Tojikiston mudofaa vaziri Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Tojikiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-polkovnik Emomali Sobirzoda boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari orqali Markaziy Osiyoning boy sivilizatsiya tarixi, buyuk allomalar merosi va mintaqamiz xalqlarining mushtarak ma’naviy qadriyatlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiyaga mintaqada islom sivilizatsiyasining shakllanishi, bu zamindan yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, xalqlarimiz tarixida muhim o‘rin tutgan davlatchilik va ma’naviy taraqqiyot bosqichlari haqida ma’lumot berildi.
Ayniqsa, Ikkinchi Renessansga bag‘ishlangan bo‘limdagi Amir Temur va temuriylar davri ekspozitsiyasi general-polkovnik Emomali Sobirzodada katta qiziqish uyg‘otdi. Unda mazkur davrda davlatchilik, bunyodkorlik, ilm-fan va madaniyat sohalarida erishilgan yuksalish o‘z ifodasini topgan.
Tashrif yakunida Tojikiston Respublikasi Mudofaa vaziri o‘z taassurotlarini Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobida qayd etdi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Markaziy Osiyoda islom tamaddunining shakllanish va taraqqiyot tarixi, xalqlarimizning boy ma’naviy merosi o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ushbu markaz nafaqat o‘tmishni anglash, balki buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan ma’rifiy maskandir.
Qardosh va do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va yanada yuksak taraqqiyot tilaymiz».
Tashrif yakunida faxriy mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Markazda namoyish etilayotgan tarixiy meros mintaqamiz xalqlarining mushtarak o‘tmishi va ma’naviy qadriyatlarini yanada chuqurroq anglash, shuningdek, buyuk ajdodlar merosini kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.






