Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi rahbari O‘zbekistonning tarixiy merosini asrash ishlariga yuqori baho berdi
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sagintayev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi faoliyatiga yuqori baho berdi.
Baqitjan Sagintayev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markaziy Osiyoning uch ming yillik tarixi, Buyuk ipak yo‘li orqali shakllangan sivilizatsiyalar muloqoti va Sharq allomalarining jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Delegatsiya Markazning «Sivilizatsiyalar — Shaxslar — Kashfiyotlar» konsepsiyasi asosida tashkil etilgan ekspozitsiyalari bilan tanishtirildi. Ularda Markaziy Osiyoda sivilizatsiyalar shakllanishi, ilm-fan taraqqiyoti va turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixi yoritilgan.
Tashrif davomida Baqitjan Sagintayev Buyuk ipak yo‘lining mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy munosabatlar rivojida tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarda Baqtriya, Sug‘d, Xorazm va Farg‘onaning qadimiy tarixi, savdo yo‘llari orqali shakllangan aloqalar va madaniy almashinuv jarayonlari namoyish etildi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans bo‘limlarida esa Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk mutafakkirlarning matematika, astronomiya, tibbiyot va boshqa fanlar taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari Qur’oni karim zalida namoyish etilayotgan qadimiy Usmon mus'hafi, nodir qo‘lyozmalar va ularni saqlash, tadqiq etish hamda kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan ishlar bilan ham tanishdi.
Mehmonlar Markazning me’moriy yechimlari, tarixiy eksponatlar va raqamli texnologiyalar uyg‘unligida yaratilgan ekspozitsiyalariga qiziqish bildirdi. Ayniqsa, turli tarixiy davrlarni yagona konsepsiya asosida namoyish etish yondashuvi delegatsiyada ijobiy taassurot qoldirdi.
Baqitjan Sagintayev Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirib, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi. U Markazning madaniy-ma’rifiy ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alarini almashdilar.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi delegatsiyasining tashrifi Markaziy Osiyo xalqlarini bog‘lab kelgan tarixiy savdo yo‘llari, ilmiy an’analar va madaniy aloqalarning bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu mushtarak merosni ilmiy asosda o‘rganish, saqlash va xalqaro auditoriyaga taqdim etishga qaratilgan faoliyati bilan mintaqaning madaniy-ma’rifiy muloqot maydonlaridan biri sifatida ahamiyat kasb etmoqda.






