Tehran Times: “Eron va O‘zbekiston: Toshkentda mushtarak tarix jonlanadi”
Eronning ingliz tilida chop etiladigan nufuzli nashrlaridan biri — Tehran Times gazetasida «Eron va O‘zbekiston: Toshkentda mushtarak tarix jonlanadi» (Iran and Uzbekistan: Where shared history comes alive in Tashkent) sarlavhali maqola e’lon qilindi. 2026-yil 20-oktabr kuni chop etilgan maqolada jurnalist Afshin Majlesiy O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, Markaz ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston va Eron xalqlarini bog‘lab turgan mushtarak tarix, buyuk allomalar merosi, san’at va ilmiy tafakkur an’analarini yoritadi. Muallif, shuningdek, Markazning mahobatli me’moriy qiyofasi, zamonaviy raqamli texnologiyalari, sun’iy intellekt yechimlari va noyob tarixiy eksponatlari o‘tmishni bugungi avlod bilan bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi. Maqolada, ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi milliy merosni uni shakllantirgan keng mintaqaviy va madaniy aloqalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgani alohida e’tirof etilgan.
Toshkentga tashrif buyurgan eronlik jurnalist sifatida ulkan Islom sivilizatsiyasi markaziga ikki xil nuqtai nazardan qaradim. Bir tomondan, O‘zbekiston madaniy merosining chuqur qatlamlarini kashf etayotgan sayyoh edim. Ikkinchi tomondan esa, bugungi xaritalarda chizilgan chegaralarni hech qachon tan olmagan sivilizatsiyaning tanish izlarini izlayotgan eronlik edim.
Men bu izlarni qo‘lyozmalar, san’at namunalari va hayoti hamda ilmiy faoliyati Markaziy Osiyoni Eron va keng islom olami bilan bog‘lagan allomalar nomlarida topdim. Ularning merosi ko‘rgazma zallari bo‘ylab sayohatim davomida bir savolni qayta-qayta o‘ylashga undadi: mamlakat o‘z milliy tarixini qanday saqlab qolishi va shu bilan birga uning eng buyuk madaniy yutuqlari ko‘pincha boshqa xalqlar bilan mushtarak bo‘lganini qanday ko‘rsatishi mumkin?
Islom sivilizatsiyasi markazi bu savolga ulkan ko‘lamli bir javobni taklif etadi. 2026-yil mart oyida rasman ochilgan ushbu majmua Toshkentning eng muhim diniy va madaniy maskanlaridan biri bo‘lgan tarixiy Hazrati Imom majmuasi yonida qad rostlagan.
Tarixni so‘zlab berish uchun yaratilgan bino
Hatto bir necha kilometr uzoqlikdan ham Islom sivilizatsiyasi markazini payqamaslik qiyin. Uning har biri taxminan 34 metr balandlikdagi to‘rtta mahobatli kirish peshtoqi O‘zbekistonning turli hududlarida shakllangan me’moriy an’analarga tayanadi.
Sharqiy kirish qismi Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Ulug‘bek madrasasi me’morchiligini yodga soladi. G‘arbiy peshtoq Buxoroning diniy me’morchiligiga xos xususiyatlarni aks ettiradi. Shimoliy va janubiy kirish qismlarida esa Xiva, Shahrisabz, Qoraqalpog‘iston, Qo‘qon, Toshkent va Termiz kabi tarixiy hududlar hamda shaharlarga xos me’moriy yechimlar mujassamlashgan.
Ushbu kirish peshtoqlari birgalikda mamlakatning me’moriy xaritasini hosil qiladi. Ular O‘zbekiston merosini faqat bitta shahar, sulola yoki uslub bilan cheklab bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Mamlakat madaniyati ko‘plab mintaqaviy an’analar ta’sirida shakllangan bo‘lib, ularning har biri o‘ziga xos shakl, rang va badiiy ifodani olib kirgan.
