Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning boy tarixiy merosini namoyon etmoqda
«Raqamli sheriklik: sun’iy intellekt va yangi avlod ma’lumotlar iqtisodiyoti» nomli uchrashuvning 15 nafar ishtirokchisi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar ekspozitsiyalar orqali O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida erishilgan yuksak yutuqlar, buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan noyob manbalar haqida ma’lumot oldilar. Ular tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar asosida namoyish etilishiga ham alohida e’tibor qaratdilar.
Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi huzuridagi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori Sun Chjuanchji Markaz ekspozitsiyalari, me’moriy yechimlari va tarixiy merosni zamonaviy usullarda taqdim etish tajribasi unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida gapiradigan bo‘lsam, uning ekspozitsiyalari va o‘ziga xos yechimlari menda katta taassurot qoldirdi. Markaz, bir tomondan, O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixini yorqin aks ettirsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning mintaqaviy va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etadi.
Ushbu Markaz bilan tanishish orqali O‘zbekistonning naqadar boy madaniy merosga, chuqur tarixiy ildizlarga va yuksak sivilizatsiyaviy an’analarga ega ekanini yanada teranroq anglash mumkin. Bu yerda o‘tmish merosi nafaqat tarixiy dalillar orqali namoyon etiladi, balki uning bugungi kun bilan uzviy bog‘liqligi ham ochib berilgan.
Markazning me’moriy yechimlari, ekspozitsiyalar dizayni va zamonaviy taqdimot usullari ham alohida e’tiborga molik. Bu yerda tarixiy meros zamonaviy texnologiyalar va muzeyshunoslikning ilg‘or yondashuvlari bilan uyg‘unlashtirilgan. Natijada tashrif buyuruvchilar O‘zbekiston madaniyati, tarixi va sivilizatsiyaviy taraqqiyoti haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘lishlari mumkin», — dedi Sun Chjuanchji.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bunday tashriflar mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro hamjamiyatga keng tanitish, shuningdek, xalqaro ilmiy-ma’rifiy aloqalar va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.






