Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari Bokuda namoyish etilmoqda
O‘zbekistonning jahon muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan madaniy merosi, Qur’oni karimning tarixiy nusxalari va qadimiy me’moriy bitiklariga bag‘ishlangan ilmiy nashrlar Ozarbayjonning Boku shahrida tashkil etilgan xalqaro kitob yarmarkasida taqdim etilmoqda. 32 mamlakat vakillari ishtirok etayotgan mazkur tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning muallifligida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining ilmiy-ma’rifiy nashrlari orqali mamlakatning ko‘p asrlik tarixi, yozma merosi va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini xalqaro auditoriyaga tanishtirmoqda.
2026-yil 21 oktabr kuni Ozarbayjon poytaxtida XII Boku xalqaro kitob yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Boku Ekspo markazida tashkil etilgan tadbirning xalqaro ko‘rgazma qismi 25 oktyabrga qadar davom etadi. Yarmarka turli mamlakatlardan nashriyotlar, olimlar, mualliflar va madaniyat sohasi vakillarini birlashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida», «O‘zbekistonning 114 Qur’oni», «Tarixiy obidalardagi bitiklar», «Markaziy Osiyo: umumiy meros – umumiy kelajak» va «Uchinchi Renessans» kabi kitoblar yarmarka ishtirokchilari e’tiboriga havola etilmoqda.
Mazkur nashrlar O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy maktablar, qo‘lyozma an’analari, me’moriy yodgorliklar va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shilgan tarixiy hissani turli yo‘nalishlarda yoritadi.
Xususan, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumi xorijiy muzeylar, kutubxonalar va ilmiy muassasalarda saqlanayotgan tarixiy-madaniy boyliklarni o‘rganishga bag‘ishlangan. «O‘zbekistonning 114 Qur’oni» nashri Qur’oni karimning tarixiy nusxalari va qo‘lyozma merosiga e’tibor qaratsa, «Tarixiy obidalardagi bitiklar» me’moriy yodgorliklarda saqlangan yozuvlarning tarixiy va ilmiy ahamiyatini ochib beradi.
«Markaziy Osiyo: umumiy meros – umumiy kelajak» nashri esa Markaziy Osiyo va Ozarbayjon xalqlarini birlashtirgan, umumiy ma’naviy-ma’rifiy merosni asrash va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi hamjihatlik, o‘zaro anglashuv va hamkorlik ramzi sifatida tayyorlangan.
«Uchinchi Renessans» nashrida esa O‘zbekistonning ilmiy-ma’rifiy taraqqiyoti, tarixiy merosi va zamonaviy rivojlanish g‘oyalari yoritiladi.
Ushbu kitoblarning xalqaro maydonda namoyish etilishi O‘zbekistonning tarixiy manbalari va ilmiy tadqiqotlarini xorijiy mutaxassislar, nashriyotlar hamda keng kitobxonlar auditoriyasiga yetkazish imkonini bermoqda.
XII Boku xalqaro kitob yarmarkasida 32 mamlakatdan 59 ta xorijiy hamda 148 ta mahalliy nashriyot va tashkilot ishtirok etmoqda.
Tadbir dasturidan kitob taqdimotlari, mualliflar bilan uchrashuvlar, ilmiy konferensiyalar va nashriyot sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muloqotlar o‘rin olgan.
Yarmarka O‘zbekistonda tayyorlanayotgan ilmiy, adabiy va ma’rifiy nashrlarni xalqaro kitob bozoriga tanitish, xorijiy nashriyotlar bilan tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalar uchun hamkorlar topish imkoniyatini yaratmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur xalqaro tadbirdagi ishtiroki milliy madaniy merosni ilmiy nashrlar orqali targ‘ib etish va uni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazish borasidagi faoliyatining davomidir.
Boku xalqaro kitob yarmarkasi dasturida tarixiy qo‘lyozmalar, xattotlik san’ati va yozma merosni asrab-avaylash masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, «Xattotlik va qo‘lyozmalar: yozuv go‘zalligi va kitob xotirasi» mavzusidagi sessiyada yozma merosning sivilizatsion xotirani saqlashdagi o‘rni, xattotlik an’analari va qo‘lyozmalarni tadqiq etish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalish Markaziy Osiyo va keng islom dunyosida shakllangan kitobat an’analari, qo‘lyozmalarni saqlash, ilmiy o‘rganish va raqamlashtirishning zamonaviy usullari bilan bevosita bog‘liq.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan namoyish etilayotgan nashrlar ham ana shu tarixiy yozma merosni tadqiq etish va keng auditoriyaga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yarmarka doirasida Markaz vakillarining xalqaro uchrashuvlar, konferensiyalar va ilmiy-ma’rifiy muloqotlarda ishtirok etishi ham kutilmoqda. Bu muloqotlar xorijiy ilmiy muassasalar va nashriyotlar bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun imkoniyat yaratadi.
Boku xalqaro kitob yarmarkasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlarining taqdim etilishi mamlakatning ilmiy va madaniy merosini xalqaro jamoatchilikka tanitish, tarixiy manbalarni ilmiy muomalaga kengroq kiritish hamda kitob orqali madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan.