Majmua markazida 60 metrdan baland gumbaz qad rostlagan. Binoning ichki maydoni 40 000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, unda ko‘rgazma zallari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, kutubxona, ta’lim maydonlari va konferensiya o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalar joylashgan. Rasmiy ma’lumotlarda mazkur majmua mamlakatdagi so‘nggi yillarda amalga oshirilgan eng yirik madaniy loyihalardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Ichkariga kirgach, binoning ko‘lami yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Keng zallar ko‘rgazma maydonlariga tutashgan, och rangli yuzalar va mahobatli me’moriy yechimlar esa tashrif buyuruvchilarga eksponatlardan shoshilmasdan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Biroq markazning eng qiziqarli jihati faqat uning hajmida emas. Asosiy e’tibor tarixni izchil hikoyaga aylantirishga qaratilgan.
O‘tmishni bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan nodir buyumlar to‘plami sifatida ko‘rsatish o‘rniga, asosiy ekspozitsiya xronologik yo‘nalish asosida tashkil etilgan. Sayohat Markaziy Osiyoning qadimgi sivilizatsiyalaridan boshlanib, mintaqaning islomgacha bo‘lgan merosi orqali davom etadi. So‘ng VIII–XIII asrlardagi ilmiy va madaniy yuksalish davriga o‘tiladi, undan keyin esa XIV–XVI asrlardagi san’at va siyosiy taraqqiyot bilan bog‘liq yutuqlar yoritiladi. Yakuniy bo‘lim zamonaviy O‘zbekiston va uning yangi madaniy uyg‘onish haqidagi qarashlariga bag‘ishlangan.
Bu tartib muhim bir fikrni ilgari suradi: Markaziy Osiyodagi islom sivilizatsiyasi tarixi islom dinining kirib kelishi bilan boshlanmagan va muayyan sulolaning tanazzuli bilan tugamagan. Ungacha mavjud bo‘lgan jamiyatlar negizida shakllangan ushbu sivilizatsiya asrlar davomidagi almashinuv, moslashuv va intellektual izlanishlar orqali rivojlangan.
“Buyuk siymolar galereyasi” zali: chegaralardan ustun turgan allomalar
E’tiborni tortadigan dastlabki maskanlardan biri — “Buyuk siymolar galereyasi” zali. Bu yerda ulkan mozaik pannolarda islom olami tarixida muhim o‘rin tutgan mutafakkirlar obrazlari jonli tarzda aks ettirilgan.
Ular orasida islomiy ilmiy an’anada Ibn Sino nomi bilan mashhur bo‘lgan Avitsenna, algebra asoslarining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan Xorazmiy, matematika, astronomiya, geografiya va boshqa sohalarda tadqiqotlar olib borgan Abu Rayhon Beruniy, shuningdek, Arastudan keyingi «Ikkinchi muallim» deb atalgan faylasuf Abu Nasr Forobiy bor.
Ushbu portretlar minglab mayda mozaika bo‘laklaridan yig‘ilgan. Uzoqdan qaralganda, ular mahobatli tasvirlarni hosil qiladi. Yaqindan esa har bir bo‘lakni aniqlik va sabr bilan joylashtirish orqali butun bir kompozitsiya yaratish uchun qanchalik katta mahorat talab etilganini ko‘rish mumkin.
Bu manzara ham badiiy, ham ramziy ta’sirga ega. Har bir alloma g‘oyalari ancha keng intellektual olam shakllanishiga hissa qo‘shgan mustaqil shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
Qadimgi dunyoga nazar
Markazning tarixiy sayohati islom davridan ancha oldingi zamonlarga borib taqaladi. Islomgacha bo‘lgan merosga bag‘ishlangan zallardagi arxeologik buyumlar Markaziy Osiyoda minglab yillar davomida insonlar yashagani, san’at namunalari yaratilgani va turli madaniyatlar o‘zaro aloqada bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ekspozitsiya materiallarida tilga olingan ko‘plab buyumlar orasida taxminan 80 000 yil avvalgi davrga mansub Obirahmat manzilgohi bilan bog‘liq tosh qurollar va o‘q uchlari ham bor. Shuningdek, qadimgi Baqtriya bilan bog‘liq oltin taqinchoqlar va boshqa topilmalar namoyish etilgan. Tarixiy Baqtriya hududi hozirgi O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikistonning ayrim qismlarini qamrab olgan.
