Toshkentda Abu Ali ibn Sino merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tadi
2026-yil 22-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va hamkor tashkilotlar tomonidan buyuk qomusiy olim, mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning jahon ilmiy va falsafiy tafakkuri rivojidagi beqiyos o‘rniga bag‘ishlangan «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
Abu Ali ibn Sino nafaqat Sharq ilm-fani va falsafasining yirik namoyandasi, balki jahon intellektual taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan qomusiy allomalardan biridir. Uning falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa ilm sohalariga oid asarlari asrlar davomida turli xalqlar va sivilizatsiyalar ilmiy tafakkurining rivojlanishida muhim o‘rin tutgan.
Allomaning borliq, inson, bilim, aql va tabiat haqidagi qarashlari bugun ham ilmiy izlanishlar uchun muhim ahamiyatga ega. Uning merosi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ilmiy-falsafiy muloqot, bilimlar almashinuvi va intellektual hamkorlik tarixini o‘rganishda alohida o‘rin tutadi.
Mazkur konferensiyadan ko‘zlangan maqsad Ibn Sinoning boy ilmiy-falsafiy merosini zamonaviy tadqiqotlar asosida chuqur o‘rganish, uning jahon ilm-fani va falsafasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yoritish, shuningdek, alloma asarlarini saqlash, tadqiq etish va kelajak avlodlarga yetkazishning dolzarb masalalarini muhokama qilishdan iborat.
📚 Konferensiya doirasida quyidagi asosiy yo‘nalishlar muhokama qilinadi:
🔹 Ibn Sinoning falsafiy ta’limoti va borliq falsafasi. Allomaning borliq, mohiyat, sababiyat, aql va bilish nazariyasiga oid qarashlari, ularning Sharq va G‘arb falsafiy tafakkuri rivojiga ta’siri.
🔹 Ibn Sino tibbiyot falsafasi va nazariyasi. Allomaning tibbiy qarashlari, inson organizmi va salomatligiga oid ilmiy yondashuvlari hamda uning tibbiyot ilmi taraqqiyotidagi o‘rni.
🔹 Ibn Sinoning falsafiy merosiga oid qo‘lyozma manbalar. Alloma asarlarining qo‘lyozma nusxalarini o‘rganish, ularni ilmiy muomalaga kiritish, saqlash va tadqiq etish bilan bog‘liq masalalar.
🔹 Ibn Sino merosini raqamlashtirish va raqamli manbashunoslik istiqbollari. Zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, elektron ilmiy manbalarni shakllantirish va alloma merosidan keng foydalanish imkoniyatlari.
Konferensiya olimlar, falsafashunoslar, tarixchilar, tibbiyot tarixi tadqiqotchilari, manbashunoslar, qo‘lyozmashunoslar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ilmiy izlanishlari bilan o‘rtoqlashish, fikr almashish hamda yangi ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Konferensiya o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi. Ishtirokchilarning ma’ruzalari uchun 10 daqiqa vaqt ajratiladi.





