adabiyotlarni nashr etish Markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligida nashr loyihalari ijrosi va ularni yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan navbatdagi tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi. Unda avval berilgan topshiriqlarning bajarilish holati, 2026-yilda nashrga tayyorlangan maxsus ilmiy kitoblarni chop etish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda nashr jarayonlarini jadallashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda, ayniqsa, bolalar uchun yaratilayotgan kitoblarning mazmun va sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Buyuk allomalarimizning hayoti, ilmiy kashfiyotlari va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yosh kitobxonlarga ularning yoshi va dunyoqarashiga mos, sodda, ta’sirchan va qiziqarli shaklda yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Bolalar adabiyotini murakkab ilmiy ma’lumotlar bayonidan ko‘ra, ularda mustaqil fikrlash, izlanish va kashfiyotlarga qiziqish uyg‘otadigan mazmunli asarlar bilan boyitish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda Markazning xalqaro ahamiyatga ega «114 Qur’on» ilmiy loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar ham alohida ko‘rib chiqildi. Mazkur noyob loyiha Qur’oni karimning 114 surasini turli asrlar, hududlar va xattotlik maktablariga mansub 114 ta tarixiy qo‘lyozma orqali yagona ilmiy tizimda taqdim etish va qiyosiy o‘rganishga qaratilgan. Dunyoning turli muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan nodir mushaflar asosida tayyorlanayotgan maxsus kitob-alьbomning nashr jarayonlarini izchil davom ettirish masalasi muhokama qilindi.
Alohida yo‘nalish sifatida tarixiy-madaniy meros, buyuk allomalar va ularning ilmiy kashfiyotlariga bag‘ishlangan turkum kitoblarni nashr etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu nashrlarning ilmiy asoslanganligi, tarixiy manbalarga tayanishi, mazmunan puxtaligi, tarjima va tahrir sifatiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Qayd etish joizki, Markazda 2026-yil yakuni hamda 2027-yilda chop etilishi rejalashtirilgan 130 ga yaqin nashr ustida ishlar olib borilmoqda. Avvalgi ishchi muhokamalarda «Temur tuzuklari», Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asari kabi muhim tarixiy manbalarni yangi ilmiy tadqiqotlar bilan boyitgan holda nashrga tayyorlash, har bir kitobni maxsus ilmiy-tahririy ekspertizadan o‘tkazish va tegishli komissiya xulosasi asosida chop etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan edi.
Navbatdagi yig‘ilishda ham nashrlarning faqat son ko‘rsatkichlariga emas, avvalo, ularning ilmiy qimmati, mazmunan puxtaligi va kitobxonlar uchun ahamiyatiga ustuvor e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Markaz direktori tomonidan 2026-yil yakuniga qadar belgilangan nashr ishlarini to‘liq yakunlash, har bir loyihaning tayyorgarlik holatini qat’iy nazoratga olish va vazifalarni belgilangan muddatlarda sifatli bajarish yuzasidan mas’ullarga manzilli topshiriqlar berildi.
Zero, tarixiy merosni asrab-avaylash uni saqlash bilangina cheklanmaydi. Uni ilmiy asosda o‘rganish, zamonaviy tilda talqin etish va xalqqa yetkazish orqaligina o‘tmishning bebaho bilimlari bugungi taraqqiyotga, kelajak avlodlarning intellektual kamolotiga xizmat qiladi.