Diqqatni tortuvchi eksponatlardan yana biri — “Kushon shahzodasining boshi” deb nomlangan haykaltaroshlik asari. Milodiy I–II asrlarga mansub ushbu topilma O‘zbekiston janubidagi Dalvarzintepadan topilgan. Uning yuz chizgilari va saqlanib qolgan mayda tafsilotlari Kushon imperiyasi davrida rivojlangan badiiy madaniyat haqida tasavvur beradi. Mazkur imperiya hududlari Markaziy va Janubiy Osiyoning bir qismini bog‘lab turgan.
Unga yaqin joyda miloddan avvalgi I ming yillikka mansub bug‘u haykalchasi namoyish etilgan. U qadimgi san’at an’analarida hayvonlar ramziy ahamiyatga ega bo‘lganini eslatadi. Bu eksponat qo‘lyozmalar va diniy buyumlar namoyish etilgan zallardan farqli muhitni hosil qiladi. Bu yerda tashrif buyuruvchilar islom dini paydo bo‘lishidan ancha oldin o‘z e’tiqodi va badiiy ifoda usullarini shakllantirgan jamiyatlar bilan tanishadi.
Eksponatlar O‘zbekiston tarixini faqat hozirgi shaklidagi o‘zbek davlatchiligi tarixi orqali tushunish mumkin, degan qarashni ham qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Bu hududda ko‘plab xalqlar, tillar, dinlar va siyosiy tuzumlar mavjud bo‘lgan. Sug‘d, Baqtriya, Xorazm, fors, turkiy va boshqa madaniy an’analar keng tarixiy manzaraning bir qismini tashkil etgan.
Eronlik tashrif buyuruvchi sifatida men uchun ekspozitsiyaning bu qismi ayniqsa yaqin tuyuldi. Qadimgi Baqtriya va uning atrofidagi hududlar til, din, savdo-sotiq va siyosiy aloqalar orqali Eron madaniy olami bilan bog‘langan. Bu aloqalar oddiy va o‘zgarmas bo‘lmagan, ammo ular hozirgi Eron va uning qo‘shnilari joylashgan hududlar tarixining muhim qismini tashkil etgan.
Texnologiya tarixni yaqinlashtirganda
Xronologik tartibda tashkil etilgan ko‘rgazma zallari turli raqamli installyasiyalar bilan boyitilgan. Ko‘p tilli ekranlarda eksponatlar haqida ma’lumotlar berilgan, raqamli rekonstruksiyalar esa tarixiy binolar va shaharlarni o‘z davridagi muhitda tasavvur qilish imkonini yaratadi. Interaktiv ekranlar orqali tashrif buyuruvchilar tarixiy davrlarni faqat axborot yozuvlari va shisha vitrinalar yordamida tushunish qiyin bo‘lgan usullarda o‘rganishi mumkin.
Eng qiziqarli jihatlardan ayrimlari allomalar portretlarini jonlantirish va ularning kashfiyotlarini shaxsiy hikoya shaklida taqdim etish uchun sun’iy intellektdan foydalanadi. Tashrif buyuruvchi qisqacha tarjimai holni o‘qish bilangina cheklanmay, tarixiy shaxsning raqamli obrazi orqali uning ilmiy faoliyatining ayrim jihatlari bilan tanishishi mumkin.
Bunday ekspozitsiyalar, ayniqsa, yosh tashrif buyuruvchilar yoki islom ilmiy merosi tarixidan yaxshi xabardor bo‘lmagan insonlar uchun murakkab mavzularni tushunarli qiladi. Matematika, falsafa va astronomiya faqat sanalar va texnik atamalar orqali taqdim etilganda uzoq va mavhum tuyulishi mumkin. Raqamli yo‘lboshchi esa ularni insonning qiziqishi, ilmiy bahslari va kashfiyotlari haqidagi hikoyalarga aylantirishga yordam beradi.
