Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan O‘zbekistonga tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi. Yuqori martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohlik qildi.
Ularni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. Mehmon Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlari, buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi, hamda mamlakat tarixining muhim sahifalariga oid materiallarni ko‘zdan kechirdi.
Markaz foyesidagi 14 ta ravoqda joylashtirilgan allomalar va tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan kompozitsiyalar ham tashrifning muhim qismlaridan biri bo‘ldi. Ushbu kompozitsiyalar orqali mintaqamizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va tarixiy shaxslarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi namoyon etilgan. Ushbu freskalar 110 xil rangdagi mikromozaika toshlari yordamida qo‘l kuchi bilan, aynan Xitoy xalq respublikasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlangani ta’kidlandi.
Islomgacha bo‘lgan davr ekspozitsiyasida Qadimgi Farg‘ona — Davan mamlakati va Xitoy o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, qadimda Farg‘ona vodiysida yetishtirilgan mashhur “samoviy otlar” Xitoyda ham katta qiziqish uyg‘otgani haqida ma’lumot berilgan. Xitoy hukmdorlari ushbu otlarni qo‘lga kiritish maqsadida Davanьga bir necha bor elchilar yuborgani qayd etildi. Farg‘ona otlarining tasvirlari So‘g‘d liboslari va idish-tovoqlarida, shuningdek, qadimgi Xitoydan topilgan tasviriy san’at namunalarida ham uchrashi ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy aloqalar ko‘lamini ko‘rsatadi.
Ekspozitsiyada Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati ham yoritilgan. Xitoyning choy, qog‘oz, ipak va chinni kabi mahsulotlari Markaziy Osiyo shaharlari orqali G‘arb bozorlariga yetkazilgan. Bu yo‘l nafaqat savdo-sotiq, balki madaniyat, bilim va tajriba almashinuvi uchun ham muhim ko‘prik vazifasini bajargan.
Mehmon, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek davriga oid kulolchilik namunalari bilan tanishdi. Mutaxassislar ushbu buyumlar Xitoy chinnilari ta’sirida, ularga taqlidan yaratilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladilar. Shohrux Mirzo davrida Xitoyga yuborilgan elchi va G‘iyosiddin Naqqoshning safariga oid tarixiy ma’lumotlar ham ikki mintaqa o‘rtasidagi diplomatik va madaniy munosabatlarning uzoq tarixga ega ekanini ko‘rsatadi.
Bibixonim obrazi va uning liboslari bilan bog‘liq ekspozitsiya ham mehmonda katta taassurot qoldirdi. Ushbu bo‘limda o‘zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi, milliy an’analari va o‘tmishdagi yuksak badiiy didi aks etgan.
“Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi bilan tanishuv chog‘ida janob Li Syan mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi yangilanishlarni aks ettiruvchi materiallarga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur bo‘limdagi sensorli panellarda ma’lumotlarning xitoy tilida ham taqdim etilgani xitoylik mehmonlarga O‘zbekistondagi islohotlar bilan o‘z tillarida tanishish imkonini beradi.
Tashrif yakunida Li Syan Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi:
“Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va tajriba almashinuvi, dunyo madaniyatlari o‘rtasidagi do‘stlik yo‘lida”.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vazirining Markazga tashrifi O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy-madaniy aloqalar, o‘zaro anglashuv va do‘stlikni mustahkamlashda umumiy sivilizatsion merosning ahamiyatini namoyon etdi.






