Islom sivilizatsiyasi markazi — tarixni o‘rganishning yangi usuli: turkiy dunyo muzeylari vakillarining e’tiborini tortgan jihatlar
Qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy osori-atiqalarni sun’iy intellekt, raqamli tasvirlar hamda interaktiv texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turkiy dunyo muzeylari vakillarining e’tiborini tortdi. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi vakili Bora Dundar Markazni zamonaviy muzeyshunoslik konsepsiyasiga mos muassasa sifatida baholab, uni o‘z yurtdoshlariga ham tavsiya etishini bildirdi.
Andijon shahrida o‘tkazilgan V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi hamda TURKSOY Muzeylar uyushmasining V davriy yig‘ilishi munosabati bilan O‘zbekistonga kelgan delegatsiya vakillari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
2026-yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti maqomini olgan Andijonda tashkil etilgan xalqaro uchrashuv turkiy mamlakatlarning muzeyshunoslik sohasidagi hamkorligini kengaytirish, madaniy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy usullarda jamoatchilikka taqdim etish masalalariga bag‘ishlandi.
Xalqaro uchrashuv mehmonlari Markazga tashrif buyurib, O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, buyuk allomalarning ilmiy merosi va tarixiy taraqqiyot bosqichlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Xususan, mamlakat tarixidagi uch Renessans davrini yorituvchi bo‘limlar, tarixiy manbalarning taqdimot usullari va raqamli texnologiyalarga asoslangan muzey yechimlari delegatsiya a’zolarida qiziqish uyg‘otdi.
Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Bora Dundar Markaz ekspozitsiyalarining xronologik izchilligi, tarixiy jarayonlarni tushunarli tarzda yoritish va zamonaviy muzey texnologiyalaridan foydalanish tajribasiga yuqori baho berdi. Bora Dundar Markaz tajribasini baholar ekan, zamonaviy muzeylarning madaniy turizmni rivojlantirishdagi o‘rniga ham to‘xtaldi.
«Bizga shunday tajribani taqdim etgani uchun O‘zbekistonga katta rahmat aytaman. Do‘stlarim bilan birgalikda Markazni aylanib chiqdik. Bu yerda O‘zbekistonning butun tarixi xronologik izchillikda, juda yaxshi shaklda tushuntirib berilgan. Tashrif davomida mamlakat tarixini boshidan boshlab, turli davrlar kesimida anglash imkoniga ega bo‘ldik. Markaz menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Shu sababli uni nafaqat O‘zbekistonga kelgan mehmonlarga, balki Turkiyaga qaytganimdan keyin yurtdoshlarimga ham tavsiya qilaman. Markaz juda innovatsion yondashuv asosida tashkil etilgan. Unda sun’iy intellekt, raqamli tasvirlar va boshqa zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanilgan.
Eng e’tiborli jihatlardan biri — qadimiy asarlar va tarixiy meros namunalarining zamonaviy ekspozitsiya yechimlari bilan bir makonda uyg‘unlashtirilganidir. Menimcha, Markaz bugungi muzeyshunoslikning yangi konsepsiyasiga to‘liq mos keladi. Mening taklifim — bunday muzeylarni butun mamlakat bo‘ylab yanada ko‘proq rivojlantirish va ularni keng targ‘ib qilish. Bu, ayniqsa, sayyohlarni jalb etish nuqtai nazaridan muhim. Muzeylarning imkoniyatlari haqida ko‘proq ma’lumot berish orqali ularga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish mumkin», — dedi Bora Dundar.
Bunday baholar zamonaviy muzeyshunoslikda kuzatilayotgan muhim o‘zgarishlarni aks ettiradi. Bugun muzeylar faqat tarixiy ashyolarni saqlash va namoyish etish bilan cheklanmay, ilmiy bilimlarni ommalashtirish, madaniy muloqotni rivojlantirish hamda turli avlodlar o‘rtasida tarixiy xotira uzviyligini ta’minlash vazifasini ham bajarmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy manbalar va moddiy meros namunalarini raqamli texnologiyalar bilan birgalikda taqdim etishga qaratilgan yondashuv xalqaro muzeyshunoslik tajribasi bilan hamohangdir.
Turkiy dunyo muzeylari vakillarining tashrifi esa milliy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etish, muzeylar o‘rtasida tajriba almashish va madaniy turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun navbatdagi muloqot imkoniyati bo‘ldi.