Eng ta’sirchan installyasiyalardan biri — Buyuk ipak yo‘lining interaktiv xaritasi. Tarixiy savdo tarmog‘i kitoblarda ko‘pincha uzoq shaharlarni birlashtiruvchi chiziqlar sifatida tasvirlanadi. Bu yerda esa uning yo‘nalishlari harakat va almashinuv yo‘llari sifatida namoyon bo‘lib, savdogarlar, diniy ulamolar, diplomatlar, san’atkorlar va g‘oyalar mintaqalar o‘rtasida qanday harakatlanganini anglashga yordam beradi.
Buyuk ipak yo‘li yagona va o‘zgarmas yo‘nalishga ega bo‘lgan bitta yo‘l emas edi. U ko‘p asrlar davomida Sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bog‘lab turgan, vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borgan quruqlik va boshqa aloqa yo‘llari tarmog‘i edi. Uning ahamiyati faqat tashilgan tovarlarda emas, balki ular bilan birga tarqalgan bilimlar va badiiy an’analarda ham namoyon bo‘lgan. Shuning uchun ham bu tarixiy tarmoq ba’zan “Buyuk ipak yo‘li” emas, balki “Buyuk ipak yo‘llari” deb ataladi.
Xaritaga qarab, mintaqamiz tarixi ko‘pincha alohida milliy qismlarga bo‘lib o‘rganilishi, holbuki tarixiy dalillar doimiy o‘zaro aloqalarni ko‘rsatishi haqida o‘yladim. Samarqand, Buxoro va Xivani bog‘lagan yo‘llar ularni janub va g‘arbdagi, jumladan, tarixiy Eron shaharlari bilan ham tutashtirgan.
Boshqa interaktiv vositalar tashrifni yanada qiziqarli qiladi. Tashrif buyuruvchilar virtual kamondan o‘q otish simulyasiyasini sinab ko‘rishi yoki an’anaviy tandirga havo yetkazib beruvchi damni namoyish etuvchi installyasiya bilan tanishishi mumkin. Zamonaviy O‘zbekistonga bag‘ishlangan zalda esa Humo AI raqamli yordamchisi markaz va mamlakat tarixi haqidagi savollarga javob beradi.
Bunday mashg‘ulotlar qadimgi qo‘lyozmalardan ancha uzoqdek ko‘rinishi mumkin. Biroq ular tashrif buyuruvchilarni savol berishga undasa, o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Muzey — faqat o‘tmishni tomosha qilish joyi emas. U odamlar qanday yashagani, ishlagani, ovqat tayyorlagani, sayohat qilgani va o‘z dunyosini qanday anglaganini kashf etish maskani hamdir.
Qur’on zali va uzoq safarni bosib o‘tgan qo‘lyozma
Markazdagi eng sokin va ulug‘vor maskan — Muqaddas Qur’on zali. Taxminan 1 200 kvadrat metr maydonni egallagan ushbu zal majmuaning ramziy markazi hisoblanadi.
Zal o‘zining mahobatli ko‘lami bilan hayratlantiradi. Devorlar pushti marmar bilan qoplangan, yuqorida esa ulkan qandil osilib turibdi. Qur’on oyatlari bitilgan ipak gilamlar bu makonga yanada nafislik bag‘ishlaydi.
Biroq bu yerning asosiy diqqat markazi me’moriy bezaklar emas, balki qo‘lyozmadir.
Usmon Qur’oni, Usmon Mus'hafi yoki Samarqand kufiy Qur’oni nomlari bilan tanilgan ushbu qo‘lyozma an’anaviy ravishda uchinchi xalifa Usmon ibn Affon bilan bog‘lanadi va VII asrga mansub deb qaraladi. U eng mashhur qadimiy Qur’on qo‘lyozmalaridan biri bo‘lib, 1997-yilda YUNESKOning “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritilgan.
Keng tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lyozma XIV asr oxirida Amir Temur hukmronligi davrida Samarqandga olib kelingan. U bir necha asr davomida shu yerda saqlangan, keyin esa XIX asrda Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida Sankt-Peterburgga ko‘chirilgan. Inqilobiy davrda yana bir necha marta joyi o‘zgarganidan so‘ng, 1924-yilda Toshkentga qaytarilgan.
