Prezident tashabbusi amalda: Islom sivilizatsiyasi markazida dual ta’lim yo‘lga qo‘yildi
Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida talabalarni bevosita amaliyot jarayonida tayyorlashning yangi bosqichi boshlandi.
2026-yil 30-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglar bilan uchrashuvda oliy ta’lim tizimida dual ta’limni rivojlantirish, universitetlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Davlat rahbari ilgari surgan «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili ta’lim jarayonini mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish, talabalarga nazariy bilim bilan birga amaliy tajriba berishga qaratilgan.
Ushbu tashabbusning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun dual ta’lim shaklida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni real ish muhitiga olib kirish va zamonaviy media sohasi uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Bugun tashkil etilgan uchrashuvda Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. Muloqot davomida dual ta’limni tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan mustahkamlash, shuningdek, Markazning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini zamonaviy media vositalari orqali keng yoritish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish, yoshlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda milliy merosni zamonaviy media orqali targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladi:
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Biz bu tashabbusni ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyat, deb bilamiz. Ushbu amaliyotga xorijiy ekspertlarni ham jalb etishni maqsad qilganmiz. Bu talabalarga xalqaro tajriba bilan yaqindan tanishish, turli mamlakatlardagi media sohasining ilg‘or yondashuvlarini o‘rganish va kasbiy mahoratlarini oshirish imkonini beradi. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining boy ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro auditoriyaga yetkazishda xorijiy mutaxassislar tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z faoliyatida tarixiy va ilmiy merosni o‘rganish, uni keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodda ma’rifat va ilmga qiziqishni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratadi. Bu vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy jurnalistika va media vositalarining o‘rni beqiyos. Bugungi kunda axborotni shunchaki yetkazishning o‘zi yetarli emas. Uni to‘g‘ri talqin qilish, ishonchli manbalarga tayanish, tarixiy voqea va hodisalarning mazmun-mohiyatini ochib berish, turli auditoriyalarga tushunarli tarzda taqdim etish talab etiladi. Ayniqsa, milliy va umuminsoniy merosimizni xalqaro maydonda tanitishda jurnalistlarning kasbiy mahorati katta ahamiyatga ega.
Biz yoshlarning o‘z bilimlarini amalda sinab ko‘rishlarini, mutaxassislar bilan ishlashlarini, jurnalistik materiallar tayyorlash jarayonini bevosita o‘rganishlarini istaymiz! — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Markaz rahbari, shuningdek, hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida gid-jurnalistlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Markazga turli mamlakatlardan olimlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar va sayyohlar tashrif buyuradi. Ularga tarixiy ekspozitsiyalar, qo‘lyozmalar, artefaktlar va buyuk allomalar merosi haqida mazmunli, aniq va qiziqarli ma’lumot berish uchun tarixiy bilim, jurnalistik mahorat, muloqot madaniyati va xorijiy tillarni bilish kabi ko‘nikmalar uyg‘unligi zarur.
Biz talabalarning bu jarayonda faol ishtirok etishini, o‘z g‘oya va tashabbuslarini ilgari surishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning zamonaviy fikrlashi, raqamli texnologiyalardan foydalanish qobiliyati va yangi media formatlariga qiziqishi Markaz faoliyatini yanada keng yoritishga yordam beradi. — dedi Markaz rahbari.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham dual ta’limning bo‘lajak jurnalistlar kasbiy tayyorgarligidagi ahamiyatiga to‘xtalib, oliy ta’limda olingan bilimlarni real ish muhitida mustahkamlash zarurligini qayd etdi.
Bugungi uchrashuvning ahamiyati shundaki, biz ta’lim jarayonini real kasbiy muhit bilan bog‘lash, talabalarni nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalar bilan ham qurollantirish yo‘lida muhim qadam tashlayapmiz.
Zamonaviy jurnalistika jadal o‘zgarmoqda. Raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar, mulьtimedia va sun’iy intellekt axborotni yaratish, tarqatish va qabul qilish usullariga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda jurnalistdan faqat matn yozish mahorati emas, balki tahlil qilish, faktlarni tekshirish, turli formatlarda kontent tayyorlash va auditoriya bilan samarali muloqot qilish qobiliyati ham talab etiladi.
Shuning uchun ham talabalarimizning tahsil davridayoq amaliy tajriba orttirishi juda muhim. Ular auditoriyada olgan bilimlarini ish jarayonida sinab ko‘rsalar, kasbning haqiqiy talablarini yaxshiroq anglaydilar, o‘z imkoniyatlarini baholaydilar va kelgusi faoliyatlariga puxtaroq tayyorlanadilar», — dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Rektor Markaz bilan hamkorlik talabalar uchun tarix, ilm-fan, madaniyat va ma’naviy merosga oid mavzularni amaliyot orqali o‘rganish, turli janrlarda materiallar tayyorlash, intervьyu va reportajlar yaratish imkonini berishini ta’kidladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik ayniqsa jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarimiz uchun katta ahamiyatga ega. Markazda tarix, ilm-fan, madaniyat va ma’naviy meros bilan bog‘liq boy axborot muhiti mavjud. Bu muhit talabalarga turli janrlarda material tayyorlash, intervьyu olish, reportaj yaratish va murakkab mavzularni ommaga tushunarli tilda yetkazish bo‘yicha tajriba orttirish imkonini beradi. Gid-jurnalistlar tayyorlash tashabbusini ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri deb bilamiz. Bunday mutaxassislar tarixiy va madaniy merosni chuqur anglashi, uni zamonaviy auditoriyaga yetkaza olishi, xorijiy mehmonlar bilan samarali muloqot qilishi zarur — dedi universitet rektori.
Uchrashuvda muhokama qilingan muhim yo‘nalishlardan biri Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy merosini xalqaro auditoriyaga zamonaviy media vositalari orqali yetkaza oladigan gid-jurnalistlarni tayyorlash masalasi bo‘ldi. Bunday mutaxassislar jurnalistik ko‘nikmalar bilan bir qatorda tarixiy va madaniy merosni tushunarli bayon qilish, ekspozitsiyalar mazmunini ochib berish, tashrif buyuruvchilar bilan samarali muloqot o‘rnatish, xorijiy auditoriyaning ehtiyojlarini hisobga olish kabi muhim kompetensiyalarga ega bo‘lishi lozim.
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy yodgorliklar va noyob artefaktlar namoyish etiladigan maskan, balki ilm-fan, tafakkur, ma’rifat va madaniy merosni zamonaviy yondashuvlar asosida taqdim etuvchi ilmiy-ma’rifiy maydondir. Uning mazmun-mohiyatini xalqaro miqyosda munosib tarzda yoritish uchun jurnalistik mahorat, tarixiy bilim va kommunikatsiya ko‘nikmalarining uyg‘unligi muhim. Shu nuqtai nazardan, gid-jurnalistlar tayyorlash tashabbusi bo‘lajak mutaxassislarning amaliy salohiyatini oshirish bilan birga, Markaz haqidagi axborotni turli tillar va media formatlari orqali kengroq auditoriyaga yetkazishga ham xizmat qilishi mumkin.






