Islom sivilizatsiyasi markazida yangi avlod mutaxassislari tayyorlanmoqda
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida «Islom sivilizatsiyasi va madaniy merosni interpretatsiya qilish va gid-jurnalistika» yo‘nalishini rivojlantirish doirasida talabalar uchun mahorat darsi tashkil etildi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Tursunali Qo‘ziyev tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotda talabalar tarixiy va madaniy merosni mazmunan to‘g‘ri talqin qilish, uni auditoriyaga ta’sirchan yetkazish hamda gid-jurnalistika sohasining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishdilar. Darsdan so‘ng ular markaz ekspozitsiyalari bo‘ylab ekskursiyada ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliy taassurotlar bilan boyitdilar.
Universitet va markaz o‘rtasidagi hamkorlik bo‘lajak jurnalistlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning tarixiy merosni o‘rganish va uni zamonaviy kommunikatsiya vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Universitet talabasi Dinora Rahimova bu yo‘nalishning ilk talabalaridan biri bo‘lish ular uchun ham imkoniyat, ham mas’uliyat ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bilim olish biz uchun katta sharaf. Bu yerda ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni bevosita o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini anglash va kelgusida boshqalarga yetkazish imkoniyatiga egamiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar uchun yaratilayotgan bunday sharoitlardan unumli foydalanib, gid-jurnalistika yo‘nalishini puxta o‘zlashtirishni maqsad qilganmiz. Biz ushbu sohada yetuk mutaxassis bo‘lib yetishib, tarixiy merosimizni keng auditoriyaga tanitishga hissa qo‘shmoqchimiz. Bu hamkorlik bizdan keyingi talabalar uchun ham davomli bilim va tajriba manbaiga aylanishiga ishonamiz, — dedi u.
Yana bir talaba Sevinch Bo‘rboyeva esa markazning tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyotni o‘zaro bog‘liq holda namoyon etishi unda katta taassurot qoldirganini qayd etdi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — tariximizning turli davrlarini bir makonda anglash, ajdodlarimiz merosining naqadar boy va ulkan ekanini his qilish mumkin bo‘lgan betakror maskan. Bu yerdagi ekspozitsiyalar, ayniqsa, tarixiy merosning zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilgani menda katta taassurot qoldirdi. Men ingliz tili yo‘nalishida tahsil olaman va kelajakda o‘zimni gid sifatida ko‘raman. Shu bois, aynan shu markazda amaliy bilim va tajriba orttirish, tariximizni xorijiy mehmonlarga mazmunli va professional tarzda tanishtirishni o‘rganish men uchun katta imkoniyat. Kelajakda ushbu maskan faoliyatiga o‘z hissamni qo‘shishni istayman», — dedi Sevinch Bo‘rboyeva.
Universitet va markaz hamkorligi bo‘lajak mutaxassislarga tarixiy merosni chuqur o‘rganish, uning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri talqin qilish va milliy qadriyatlarimizni xalqaro auditoriyaga munosib tarzda tanitish uchun nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan boyitish imkonini beradi.





