«Ushbu markaz ezgu maqsad yo‘lidagi ulkan va tahsinga loyiq qadamdir» — Maryam Bukar Hassan
Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlik bo‘yicha global targ‘ibotchisi Maryam Bukar Hassan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmon Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishib, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi hamda islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari haqida ma’lumot oldi.
Mehmon, ayniqsa, islom sivilizatsiyasining shakllanishi va rivojlanishi, ajdodlarimizning jahon ilm-fani va madaniyatiga qo‘shgan hissasi zamonaviy yondashuvlar asosida yoritilganiga alohida e’tibor qaratdi. Interaktiv qurilmalar, raqamli yechimlar va mulьtimedia texnologiyalari orqali tarixiy ma’lumotlarni taqdim etish usullari unda katta qiziqish uyg‘otdi.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy meros namunalari jamlangan maskan, balki ularni ilmiy o‘rganish, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etish va bu bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiluvchi yirik ilmiy-ma’rifiy majmua sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markazning xalqaro mehmonlar uchun ochiqligi O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahon hamjamiyatiga tanitish va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Maryam Bukar Hassan Markazdagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, uning nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyatning ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi maskan ekanini ta’kidladi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, katta taassurot oldim. Bu maskan nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyatning boy ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi ajoyib majmua ekan.
O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning ilmiy kashfiyotlari va bebaho ma’naviy merosi haqida butun dunyoga yanada ko‘proq so‘zlab berishimiz kerak. Prezident tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu Markaz ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi ulkan va tahsinga loyiq qadamdir.
Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalarning ushbu zamindan yetishib chiqqani, ularning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘ldim. Ayniqsa, tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar orqali yuksak darajada namoyish etilgani meni hayratda qoldirdi.
Rostini aytsam, bu yerdan ketgim kelmayapti! Markazga tashrif buyurish men uchun nafaqat katta sharaf, balki insoniyat tarixini qayta kashf etish va O‘zbekistonning buyuk merosini yanada chuqurroq anglash imkoniyati bo‘ldi. Bu go‘zallikni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimdan juda mamnunman», — dedi Maryam Bukar Hassan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek, O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.






