Toshkentda texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 14-oktabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Global texnologik diplomatiya instituti (Tech Diplomacy Global Institute — TDGI) hamkorligida Texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi (Tech Diplomacy Asia Symposium) bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Markaziy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlaridan davlat organlari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, texnologiya va biznes sohalari, shuningdek, ilmiy-akademik hamjamiyat vakillarini bir maydonda jamladi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Rustam Karimjonov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mal tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar. Simpoziumning maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan kirish ma’ruzasi TDGI asoschisi va prezidenti Ayumi Mur Aoki tomonidan taqdim etildi.
Simpozium 2025-yil 1-noyabr kuni YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida qabul qilingan Texnologik diplomatiya bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasiga asos solgan xalqaro tashabbusning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu hujjat texnologik diplomatiyani institutsional jihatdan rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va kiberxavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga samarali javob qaytarish uchun diplomatik xizmatlar salohiyatini mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Tadbir doirasida Samarqand deklaratsiyasi qoidalarini amaliyotga tatbiq etish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorlikdagi salohiyatini rivojlantirish hamda xalqaro miqyosdagi hamkorlikning kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga bag‘ishlangan uchta tematik davra suhbati tashkil etildi.
Birinchi munozara — «Samarqanddan Toshkentgacha: nimalar o‘zgardi?» mavzusida bo‘lib, unda Deklaratsiya qabul qilinganidan keyingi bir yil davomida erishilgan natijalar va texnologik diplomatiya tamoyillarini milliy amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
«Salohiyatni hamkorlikda rivojlantirish: Markaziy Osiyo qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishi kerak?» deb nomlangan ikkinchi sessiya raqamli kompetensiyalar, innovatsiyalar va mutaxassislar tayyorlash sohalarida mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga qaratildi.
Uchinchi davra suhbati — «Toshkentdan Parijgacha: qanday majburiyatlarni o‘z zimmamizga olishga tayyormiz?» mavzusida o‘tkazilib, unda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va global miqyosda ilgari surish uchun umumiy ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish borasidagi keyingi qadamlar ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda O‘zbekiston va Qozog‘istonning tegishli vazirlik hamda idoralari, BMT Taraqqiyot dasturi, moliya va texnologiya sohalari, oliy ta’lim muassasalari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatlariga North Highland kompaniyasining katta boshqaruv direktori Nayla Bet Gavel moderatorlik qildi.
Dasturning muhim qismlaridan biri TDGI asoschisi va prezidenti Ayumi Mur Aoki tomonidan Samarqand deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Toshkent bayonotining taqdimoti bo‘ldi. Mazkur hujjat tashabbusni amalga oshirishning keyingi yo‘nalishlarini belgilash hamda texnologik diplomatiya bo‘yicha xalqaro kun tartibida mintaqaviy ustuvor vazifalarni ilgari surishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Simpoziumda, shuningdek, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Indoneziya, Quvayt, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Falastin, Yaponiya, Ummon, Qatar, Hindiston va Qozog‘istonning elchilari hamda diplomatik vakolatxonalari vakillari qatnashdi. Ishtirokchilar va mehmonlar orasida Malayziya, Mo‘g‘uliston, Shveysariya va Polьsha vakillari ham bor edi.
Dasturning ishbilarmonlik qismi yakunlanganidan so‘ng ishtirokchilar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya xorijiy mehmonlarni mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish imkonini berdi.
Texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumining o‘tkazilishi O‘zbekistonning yangi texnologiyalar masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga intilishini yana bir bor namoyon etdi. Samarqandda boshlangan tashabbusning mantiqiy davomini ta’minlash orqali O‘zbekiston texnologik diplomatiyani zamonaviy tashqi siyosatning muhim yo‘nalishi sifatida ilgari surish borasidagi mavqeini mustahkamlamoqda.






