Markaz va Ichki ishlar vazirligi kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari o‘rtasidagi «Eng yaxshi kitobxon — 2026» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattorov va Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tanlovda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi hududiy bosqichlar g‘oliblari ishtirok etib, o‘z bilim va tayyorgarligini namoyish etdi. Bellashuv ishtirokchilarning adabiy bilimi, mutolaa madaniyati va intellektual salohiyatini sinash bilan birga, kitobxonlikning shaxsiy kamolot hamda kasbiy faoliyatdagi ahamiyatini ham ko‘rsatdi.
Tanlovning Markazda o‘tkazilishi tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu majmua buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etuvchi, ilm-fan va ma’rifatni uyg‘unlashtirgan yirik ilmiy-ma’rifiy maskandir.
Tadbir doirasida Markaz tomonidan Ichki ishlar vazirligiga «Madaniy meros» to‘plami ham taqdim etildi. Imzolangan memorandum esa vazirlik tizimi xodimlari o‘rtasida kitobxonlikni rag‘batlantirish, ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish va milliy merosni keng targ‘ib etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti katta inspektori, katta leytenant Olimjon Rahmonov tanlovning ahamiyati va Markaz bilan hamkorlik istiqbollari haqida to‘xtalib, shunday dedi:
«Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yosh xodimlarimizda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy ruhni yuksaltirish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish. Markaz tashkil etilganidan buyon uch mingdan ziyod ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolari bu yerga tashrif buyurgan. Hamkorlik memorandumi orqali ushbu aloqalarni yanada rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganmiz».
Tanlovning respublika bosqichida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati katta inspektori, leytenant Kamronbek Dilshodbek o‘g‘li Ismoilov g‘olib bo‘ldi. U tanlovga tayyorgarlik jarayoni va kitob mutolaasining kasbiy faoliyatdagi ahamiyati haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
«Vazirimizning tegishli buyrug‘i asosida o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalaridan iborat 35 ta kitob ro‘yxati taqdim etilgan edi. Xizmat vazifalarim bilan birga tayyorgarlik ko‘rish oson bo‘lmadi. Bu jarayonda onam va ukamning tavsiyalari menga katta yordam berdi. Kitob mutolaasi xodimning badiiy tafakkurini boyitib, fuqarolar bilan muloqot madaniyatini yuksaltiradi. Prezidentimiz tomonidan kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor va tanlovning ana shunday Markazda o‘tkazilishi bizga katta rag‘bat bag‘ishlaydi».
Tadbir yakunida ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Markaz va Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida imzolangan memorandum kitobxonlikni ommalashtirish, tarixiy-madaniy merosni keng targ‘ib etish va xodimlarning ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday hamkorlik kitob mutolaasini rag‘batlantirish bilan birga, xodimlarning mustaqil fikrlashi, kasbiy mas’uliyati va milliy qadriyatlarga hurmatini yuksaltirishga ham hissa qo‘shadi.






