BMT raisi Xalilur Rahmon: «Bu — O‘zbekiston prezidentining butun insoniyatga tuhfasi»
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi Xalilur Rahmon boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon Markazning tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va jahon hamjamiyatiga taqdim etish borasidagi faoliyatiga yuksak baho berdi. Tashrif doirasida BMT bilan ilmiy-ma’rifiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Delegatsiyani Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. U mehmonlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning tashkil etilish tarixi, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, noyob eksponatlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari «Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari», «Birinchi Renessans», «Ikkinchi Renessans» hamda «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans» ekspozitsiyalari bilan tanishdilar. Ularda O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, buyuk allomalarning jahon ilm-fani va madaniyatiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, mamlakatning bugungi taraqqiyot bosqichi aks ettirilgan.
Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davriga bag‘ishlangan Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasi Xalilur Rahmonda katta qiziqish uyg‘otdi. U xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’on qo‘lyozmasi fragmenti hamda temuriy shahzoda Ibrohim Sulton qalamiga mansub, oltin suvi bilan bezatilgan Qur’on nusxasini ko‘zdan kechirdi. Mehmonga temuriylar davrida ilm-fan, adabiyot va kitobat san’atining rivojlanishi, mazkur qo‘lyozmalarning badiiy va tarixiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Qur’oni karim zalida delegatsiya Hazrati Usmon mus'hafi va turli davrlarga oid Qur’on qo‘lyozmalari bilan tanishdi. Ushbu yozma yodgorliklarni asrab-avaylash, o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlar mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
Markazda qo‘llanilayotgan zamonaviy interaktiv texnologiyalar ham delegatsiyada qiziqish uyg‘otdi. Xalilur Rahmon Amir Temurning interaktiv obrazini shaxsan sinab ko‘rib, tarixiy merosni innovatsion usullar orqali o‘rganish imkoniyatlari bilan tanishdi.
Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishgan BMT Bosh Assambleyasi raisi tarixiy merosning taqdim etilishi, eksponatlarning tanlanishi va har bir davrni yoritishdagi puxta yondashuvga yuksak baho berdi.
«Men Markaz ekspozitsiyalaridan nihoyatda katta taassurot oldim. Har bir tarixiy davrning puxta yoritilgani, har bir eksponatning nihoyatda sinchkovlik bilan tanlangani tahsinga sazovor. Bu — Prezident Shavkat Mirziyoyevning butun insoniyatga qilgan buyuk tuhfasidir. U bizning umumiy o‘tmishimizni bugungi kunga olib chiqib, uni kelajakka yo‘l ko‘rsatuvchi manbaga aylantirdi.
O‘zbekiston qadimdan Buyuk ipak yo‘lining markazida turgan. Boburiylar sulolasi ham aynan shu zamindan kelib chiqqan. O‘z davrida bu hudud jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Bugun O‘zbekiston ilm-fan, san’at, falsafa va tibbiyot sohalarida jahon taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini yana butun dunyoga namoyon etmoqda. Bu — haqiqiy Renessans. Prezident Shavkat Mirziyoyev nafaqat O‘zbekiston, balki islom sivilizatsiyasi uchun ham Uchinchi Renessans g‘oyasini ilgari surayotganidan juda mamnunman», — dedi Xalilur Rahmon.
Tashrif doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarda o‘zaro ishtirok etish, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xalilur Rahmon bu borada BMT Sivilizatsiyalar alyansining imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratib, O‘zbekistonning tarixan turli dinlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘zaro muloqot qilgan muhim makon ekanini ta’kidladi.
«BMTning Sivilizatsiyalar alьyansi turli mamlakatlar va e’tiqod vakillarini birlashtiradi. O‘zbekiston ham tarixan turli dinlar va madaniyatlar uchrashgan muhim markaz bo‘lgan. Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Men o‘z raisligim davrida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida yanada yaqin hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashaman», — dedi u.
Tashrif so‘ngida Xalilur Rahmon Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi. Unga VIII asrga mansub Katta Langar Qur’onining faksimile nashri hamda maxsus kumush tanga esdalik sovg‘alari sifatida taqdim etildi.
Mazkur tashrif O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy va madaniy muloqot maydoni sifatidagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Tashrif davomida muhokama qilingan masalalar BMT bilan hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasidagi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab berdi.






