Xalqaro ekspertlar Islom sivilizatsiyasi markazining raqamli yechimlarini e’tirof etdi
Toshkentda o‘tkazilgan Texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi ishtirokchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Xalqaro ekspertlar tarixiy merosning sun’iy intellekt, mulьtimedia va interaktiv texnologiyalar yordamida taqdim etilishi, ayniqsa, ko‘p tilli raqamli yechimlarni yuqori baholadi.
2026-yil 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Global texnologik diplomatiya instituti (Tech Diplomacy Global Institute — TDGI) hamkorligida Texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi (Tech Diplomacy Asia Symposium) tashkil etildi. Anjuman doirasida Markaziy Osiyo va Osiyo–Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining davlat idoralari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, texnologik kompaniyalar va ekspertlar hamjamiyati vakillari uchun Markaz muzey ekspozitsiyalari bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu yirik ilmiy-ma’rifiy majmuada mehmonlar O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimgi sivilizatsiyalar taraqqiyoti va buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi bilan tanishdi. Ekspozitsiyalarda tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali namoyish etishga alohida e’tibor qaratilgani ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekskursiya davomida mutaxassislar ekspozitsiyalarning tarixiy davrlar asosida izchil tashkil etilgani, qadimiy Ipak yo‘lidagi madaniy va savdo aloqalari, o‘sha davr muhitini aks ettiruvchi badiiy-interaktiv yechimlar bilan tanishdi. Ko‘p tilli interaktiv tizimlar, sun’iy intellekt asosidagi vizual yechimlar va tarixiy ma’lumotlarni turli shakllarda taqdim etish imkoniyatlari ham mehmonlar e’tiborini tortdi.
Global texnologik diplomatiya instituti asoschisi va prezidenti Ayumi Mur Aoki Markazning me’moriy qiyofasi, ekspozitsiyalarning tarixiy davrlar bo‘yicha tashkil etilgani hamda Ipak yo‘li va qadimiy savdo muhitining ta’sirchan namoyish etilishini alohida e’tirof etdi.
«Markaz meni nihoyatda hayratga soldi. Avvalo, binoning tashqi me’moriy qiyofasi juda go‘zal va salobatli. Ichkarida esa tashrif buyuruvchilar uchun ajoyib muhit yaratilgan. Ekspozitsiyalarning to‘rt tarixiy davr asosida izchil tashkil etilgani menga juda yoqdi. Ayniqsa, Ipak yo‘li tarixi, o‘sha davrdagi savdo aloqalarining boyligi, qadimiy bozorlar muhiti va gilamlar orqali yaratilgan manzaralar katta taassurot qoldirdi. Bularning barchasi nihoyatda puxta va ta’sirchan ishlangan.
Tarixiy muhit zamonaviy texnologiyalar bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirilgan. Bu yerda tarixni shunchaki tomosha qilmaysiz, balki uni o‘zingiz uchun qulay va tushunarli shaklda kashf etasiz. Kerakli tilni tanlash, ma’lumotlar bilan o‘z sur’atingizda tanishish, interaktiv tizimlar orqali turli yo‘nalishlarni tanlab, ularga mos ma’lumotlarni olish mumkin. Bu men uchun ajoyib tajriba bo‘ldi», — dedi Ayumi Mur Aoki.
North Highland xalqaro konsalting kompaniyasining katta boshqaruv direktori Nayla Bet Gavel ham Markazdagi texnik yechimlar, interaktiv ekspozitsiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish tajribasi haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, muzeydagi texnologiyalar tarixni oddiy ma’lumotlar yig‘indisi sifatida emas, balki tashrif buyuruvchi eshitishi, anglashi va his qilishi mumkin bo‘lgan yaxlit tajriba sifatida taqdim etishga xizmat qiladi.
«Muzey ekspozitsiyalarining texnik jihatdan amalga oshirilishi hayratlanarli. Uch ming yillik tarixni tinglash, interaktiv tarzda o‘rganish va his qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Markazdagi sun’iy intellekt yechimlari tarixni yanada jonli namoyon etadi. Ma’lumotlarni o‘z tilimda va menga tushunarli shaklda qabul qilish imkoniyati ham alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston rahbariyatining tarixiy merosni raqamli texnologiyalar yordamida namoyish etishga e’tibor qaratayotgani tahsinga sazovor. Bu xalqning bugungi qiyofasi va o‘zligini shakllantirgan tarixni unutmaslik, uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish nuqtai nazaridan juda muhim. Bunday tashabbusni mamlakat rahbariyatining o‘zi qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rish quvonarli», — deya ta’kidladi Nayla Bet Gavel.
Xalqaro ekspertlarning fikrlari Markazda tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar va ilmiy-ma’rifiy yondashuvlar asosida namoyish etish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Bu yerda raqamli yechimlardan foydalanish nafaqat tarixiy ma’lumotlarni yetkazish, balki ularni turli tillarda va tashrif buyuruvchilarning ehtiyojlariga mos shaklda taqdim etishga ham xizmat qiladi.
Texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi ishtirokchilarining tashrifi Markazning tarixiy-madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish borasidagi tajribasi bilan xalqaro ekspertlarni bevosita tanishtirdi. Mehmonlarning fikrlari esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining boy merosni zamonaviy va xalqaro auditoriya uchun tushunarli shaklda taqdim etishga qaratilgan faoliyatiga berilgan e’tirof bo‘ldi.






