Euronews: "Samarqanddan Parijgacha — Markaziy Osiyoning ilmiy merosini asrab-avaylash"
Yevropa va xalqaro auditoriyaga axborot yetkazib beruvchi yirik media tarmoqlardan biri — Euronews Markaziy Osiyoning boy ilmiy merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib etish borasida O‘zbekiston amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarni yoritdi. Maqolada Parijdagi YUNESKO qarorgohida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya, buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining noyob qo‘lyozmalarni o‘rganish, madaniy merosni raqamlashtirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Buyuk Ipak yo‘li allomalaridan Toshkentdagi yangi ilmiy-tadqiqot muassasalarigacha — O‘zbekiston tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazishga intilmoqda. Parijdagi YUNESKO qarorgohida jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shilgan hissa va umumiy madaniy merosning ahamiyatini muhokama qilish uchun mutaxassislar jam bo‘ldi.
Asrlar davomida Markaziy Osiyo ilmiy kashfiyotlar, intellektual faoliyat va madaniy almashinuvlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlar muhim bilim markazlariga aylanib, Ipak yo‘li bo‘ylab intellektual an’analarni bog‘lagan hamda matematika, astronomiya, tibbiyot va diniy tafakkur rivojiga hissa qo‘shgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot muassasalari, muzey kolleksiyalari, raqamli texnologiyalar va akademik hamkorlik orqali ushbu merosni xalqaro auditoriya uchun yanada ochiq va ommabop qilishga intilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlar 7-oktabr kuni Parijdagi YUNESKO qarorgohida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada muhokama qilindi. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, tadbirda olimlar, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini o‘z ichiga olgan 300 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan mamlakatning YUNESKO huzuridagi Doimiy delegatsiyasi, YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Tashqi ishlar vazirligi hamda qator ilmiy va madaniy muassasalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur tashabbusning ildizlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan keng qamrovli sa’y-harakatlarga borib taqaladi. O‘shanda davlat rahbari Markaziy Osiyoning intellektual merosini xalqaro miqyosda kengroq e’tirof etishga chaqirib, ta’lim va diniy bag‘rikenglikning ahamiyatini ta’kidlagan edi.
Prezident 2025-yil sentyabr oyida BMTda so‘zlagan navbatdagi nutqida mintaqa buyuk olimlarining ilmiy va ma’naviy merosini nufuzli xalqaro maydonlarda taqdim etishni taklif qildi. Parijdagi konferensiya, shuningdek, Nyu-York va Jenevadagi BMT muassasalarida o‘tkazilgan taqdimotlar ushbu dasturning bir qismiga aylandi.
Markaziy Osiyoning intellektual merosi
Muhokamalarning katta qismi tarixda Movarounnahr nomi bilan tanilgan, Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan, hozirgi O‘zbekiston hududining asosiy qismini hamda Markaziy Osiyoning qo‘shni davlatlariga qarashli ayrim hududlarni qamrab olgan mintaqaga bag‘ishlandi.
Ushbu zamin islom olami va undan tashqaridagi intellektual an’analarga ta’sir ko‘rsatgan asarlar muallifi bo‘lgan ko‘plab allomalarning vatani yoki ilmiy faoliyat yuritgan maskani hisoblanadi.
Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi (IRCICA) bosh direktori Mahmud Erol Qilich o‘z nutqida Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino va Beruniyning ilmiy merosiga alohida to‘xtaldi.
Ularning asarlari matematika, tibbiyot, falsafa va diniy ilmlar turli mintaqalar o‘rtasidagi bilim almashinuvi orqali rivojlangan ilmiy an’analarni aks ettiradi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Ahmad Nizami ham mintaqaning tarixiy yodgorliklari ijodiy yutuqlar va madaniy almashinuvlarning keng qamrovli tarixidan dalolat berishini ta’kidladi.
«Sivilizatsiyalar bir-biridan ajralgan holda rivojlanmaydi. Biz bir-birimizni o‘zaro boyitamiz. Bu g‘oyani odamlarga yetkazish kerak, toki ular bizni ajratib turadigan jihatlarga nisbatan mushtarakliklarimiz ancha ko‘p ekanini anglasinlar», — dedi Islom hamkorlik tashkiloti vakili Salima Dalibey Euronews nashriga bergan intervьyusida.
YUNESKOning «Ipak yo‘llari» dasturi direktori Mehrdad Shabahang Markaziy Osiyoning umumiy tarixiy merosini o‘rganish va hujjatlashtirishda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda shunga o‘xshash muassasalarning o‘rniga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, bunday markazlar mushtarak o‘tmish va tarixni aniqlash, hujjatlashtirish hamda keng ommalashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ham ushbu merosning xalqaro ahamiyatini ta’kidladi.
«Madaniy meros va buyuk ajdodlarimiz butun dunyoga tegishli», — dedi u Euronews nashriga.
Muzeydan ko‘ra kengroq maskan
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu yo‘nalishda muhim o‘rin tutadi. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, uning muzey ekspozitsiyalari hozirgi O‘zbekiston hududidagi 3 ming yildan ortiq tarixni qamrab oladi.
Markaz faoliyati noyob qo‘lyozmalar va tarixiy artefaktlarni o‘rganish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni osonlashtirish hamda kolleksiyalarni keng auditoriya uchun ochiq qilish maqsadida raqamli texnologiyalardan foydalanishni o‘z ichiga oladi.
Firdavs Abduxoliqov Markazning vazifasi tarixiy buyumlarni namoyish etish bilangina cheklanmasligini ta’kidladi.
«Bu shunchaki chiroyli, ulkan bino va muzey emas. Bu ilmiy-ta’limiy faoliyat uchun yirik maydon», — dedi u.
Temuriylar tarixi va san’ati bo‘yicha mutaxassis Frederik Bopertyui-Bressan muzeyni tadqiqotchilar va tashrif buyuruvchilar uchun qimmatli manba sifatida baholadi.
«Nihoyat, madaniyat munosib e’tiborga sazovor bo‘lmoqda. Biz ushbu buyumlarni ko‘rishimiz, ularga qo‘l tegizishimiz va o‘rganishimiz mumkin», — dedi u.
Shuningdek, kolleksiyalardan foydalanish imkoniyati tarixni yanada chuqurroq tadqiq etish uchun yangi imkoniyatlar ochishini qo‘shimcha qildi.
Markaz Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarini ham o‘z ichiga olgan ixtisoslashgan muassasalarning keng tarmog‘i bilan ham bog‘liq.
Al-Furqon islom merosi jamg‘armasi boshqaruv direktori Soli Shahsivari bunday muassasalar tarmog‘ining kengayishini qo‘llab-quvvatlab, ular mintaqa madaniy merosiga yanada ko‘proq e’tibor qaratishga yordam berishini ta’kidladi.
Parijdagi uchrashuvda xalqaro ilmiy hamkorlik imkoniyatlari, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, tarixiy manbalarni raqamlashtirish va akademik muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Markaz, shuningdek, madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etishda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Muhokamalar ishtirokchilari umumiy madaniy merosni chuqurroq anglash turli jamiyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini ham muhokama qildilar.
«Biz nafrat tili juda tez tarqalayotgan davrda yashayapmiz. Shuning uchun uchrashish, suhbatlashish, fikr almashish va muloqot qilish uchun bunday imkoniyatlar odamlarga bir-birini yaxshiroq tushunishga yordam beradi hamda tinchlik madaniyati uchun poydevor yaratadi», — dedi Islom hamkorlik tashkiloti vakili Salima Dalibey Euronews nashriga bergan intervьyusida.






