O‘zbek tilining yangi imkoniyatlari Islom sivilizatsiyasi markazida muhokama qilindi
Toshkentda o‘zbek tilining raqamli texnologiyalar, zamonaviy ta’lim va jurnalistika bilan uyg‘unlashuvi, shuningdek, milliy ilmiy merosni ona tilida o‘rganish va xalqaro auditoriyaga yetkazish masalalari muhokama qilindi. 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Til, adabiyot va jurnalistika ta’limi: muammo, yechim va istiqbollar” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda kompьyuter lingvistikasi, media savodxonlik, qadimiy qo‘lyozmalarni tadqiq etish va o‘zbek tilini o‘qitishning yangi yondashuvlari diqqat markazida bo‘ldi.
Anjuman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda «Sharq yulduzi» jurnali tahririyati hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir olimlar, tilshunoslar va jurnalistika sohasi mutaxassislarini bir maydonga jamlab, o‘zbek tilining ilm-fan, ta’lim va zamonaviy axborot muhitidagi o‘rnini muhokama qilish imkonini berdi.
Anjumanning e’tiborli jihatlaridan biri tarixiy yozuv madaniyati va zamonaviy texnologiyalarning bir makonda namoyish etilgani bo‘ldi. Ishtirokchilar dastlab «Til va xat san’ati» ko‘rgazmasida o‘zbek yozuvi, xattotlik an’analari va milliy ma’naviy meros namunalari bilan tanishdi. Markazning robot-gidi esa mehmonlarni o‘zbek tilida qutlab, ona tilining tarixiy va madaniy ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Tadbirni Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti prorektori Nozima Muratova kirish so‘zi bilan ochishdi.
Anjumanda davlat tilining media ta’limdagi o‘rni, milliy xotira va ma’naviy merosning til orqali ifodalanishi, turkiy qo‘lyozmalarni tadqiq etish, o‘zbek shevalarini o‘rganish, xorijlik talabalarga o‘zbek tilini o‘qitish va kompyuter lingvistikasi masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, publitsistik matnlarda milliy o‘zlikning aks etishi, media muhitda axborot ta’siri va manipulyasiya mexanizmlari, raqamli axborot iste’moli madaniyati hamda jurnalistika ta’limining dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashildi.
Milliy meros avval o‘zbek tilida o‘rganiladi
Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy merosni ilmiy tadqiqotlar asosida o‘zbek tilida ommalashtirish tajribasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Markazning Ziyorat turizmi ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari nomzodi, dotsent Eldor Ibragimov tarixiy manbalar va muzey eksponatlari haqidagi murakkab ilmiy ma’lumotlarni keng jamoatchilikka tushunarli shaklda yetkazish jarayoni haqida so‘z yuritdi.
Uning ta’kidlashicha, Markazda tarixchilar, etnograflar, manbashunoslar, qo‘lyozmashunoslar va tarjimonlar hamkorligida tayyorlangan ilmiy xulosalar asosida ekspozitsiya matnlari yaratiladi. Bunda dastlab o‘zbek tilida aniq, ravon va dalillarga asoslangan matn ishlab chiqiladi, so‘ng mutaxassislar tomonidan qayta tekshiriladi.
«Juda murakkab jarayon bu ilmiy xulosalar asosida o‘zbek tilida ravon, xalqbop, dalillarga asoslangan matn yaratishdir. Bu matn, avvalo, o‘zbek tilida tayyorlanadi. Olimlarimiz uni qayta ko‘rib chiqib, ilmiy xulosalar to‘liq aks etganini tekshiradilar. Matn takomiliga yetgandan keyin xalqimizga taqdim etiladi. Keyin esa arab, ingliz va rus tillariga tarjima qilinadi», — dedi Eldor Ibragimov.
Ma’ruzachi ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatdagi ziyoratgohlar tarixi haqida 35 ga yaqin ilmiy-ommabop risola loyihasi nashrga tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, muzey gidlari uchun tashrifchilarning yoshi va bilim darajasiga mos matnlar ishlab chiqilmoqda. Bu tarixiy ma’lumotlarni turli auditoriyalarga tushunarli yetkazish imkonini beradi.
Eldor Ibragimov xorijda saqlanayotgan tarixiy manbalarni o‘rganish, ularning asl nusxalari yoki ko‘chirmalarini O‘zbekistonga olib kelish, arab va fors tillaridagi asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishning ilmiy ahamiyatiga ham to‘xtaldi.
O‘zbek tili va zamonaviy media: ta’lim oldida qanday vazifalar turibdi?
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozima Muratova anjumanning tilshunoslik, ta’lim va zamonaviy texnologiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
«Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorligimiz doimiy ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Bu gal O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan muloqotimiz ham aynan shu yerda bo‘lib o‘tdi. Bizga ko‘rsatilgan imkoniyatlar, xattotlik maktabi, hatto robot-gidlarning ham o‘zbek tilida gapirishi talabalarimiz, doktorantlarimiz, magistrantlarimiz va professor-o‘qituvchilarimizni hayratga soldi», — dedi Nozima Muratova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, anjuman oldidan tashkil etilgan ko‘rgazmada robot gidning sof o‘zbek tilida mehmonlarni qarshi olishi ham bugungi kunda o‘zbek tilini zamonaviy yondashuvlar bilan ommalashtirishning bir namunasi. Ya’ni anjumanda kompьyuter lingvistikasi, o‘zbek tilini xorijliklarga o‘qitishning zamonaviy usullari va samarali ta’lim modellarini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarda o‘zbek tilini rivojlantirish faqat an’anaviy tilshunoslik vazifasi emasligi, bu jarayon raqamli texnologiyalar, zamonaviy ta’lim va axborot makoni bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Xususan, jurnalistika ta’limida davlat tilining me’yoriy qoidalariga rioya etish, axborotni aniq va tushunarli yetkazish, media savodxonlikni oshirish hamda milliy tilning raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytirish dolzarb yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqildi.
Anjuman doirasida ko‘tarilgan masalalar o‘zbek tilining tarixiy manbalarni o‘rganish, ilmiy bilimlarni ommalashtirish va zamonaviy media mahsulotlarini yaratishdagi o‘rnini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Bir tomondan, qadimiy qo‘lyozmalarni tadqiq etish va tarjima qilish milliy ilmiy merosni keng auditoriyaga yetkazish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, kompьyuter lingvistikasi, raqamli ta’lim va interaktiv muzey texnologiyalari o‘zbek tilidan foydalanishning yangi yo‘nalishlarini ochmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanning asosiy mazmuni ham ana shu ikki yo‘nalish — tarixiy merosni asrash va davlat tilining zamonaviy texnologiyalar muhitidagi imkoniyatlarini kengaytirish — o‘rtasidagi bog‘liqlikni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.





