YXHT Parlament Assambleyasi raisi: «Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning jahon tarixidagi o‘rnini anglash imkonini beradi»
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Parlament Assambleyasi raisi Per Joan Pons Sampetro O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni anglash, o‘zaro ishonch va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ma’rifiy maskan sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, Markaz ekspozitsiyalari O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini chuqurroq anglash va mamlakatning bugungi qiyofasi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Per Joan Pons Sampetro boshchiligidagi delegatsiyaga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif davomida O‘zbekiston hududida kechgan tarixiy jarayonlar, ajdodlarimizning jahon ilm-fani, madaniyati va tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, turli xalqlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalar haqida ma’lumot berildi.
YXHT Parlament Assambleyasi raisi Markazning ahamiyatini, avvalo, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklikni ochib berishi va madaniyatlararo muloqot uchun ma’rifiy asos yaratishi bilan bog‘ladi. Uning fikricha, tarixiy merosni o‘rganish faqat o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanmaydi. Turli madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni anglash bugungi xalqaro muloqot, hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Delegatsiya rahbari Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston tarixining turli bosqichlari o‘zaro bog‘liq holda namoyish etilishiga alohida e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatning boy ilmiy va madaniy merosi nafaqat milliy tarixning ajralmas qismi, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotini anglash uchun ham muhim manbadir.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti turli madaniyat va diniy an’analarga mansub davlatlarni birlashtirib, muloqot va tajriba almashish uchun maydon yaratadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifni ham shu nuqtai nazardan baholayman. Bu yerda sivilizatsiyalar bir-biri bilan qanday tutashgani, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar va madaniy ta’sirlar tarix davomida qanday shakllanganini ko‘rish mumkin. Markaz O‘zbekiston tarixini va Yangi O‘zbekistonni yanada yaqindan anglash uchun muhim imkoniyat yaratadi. Uning ekspozitsiyalari orqali mamlakatingizning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni, ajdodlar merosining ko‘lami va ahamiyatini chuqurroq his etish mumkin. Bunday maskanlar nafaqat tarixiy bilimlarni boyitadi, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniyatlar muloqotini rivojlantirishga ham xizmat qiladi, — dedi YXHT Parlament Assambleyasi raisi Per Joan Pons Sampetro.
Tashrif davomida YXHT Parlament Assambleyasi raisi O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi xalqaro turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratishini ham qayd etdi.
U bu borada mamlakatning o‘ziga xos madaniy qiyofasi, milliy qadriyatlari va tarixiy yodgorliklarini asrab-avaylash muhimligini ta’kidladi.
Boy madaniy merosga ega mamlakatlar uchun turizm nafaqat iqtisodiy faoliyat yo‘nalishi, balki tarix, madaniyat va milliy an’analarni xalqaro jamoatchilikka tanitish vositasi ham hisoblanadi.
Shu jihatdan, Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk allomalar merosi, tarixiy manbalar va sivilizatsiyalar taraqqiyotiga oid ekspozitsiyalarning yaxlit konsepsiya asosida taqdim etilishi O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy salohiyatini namoyon etishga xizmat qilmoqda.
Per Joan Pons Sampetro boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi tarixiy-madaniy merosning davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishdagi o‘rnini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Markazga tashrif chog‘ida bildirilgan fikrlar madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib etish nafaqat tarixiy xotirani asrash, balki zamonaviy dunyoda o‘zaro anglashuv, madaniy hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun ham muhim ekanini ko‘rsatdi.





