«Uchinchi Renessans chorrahasi»: Islom sivilizatsiyasi markazida imom-xatiblar uchun diniy-ma’rifiy o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Uchinchi Renessans chorrahasi» loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarlar imom-xatiblarga nafaqat diniy bilimlarini mustahkamlash, balki buyuk allomalar merosini chuqurroq anglash, zamonaviy ijtimoiy jarayonlarni tushunish va jamoatchilik bilan samarali muloqot qilish imkonini bermoqda. Loyiha doirasida tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar tarixiy xotira, ma’rifat va bugungi kun talablari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib berishga qaratilgan.
Diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritish chuqur bilim, keng dunyoqarash va jamiyatda kechayotgan jarayonlarni to‘g‘ri anglashni talab etadi. Bugun imom-xatiblardan nafaqat diniy masalalar bo‘yicha bilimga ega bo‘lish, balki aholi, ayniqsa, yoshlar bilan mazmunli muloqot qilish, ularga ishonchli va asosli ma’lumotlarni yetkazish ham talab etiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Uchinchi Renessans chorrahasi» loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarlar, malakali mutaxassislar olib borayotgan mashg‘ulotlar ishtirokchilarning diniy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, jamoatchilik bilan muloqot va ma’rifiy faoliyatning zamonaviy usullari bilan ham tanishtirishga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi mashg‘ulotlardan so‘ng ishtirokchilar Markaz ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirib, O‘zbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi va ularning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqidagi bilimlarini boyitdi.
O‘ktamjon Xidirov, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi «So‘fi Olloyor» masjidi imom-xatibi :
Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk allomalarimiz butun dunyoda tanilgan, ularning ilmiy merosi asrlar davomida o‘rganib kelingan. Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu merosni keng namoyon etib, yoshlarimizga ajdodlarimiz qanday buyuk salohiyat egalari bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu yerdagi ekspozitsiyalar bilan tanishgan inson o‘tmishimizni anglaydi, shu bilan birga, bugungi avlod ham ilmda yuksak natijalarga erishishi kerakligini his etadi.
Imom-xatib ta’kidlaganidek, ajdodlar merosini chuqur o‘rganish yoshlarni ma’rifat va sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyatga ega. Buning uchun diniy soha vakillari o‘z bilimlarini muntazam oshirib borishi, tarixiy va ilmiy merosni puxta o‘rganishi hamda egallagan bilimlarini jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga tushunarli va ta’sirchan tarzda yetkazishi zarur.
Ilhom Valiyev, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi «Xoja Zayniddin» jome masjidi noib-imomi:
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, xalqimizning bir necha ming yillik tarixi, boy madaniyati va jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz merosi bilan tanishdik. Bu yerda ko‘rganlarimiz ajdodlarimiz bilan faxrlanish barobarida, ularga munosib avlod bo‘lish mas’uliyatini ham eslatadi. Yoshlarimiz tariximizni bilishi, undan kuch va ilhom olib, ilm olishga yanada ko‘proq intilishi kerak».
Buyuk allomalar merosini o‘rganish faqat o‘tmishni eslash bilan cheklanmaydi. U yosh avlodda ilmga qiziqishni kuchaytirish, tarixiy xotirani asrash va jamiyatda ma’rifat qadriyatlarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy manbalar va madaniy merosni keng jamoatchilikka yetkazish bilan birga, ularni bugungi ta’lim va ma’rifiy faoliyat bilan bog‘lash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
«Uchinchi Renessans chorrahasi» loyihasi doirasidagi o‘quv-seminarlar ham shu maqsadga qaratilgan: ajdodlar merosini chuqur anglash, zamonaviy jarayonlarni to‘g‘ri baholash va egallangan bilimlarni jamiyat manfaati yo‘lida qo‘llash.
Zero, tarixiy merosning haqiqiy qadri uni saqlash bilangina emas, balki undan saboq olish, ilmga intilish va uni kelajak avlodga yetkazish bilan ham belgilanadi.