Tashrif buyuruvchilar qo‘lyozmaga hurmat yuzasidan ma’lum masofadan turib qarashadi, asl nusxani suratga olish esa cheklangan. Uning tarixi, yozuv uslubi va ahamiyatini tushuntirish uchun nusxalar hamda mulьtimedia materiallaridan foydalaniladi. Bu cheklovlar tushunarli: nozik va qadimiy qo‘lyozmani ortiqcha yorug‘lik, qo‘l bilan ushlash va boshqa xavflardan himoya qilish zarur.
Zalda turganimda, ulkan makon bilan uning markazidagi kichik hajmli buyum o‘rtasidagi tafovut meni o‘ylantirdi. Qandil, marmar va gilamlar ulug‘vorlik muhitini yaratadi, ammo qo‘lyozmaning o‘zi yozuvlar bitilgan varaqlardan iborat. Uning qadri diniy ma’nosi, bosib o‘tgan tarixi va uni asrlar davomida muqaddas xazina sifatida e’zozlagan avlodlar bilan belgilanadi.
Madaniy chegaralardan o‘tgan artefaktlar
Markazning boshqa zallarida diniy buyumlar, arxeologik topilmalar, qo‘lyozmalar, matolar va san’at asarlari orqali tarix yanada kengroq yoritiladi. Ayrim eksponatlar O‘zbekiston muzeylaridan olingan, boshqalari esa xalqaro auksionlar yoki xorijiy muassasalar bilan hamkorlik orqali qo‘lga kiritilgan. Asl nusxalar xorijda saqlanayotgan hollarda esa muhim buyumlarni tashrif buyuruvchilarga namoyish etish uchun ilmiy asosda tayyorlangan nusxalardan foydalaniladi.
Diniy eksponatlar orasida 1859-yilga mansub Makkadagi Ka’bani qoplab turuvchi kisva matosining bir bo‘lagi hamda Ka’baga tegishli tarixiy kalitlar bor. Bunday buyumlar islomiy diniy hayotning keng geografiyasini va uning eng muqaddas maskanlari atrofida shakllangan badiiy an’analarni aks ettiradi.
VIII–XIII asrlarni qamrab olgan Birinchi Sharq Uyg‘onish davriga bag‘ishlangan galereyalarda qo‘lyozmalar, tangalar, me’moriy maketlar va nozik ishlangan buyumlar namoyish etiladi. Bu yerda Imom al-Buxoriyning hadislar to‘plami bo‘lgan «Al-Jome’ as-sahih» asarining nusxasi Abu Nasr Forobiyning «Fozil odamlar shahri» nomi bilan mashhur falsafiy asarining keyingi davrga mansub qo‘lyozmasi bilan bir qatorda joylashgan.
Bu asarlarning bir makonda namoyish etilishi diniy bilimlarni falsafa, ilm-fan va jamiyatni o‘rganish bilan bog‘laydi. Islom intellektual tarixini faqat ilohiyot doirasida tushunib bo‘lmaydi. U tibbiyot, matematika, mantiq, astronomiya, axloq va siyosiy hayotga oid bahslarni ham qamrab oladi.
Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim tashrif buyuruvchilarni badiiy yuksalish va ulkan maqsadlar hukm surgan boshqa bir olamga olib kiradi. Amir Temur va uning avlodlari me’morchilik, ilm-fan va san’atni qo‘llab-quvvatlab, keng hududlardan iste’dodli kishilarni jalb qilgan saroy madaniyatini rivojlantirgan.
Ekspozitsiyada Amir Temurga tegishli farmon, XV asrning birinchi yarmiga mansub ipak to‘n hamda XV–XVI asrlarga oid miniatyuralar mavjud. Ayrim miniatyuralar Buxoro va Eronning Sheroz shahri bilan bog‘liq. Bu esa Markaziy Osiyo va Eron san’ati o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni tushunishga intilgan har bir kishi uchun muhim tafsilotdir.
Sheroz fors miniatyura san’ati, kitobat va xattotlikning yirik markazlaridan biri bo‘lgan. Rassomlar, badiiy usullar va tasviriy g‘oyalar turli ustaxonalar hamda saroylar o‘rtasida tarqalgan. Bu jarayon ba’zan siyosiy hududlari hozirgi alohida davlatlar joylashgan yerlarni qamrab olgan hukmdorlar homiyligida kechgan.
