Bolalar buyuk allomalar olamini kashf etmoqda: UNICEF vakili Islom sivilizatsiyasi Markazining yangi tajribasini e’tirof etdi
Bolalar tarixni faqatgina kitoblardan o‘qib emas, balki interaktiv ekspozitsiyalar, tajribalar va zamonaviy texnologiyalar orqali ham kashf etishi mumkin. BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Eduard Begbeder O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida bolalar uchun yaratilgan ta’limiy muhitni e’tirof etib, bunday maskan haqida xalqaro miqyosda ko‘proq insonlar bilishi muhimligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazga tashrif buyurgan delegatsiyaga muassasa direktori Firdavs Abduxoliqov hamrohlik qildi. Mehmonlar bolalar uchun mo‘ljallangan interaktiv ekspozitsiya, muzey zallari va Markazning tarixiy-madaniy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali namoyish etishga qaratilgan yondashuvlari bilan tanishdilar.
Tashrifning diqqat markazida bolalar va o‘smirlarda tarixga qiziqish uyg‘otish, mustaqil fikrlashni rag‘batlantirish hamda bilim olish jarayonini qiziqarli va interaktiv tajribaga aylantirish masalalari bo‘ldi.
Tashrif dasturi Markazning bolalar ekspozitsiyasi bilan tanishuvdan boshlandi. To‘rtta mavzuli bo‘lim va 15 dan ortiq interaktiv manbani o‘z ichiga olgan mazkur makonda tarix, ilm-fan va ijodkorlik o‘zaro uyg‘unlashtirilgan.
Buyuk allomalarning bolalik qiyofasida yaratilgan interaktiv avatarlar, animatsion namoyishlar va amaliy tajriba maydonchalari bolalarga tarixiy shaxslar hayoti va ilmiy kashfiyotlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bu yerda bilim olish jarayoni oddiy ma’lumotni qabul qilish bilan cheklanmay, bolalarning faol ishtiroki, kuzatuvi va tajribasiga asoslanadi.
Eduard Begbeder bolalar bir vaqtning o‘zida o‘ynashi, o‘rganishi va yangi bilimlarni kashf etishi uchun yaratilgan sharoitlarni alohida e’tirof etdi. Uning fikricha, bolalar, o‘smirlar va ota-onalar birgalikda tarix va madaniyatni o‘rganishi mumkin bo‘lgan do‘stona muhit bunday maskanning muhim jihatlaridan biridir.
«Men juda katta taassurot oldim. Bu yerda nafaqat O‘zbekiston tarixi, balki uning madaniyatini ham chuqurroq anglash mumkin. Ekspozitsiyalar shunday tashkil etilganki, tashrif buyuruvchi tarixni interaktiv tarzda kashf etadi. Bilim olish jarayoni o‘ziga xos sayohatga aylanib, tarixiy merosni insonga yanada yaqinlashtiradi. Ayniqsa, UNICEF vakili sifatida Markazning bolalar uchun qulay va do‘stona muhitga ega ekanini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu yerda bolalar, o‘smirlar va ota-onalar birgalikda tarix va madaniyatni o‘rganish imkoniyatiga ega. O‘z o‘tmishini yaxshiroq bilish kelajakni barpo etish uchun muhimdir. Bunday maskan haqida dunyo bo‘ylab yanada ko‘proq insonlar bilishi va unga tashrif buyurishi muhim, deb hisoblayman», — dedi UNICEFning mintaqaviy direktori.
Delegatsiya tashrifning keyingi qismida Markazning asosiy muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Mehmonlarga Markaziy Osiyoda shakllangan uch ming yillik tarixiy-madaniy meros, mintaqadan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda tarixiy jarayonlarni zamonaviy interaktiv yechimlar orqali yoritish usullari namoyish etildi.
Delegatsiya rahbari Qur’oni karim zalida namoyish etilayotgan qadimiy mushaflar, jumladan, Hazrati Usmonga nisbat beriladigan Qur’on qo‘lyozmasi bilan ham tanishdi. Qo‘lyozmalarni asrab-avaylash, ularning tarixiy ahamiyatini namoyon etish va kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan yondashuvlar mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Begbeder Markazdagi tajriba tarixiy merosni shunchaki namoyish etishdan tashqari, uni insonga yaqin va tushunarli shaklda taqdim etish imkonini berishini ta’kidladi.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan muloqotda bolalar ta’limi, tarixiy-madaniy merosni yosh avlodga yetkazish va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda interaktiv ta’lim muhitini rivojlantirish, bolalar va o‘smirlarning tarix, madaniyat hamda ilm-fanga qiziqishini oshirish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy tashabbuslar orqali xalqaro tajriba almashish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar bolalarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qiladigan ta’limiy yondashuvlar va Markazning ilmiy-ma’rifiy salohiyatidan foydalanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.






