O‘zbekiston va Koreya tarixiy merosni raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqchi
Tarixiy obidalar va noyob artefaktlarni saqlash bugun ularni raqamli texnologiyalar yordamida hujjatlashtirish, virtual rekonstruksiya qilish va yangi avlod uchun interaktiv tarzda taqdim etishni ham taqozo etmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, Koreya Milliy meros universiteti ekspertlari bilan madaniy boyliklarni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Koreya Milliy meros universiteti ekspertlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida Markaz ekspozitsiyalari, tarixiy artefaktlarni namoyish etish usullari va raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan mulьtimedia kontentlari bilan yaqindan tanishdi.
Ekskursiyadan so‘ng Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda madaniy merosni raqamli hujjatlashtirish, tarixiy buyumlarning virtual rekonstruksiyasini yaratish, ilmiy ma’lumotlarga asoslangan raqamli kontent ishlab chiqish hamda ushbu yo‘nalishlarda xalqaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Koreya Milliy meros universiteti Raqamli meros va madaniy texnologiyalar kafedrasi dotsenti, falsafa doktori Yu Jongmin Markaz ekspozitsiyalarida tarixiy meros va zamonaviy texnologiyalar o‘zaro uyg‘unlashganiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bunday yondashuv tashrif buyuruvchilarga nafaqat tarixiy buyumlarni ko‘rish, balki ularning kelib chiqishi, yaratilgan davri va madaniy ahamiyatini ham chuqurroq anglash imkonini beradi. Ekspert Markazning tashkil etilishi va xalqaro miqyosdagi ahamiyatiga ham to‘xtalib, uning ko‘lami bilan bir qatorda, tarixiy merosni zamonaviy usullarda o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish uchun yaratayotgan imkoniyatlarini e’tirof etdi. Yu Jongminning ta’kidlashicha, Koreya Milliy meros universiteti O‘zbekistondagi Madaniy meros agentligi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan aniq amaliy natijalarga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
«Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali taqdim etishning o‘ziga xos yondashuvini ko‘rdim. Ayniqsa, asl artefaktlar va raqamli kontentning bir-birini to‘ldirishi menda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda tashrif buyuruvchi nafaqat tarixiy buyumni ko‘radi, balki uning tarixi, yaratilish davri va madaniy ahamiyati haqida ham tasavvurga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va bevosita e’tibori bilan barpo etilgan Markazning Ginness rekordlar kitobiga kiritilgani uning ko‘lami va xalqaro ahamiyatini namoyon etadi. Menimcha, bu maskanning qadri nafaqat ulkan ekspozitsiyasida, balki boy tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar yordamida anglash va o‘rganish uchun yaratayotgan imkoniyatlarida hamdir.
Biz O‘zbekistondagi Madaniy meros agentligi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda aniq amaliy natijalarga erishishni maqsad qilganmiz. Xususan, fondlarda saqlanayotgan tarixiy artefaktlarni raqamli hujjatlashtirish, ularning virtual rekonstruksiyasini yaratish va ilmiy ma’lumotlar asosida yangi raqamli kontentlar ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash niyatimiz bor.
Buning uchun, avvalo, umumiy maqsadlar va ustuvor vazifalarni qamrab olgan yo‘l xaritasini ishlab chiqish muhim. Kelgusida Markaz bilan shu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz», — dedi Koreya Milliy meros universiteti vakili.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Koreya Milliy meros universiteti ekspertlari o‘rtasidagi muloqot ana shu imkoniyatlarni o‘rganish, ilmiy salohiyatni birlashtirish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.
Tomonlar uchun keyingi muhim vazifa — muhokama qilingan takliflarni aniq ustuvor yo‘nalishlar, amaliy vazifalar va hamkorlik yo‘l xaritasiga aylantirishdir. Bu esa tarixiy merosni asrash, uni chuqur o‘rganish va zamonaviy texnologiyalar orqali xalqaro miqyosda kengroq tanitishga qaratilgan yangi loyihalar uchun zamin yaratishi mumkin.