Ushbu miniatyuralarga qarar ekanman, o‘zbek va eron merosi o‘rtasida qat’iy chegarani ko‘rmadim. Aksincha, ustalar, homiylar va tomoshabinlar o‘rtasidagi uzoq davom etgan muloqot jarayonida shakllangan badiiy tilni ko‘rdim. Asarlar muayyan joy va davrga tegishli bo‘lsa-da, ularning ta’sirini bitta zamonaviy davlat chegarasi bilan cheklab bo‘lmaydi.
Xuddi shu fikrni Markaziy Osiyoda chuqur iz qoldirgan fors adabiyoti va me’morchiligi haqida ham aytish mumkin. Fors tili adabiyot va ma’muriy boshqaruvda keng qo‘llangan, turkiy tillar va an’analar esa mintaqa madaniy hayotida tobora muhim o‘rin egallagan. Bu tarixlar bir-birini to‘g‘ri chiziq bo‘ylab almashtirmagan, balki o‘zaro uyg‘unlashib, bir-biriga ta’sir ko‘rsatib rivojlangan.
Menimcha, markazning eng muhim imkoniyatlaridan biri ham shunda: O‘zbekiston milliy tarixini uni shakllantirishga hissa qo‘shgan keng dunyodan ajratmagan holda namoyish etish.
Tashrif buyuruvchi taassuroti
Markazning zamonaviy texnologiyalari va mahobatli binolari dastlabki taassurotni osongina egallab olishi mumkin. Biroq muzeyning haqiqiy qiymati tashrif buyuruvchilar undan qanday xulosalar bilan chiqishida namoyon bo‘ladi.
Tashrif davomida rafiqasi va qizi bilan kelgan o‘rta yoshli bir kishi bu yerdagi taassurotlar oddiy vitrinalardagi buyumlarni tomosha qilishdan ancha keng ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, immersiv zallar va mulьtimedia installyasiyalari tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini raqamli qayta tiklangan muhitda ko‘rish, shuningdek, ilm-fan kashfiyotlari bilan ularni amalga oshirgan allomalarning raqamli obrazlari orqali tanishish imkonini beradi.
Albatta, barcha tashrif buyuruvchilar ekspozitsiyalarni bir xil qabul qiladi, deb ayta olmayman. Bir oila bilan bo‘lgan suhbat bino ostonasidan qadam qo‘ygan har bir insonning fikrini ifodalay olmaydi. Biroq markazda tarixiy buyumlar, ular haqidagi ma’lumotlar va interaktiv o‘rganish usullarining uyg‘unlashgani turli qiziqishlar va tarixiy bilim darajasiga ega bo‘lgan auditoriyani qamrab olish imkonini beradi.
Galereyalarda va ulardan tashqaridagi Eron
Markaz bo‘ylab yurar ekanman, xayolim qayta-qayta Eronga qaytdi.
Bu bino Eron tarixini hikoya qilishga intilgani uchun emas. Markazning asosiy maqsadi — O‘zbekiston merosini mamlakatning tarixiy shaharlari, arxeologik yodgorliklari, diniy an’analari va intellektual yutuqlari orqali namoyish etish. Biroq bu tarixni o‘zi shakllangan keng madaniy olamni e’tirof etmasdan turib to‘liq anglab bo‘lmaydi.
Sheroz miniatyuralarining namoyish etilishi bunga misol bo‘la oladi. Ibn Sino va Beruniy kabi allomalarning hayoti ham yana bir dalildir. Fors adabiyoti, xattotlik, me’morchilik va ilmiy merosning keng ta’siri esa bu aloqalarni yanada ko‘proq namoyon etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazidan chiqar ekanman, bir savol xayolimda qoldi: Nega bunchalik boy va xilma-xil tarixiy merosga ega bo‘lgan Eron ham haligacha o‘z sivilizatsiyasining turli davrlarini yagona makonda birlashtiradigan, puxta ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy muzey dizayni va interaktiv texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan shunday keng ko‘lamli jamoatchilik muassasasini tashkil etmagan?





