Qur’oni karim zalidagi taassurot tarixiy tuhfaga aylandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan xorvatiyalik mehmon Nevena Engler Qur’oni karim zalida namoyish etilayotgan noyob mushaflardan katta taassurot oldi. Bu taassurot uni Markaz muzey to‘plamini tarixiy nashr bilan boyitishga undadi.
Kasbi bo‘yicha pulьmonolog shifokor bo‘lgan Nevena Engler Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosiga, ayniqsa, Qur’oni karim zalida taqdim etilgan muqaddas kitob nusxalariga alohida qiziqish bildirdi. Turli davrlarga mansub mushaflarning bir makonda jamlangani, ularning tarixiy va badiiy qiymati mehmonda chuqur taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng u Sarayevo shahrida 1977-yilda nashr etilgan Qur’oni karimning ikki tilli nusxasini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga hadya qildi.
Mehmon tashrif taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi:
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifim menda unutilmas taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Qur’oni karim zalida jamlangan noyob mushaflar, ularning tarixi va badiiy go‘zalligi meni hayratga soldi. Shunda menda o‘zimizdagi Qur’oni karim nashrini ham ushbu Markazga hadya qilish istagi tug‘ildi. Bu bebaho merosni asrab-avaylashga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman».
Mazkur kitob Sarayevo Sharqshunoslik institutining «Maxsus nashrlar» turkumida VII jild sifatida chop etilgan. Unda Qur’oni karimning arab tilidagi asl matni va taniqli sharqshunos Besim Korkut tomonidan serb-xorvat tiliga qilingan tarjima jamlangan.
Nashrning diqqatga sazovor jihatlaridan biri — uning badiiy bezaklaridir. Taniqli rassom Mersad Berber ishlagan tasvirlar va bezaklar kitobning nafaqat diniy-ma’rifiy, balki badiiy qiymatini ham oshiradi.
Xorvatiyalik mehmon taqdim etgan ushbu nashr Bolqon mintaqasida Qur’oni karimni tarjima qilish va nashr etish an’analarini o‘rganish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir. U muqaddas kitobni turli tillarda o‘qish va anglashga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy faoliyat tarixini aks ettiradi.
Nevena Englerning bu ezgu tashabbusi tarixiy merosga bo‘lgan hurmatning amaliy ifodasidir. Bunday tuhfalar Markaz muzey to‘plamini boyitish bilan birga, xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirish va umumiy ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan ehtiromni mustahkamlashga xizmat qiladi.






