O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi BRIKS + ilmiy-texnologik muzeylar alyansiga qabul qilindi
2026-yil 15–17 oktabr kunlari Moskva shahridagi «ATOM» muzeyida o‘tkazilgan Discover ATOM III xalqaro turizm forumi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi BRIKS+ ilmiy-texnologik muzeylar alyansiga qo‘shildi.
«Ilm-fan — kelajak insonining muloqot tili» mavzusidagi forumda turli mamlakatlarning muzey va ilmiy muassasalari rahbarlari, turizm sohasi mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Anjumanda ilmiy turizmni rivojlantirish, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni muzey faoliyatiga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Forumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva ma’ruza va taqdimot bilan ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va uni zamonaviy texnologiyalar asosida keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Forum doirasida BRIKS+ ilmiy-texnologik muzeylar alyansiga 12 ta yangi muassasa, jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qabul qilindi. Shuningdek, alyansning 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasi muhokama qilinib, mutaxassislar almashinuvi, qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalar va xalqaro ilmiy turizmni rivojlantirish yo‘nalishlari belgilab olindi.
Markazning mazkur xalqaro alyansga qo‘shilishi xorijiy muzeylar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-ma’rifiy tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish hamda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.






