Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kengashida xalqaro taqdimotlar va ilmiy hamkorlikning ustuvor vazifalari muhokama qilindi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va topshiriqlari asosida Markaz taqdimotlarini dunyoning 55 ta davlatida tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, xalqaro anjumanlarga tayyorgarlik hamda yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Kengash a’zolari, yetakchi olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro taqdimotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — Yangi O‘zbekistonda ilm-fan, madaniyat, ta’lim va diniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni jahon jamoatchiligiga tanitish, buyuk ajdodlarimizning insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Shu munosabat bilan 7-oktabr kuni Parij shahridagi YUNESKO Bosh qarorgohida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiya va Markaz taqdimotining natijalari sarhisob qilindi. Nufuzli anjumanda turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, diplomatlar va xalqaro ekspertlarga Movarounnahrning boy ilmiy-ma’naviy merosi, buyuk allomalarimizning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda O‘zbekistonda ushbu merosni o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Tadbirning Euronews telekanali orqali keng yoritilgani, CNN bilan hamkorlikda axborot materiallari tayyorlanayotgani ham qayd etildi.
Parijdagi taqdimotning davomi sifatida 22-oktabr kuni BMTning Jenevadagi bo‘limida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Anjuman doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, yil yakuniga qadar Ozarbayjon, Qatar, Ummon, Turkiya va Iordaniyada o‘tkaziladigan taqdimotlarga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Ozarbayjondagi xalqaro kitob yarmarkasi va Bokudagi Mug‘om markazida Markazning ilmiy nashrlari, miniatyuralar hamda madaniy meros namunalarini namoyish etish rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar doirasida xorijiy hamkorlar bilan yangi ilmiy tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Ilmiy kengash kun tartibidagi muhim masalalardan yana biri — Olimlar forumi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning navbatdagi xalqaro kongressini tashkil etish bo‘ldi.
Yil yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur anjumanlarda mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar hamda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yangi ilmiy g‘oyalarni shakllantirish, istiqbolli tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning natijalarini Markaz faoliyatiga tatbiq etishga ustuvor ahamiyat beriladi. Shuningdek, ilmiy muassasalar, muzeylar va kutubxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilmoqda.
Yig‘ilishda Prezidentimiz topshiriqlari asosida Markazda shakllantirilayotgan xalqaro ilmiy platformani rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur yo‘nalishda xorijiy davlatlar bilan 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritalarini ishlab chiqish, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli ilmiy loyihalarni bosqichma-bosqich qo‘llab-quvvatlash vazifalari muhokama qilindi. Bunda xalqaro taqdimotlar natijalarini uzoq muddatli ilmiy hamkorlik dasturlariga aylantirish va ularning amaliy samaradorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Markazning ilmiy-nashriyot faoliyati doirasida nashrga tayyorlanayotgan 104 ta kitob loyihasini maxsus ekspertlar guruhi tomonidan qayta ko‘rib chiqish, ularning ilmiy mazmuni va sifatini baholash hamda nashrga tayyorlash ishlarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mazkur loyihalarning 8 tasi bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingani ma’lum qilindi.
Ilmiy kengashda jadid ma’rifatparvarlari merosini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning jadidlar merosini chuqur o‘rganish va ularning tarixiy xizmatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslari doirasida Islom sivilizatsiyasi markazida jadidlar avlodlari ishtirokida ilmiy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda jadidchilik harakati namoyandalarining milliy uyg‘onish, ilm-fan va ta’lim taraqqiyotidagi o‘rni muhokama qilinib, ularning hayoti va faoliyatiga oid yangi tarixiy ma’lumotlar, oilaviy xotiralar bilan o‘rtoqlashildi.
Uchrashuv natijasida Markazda jadidlarga bag‘ishlangan alohida muzey ekspozitsiyasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Shu maqsadda jadidlar avlodlari bilan hamkorlikda oilaviy arxivlarda saqlanayotgan noyob tarixiy ashyolar, hujjatlar va boshqa materiallarni to‘plash hamda kelgusi olti oy davomida maxsus ekspozitsiyani shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilish yakunida xalqaro taqdimotlar va ilmiy anjumanlarga tayyorgarlikni jadallashtirish, hamkorlik yo‘l xaritalarini ishlab chiqish hamda yangi tadqiqot va nashr loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
Mazkur ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilm-fan, ma’rifat va madaniy merosni asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslari doirasida amalga oshirilib, Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy hamkorlik platformasi sifatidagi faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.





