Islom sivilizatsiyasi markazi va «Rossiya» milliy markazi madaniy va ilmiy hamkorlikning yangi bosqichini boshladi
2027-yilda Rossiya va O‘zbekistonda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan o‘zaro madaniyat kunlari o‘tkaziladi. Bu boradagi kelishuv O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va «Rossiya» milliy markazi rahbarlari uchrashuvida erishildi.
Ishchi uchrashuv va matbuot brifingi Toshkent shahrida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning madaniy va ilmiy merosini keng targ‘ib etish borasidagi hamkorlik masalalari asosiy mavzu bo‘ldi.
«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va topshiriqlari tufayli bugun bebaho merosimizni asrab-avaylash va uni jahonga namoyon etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Madaniyatimizning boyligi, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro jamoatchilikka ochib bermoqdamiz. YUNESKO maydonida yaqinda o‘tkazilgan tadbirlar buning yorqin tasdig‘idir.
Bugun yana bir muhim qadamni qo‘ydik — Rossiyadagi asosiy hamkorimiz, «Rossiya» milliy markazi bilan birgalikda hamkorlikdagi faoliyatimizning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldik. Bizning vazifamiz — bu sheriklikni aniq loyihalar bilan boyitish. Ular orqali chuqur tarixiy ildizlarga ega ikki mamlakat xalqlari bir-birining madaniyatini yanada teranroq anglab, kelajak avlodlar uchun o‘zaro aloqalarni mustahkamlashi mumkin.
O‘zbekiston kunlarini Rossiyada o‘tkazish taklifi uchun «Rossiya» milliy markaziga minnatdorlik bildiramiz. O‘z navbatida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi maydonida ham o‘zaro madaniyat kunlarini tashkil etishni taklif qilamiz. Shuningdek, ushbu kunlar doirasida rossiyalik hamkasblarimizni O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga taklif etishdan mamnun bo‘lamiz. Bu ularga islom sivilizatsiyasining bebaho merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi», — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Rossiya tomoni O‘zbekiston kunlarini 2027-yil mart oyida Moskva shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Buning uchun «Rossiya» milliy markazi o‘z maydonlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
«Rossiya va O‘zbekiston do‘stligi yuzlab yillik mushtarak tarix, madaniyat va yutuqlarga asoslangan. Prezidentimiz Vladimir Vladimirovich Putin doimo ta’kidlaganidek, har bir yutuq ortida eng muhim omil — insonlar turadi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ham, avvalo, mushtarak an’anaviy qadriyatlar birlashtirgan insonlar o‘rtasidagi aloqalardir.
O‘zaro madaniyat kunlari doirasida biz uchun eng muhimi — o‘tmishni yodga olish va asrab-avaylash bilan birga, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning kelajagi, amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan aniq loyihalar haqida ham so‘z yuritishdir. Hamkorligimizning eng avvalo, aniq natijalar berishi muhim.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston kunlarini 2027-yil mart oyida Moskva shahridagi «Rossiya» milliy markazida o‘tkazishga taklif etamiz. Ikki madaniyat — Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida samimiy va ayni paytda samarali muloqotni ta’minlash uchun barcha maydonlarimiz va imkoniyatlarimizni taqdim etishga tayyormiz», — dedi «Rossiya» milliy markazi bosh direktori Natalya Virtuozova.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar. O‘zaro madaniyat kunlarini «Umumiy tarixdan — umumiy kelajak sari» shiori ostida o‘tkazish taklif etildi.
Shuningdek, 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan Rossiya–O‘zbekiston hamkorligining uch yillik «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga ikki mamlakatning yetakchi ekspertlari, olimlari va mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ilmiy, madaniy, muzey va media loyihalari bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish joriy yilning noyabr–dekabr oylarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlar va ekspertlar uchrashuvlari doirasida rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar uzoq muddatli hamkorlik dasturining asosini tashkil etib, uni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.






