O‘zbekiston va Hindiston tarixiy merosni birgalikda o‘rganadi
Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Smita Pant boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazda mehmonlar mamlakatimizning qariyb uch ming yillik tarixini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar, noyob qo‘lyozmalar va tarixiy osori atiqalar bilan tanishdi. Shuningdek, ularga zamonaviy muzey texnologiyalari hamda tarixiy-madaniy merosni asrash, ilmiy jihatdan o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy aloqalarni anglashga xizmat qiluvchi tarixiy meros ham o‘z ifodasini topgan. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar sulolasi merosi ikki mamlakat tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu davrga oid materiallar Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasida ilm-fan, adabiyot, san’at va me’morchilik sohalarida kechgan o‘zaro ta’sirni chuqurroq anglash imkonini beradi. Mazkur tarixiy bog‘liqliklarni o‘rganish ikki xalqning boy madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va elchi Smita Pant o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatni bog‘lab turgan tarixiy va ilmiy merosni birgalikda tadqiq etish, nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish, qo‘shma nashrlar tayyorlash, shuningdek, muzeylar, kutubxonalar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Hindistonning Rampur Raza va Xuda Baxsh sharq kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk allomalarning ilmiy merosini tadqiq etish hamda Markaziy Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi qadimiy aloqalar tarixini chuqurroq yoritishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, akademik Edvard Rtveladzening «Buyuk Hind yo‘li» asari asosida qadimgi savdo va madaniy aloqalar tarixini yorituvchi qo‘shma ilmiy-nashriy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) amalga oshirayotgan xalqaro nashriyot loyihalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Elchiga «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumi doirasida Hindiston ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda tayyorlangan kitob-alьbomlar taqdim etildi. Hindiston muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi namunalarini jamlagan ushbu nashrlar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tomonlar Hindiston fondlarida saqlanayotgan tarixiy manbalarni yanada kengroq o‘rganish, elchixona ko‘magida kitob-albomlarning navbatdagi jildlarini tayyorlash va nashr etish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi. Bunday qo‘shma tadqiqotlar ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni yangi ilmiy manbalar asosida yoritish va madaniy meros namunalarini xalqaro ilmiy muomalaga kiritish uchun imkoniyat yaratadi.
Elchi Smita Pant tashrif taassurotlari va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, shunday dedi:
«Bu Markazga uchinchi tashrifim va har safar bu yerda yanada ko‘proq vaqt o‘tkazgim keladi. Markazda Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan qarashlari yaqqol namoyon bo‘lgan. Bu maskan nafaqat tarix, balki kelajak haqida hamdir. Tariximiz orqali yosh avlodga bilim berib, ularni mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga tayyorlaymiz. Markaz O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi muhim o‘rnini hamda Hindiston va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini namoyon etadi. Hindiston kutubxonalari bilan hamkorlikda xalqlarimizning tarixiy aloqalarini yorituvchi to‘rt jildlik nashrlar tayyorlangani bu munosabatlarning amaliy natijasidir. Biroq bu hali yakun emas, balki boshlanish — oldimizda birgalikda o‘rganish va xalqlarimizga taqdim etish mumkin bo‘lgan ulkan tarixiy meros hamda yangi hamkorlik imkoniyatlari mavjud».
Elchi Markazning faxriy mehmonlar kitobiga qoldirgan dastxatida ham O‘zbekistonning boy madaniy merosi, Prezident tashabbusining ushbu maskanda o‘z ifodasini topgani va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini qo‘shma ilmiy tadqiqotlar orqali rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Tashrif O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni ilmiy hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari bilan boyitishga xizmat qiladi. Nodir qo‘lyozmalarni birgalikda tadqiq etish, yangi ilmiy nashrlar tayyorlash va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikdagi o‘rnini yanada mustahkamlash uchun zamin yaratadi.






