Temuriylar davridan saqlanib qolgan "tumardon"
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan ushbu nafis buyum Temuriylar davrida yozuv madaniyati, xattotlik va amaliy san’at naqadar yuksak darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Maktub uchun g‘altak XV asrga oid bo‘lib, bronzadan yasalgan. Uzunligi 32 santimetr bo‘lgan buyumning sirti nozik o‘yma naqshlar va kumush qadalamalar bilan bezatilgan. Uning yuzasida suls xatida fors tilidagi she’riy bitiklar joylashgan.
Fors tilida «tumardon» deb ataladigan bunday g‘altaklar o‘rama hujjatlar va matnlarni saqlash hamda tashish uchun xizmat qilgan. Ularga rasmiy yozishmalar, davlat farmonlari, shartnomalar, she’riy va diniy mazmundagi bitiklar joylashtirilgan. Ikki uchidagi halqalar esa buyumni osib olib yurish imkonini bergan.
Bu g‘altakning qimmati faqat amaliy vazifasi bilan cheklanmaydi. Unda metallsozlik, xattotlik va she’riyat yagona badiiy uyg‘unlik kasb etgan. Nozik naqshlar, kumush bezaklar va forsiy she’riy bitiklar Temuriylar davridagi yuksak did hamda nafis estetik qarashlarni namoyon etadi.
Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasidagi ushbu noyob ashyo buyuk madaniy merosimiz faqat mahobatli me’moriy obidalar va qo‘lyozmalardagina emas, balki kundalik hayotda foydalanilgan buyumlarda ham o‘z ifodasini topganini ko‘rsatadi.






