Emine Erdog‘an: "Islom sivilizatsiyasiga beqiyos asarlar taqdim etgan Imom Buxoriyni hurmat bilan yod etaman"
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning rafiqasi Emine Erdog‘an O‘zbekistonning Samarqand shahrida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda majmua tarkibidagi muzeyga tashrif buyurdi, deya xabar berdi Turkiya Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti.
«Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish: kelajak avlodlarni barqaror va adolatli rivojlantirish yo‘li» mavzusidagi Jahon sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lib turgan Emine Erdog‘an majmuadagi maqbarani ziyorat qilib, duo qildi. Shuningdek, majmua tarkibidagi muzey bilan tanishib, unda namoyish etilayotgan tarixiy eksponatlarni ko‘zdan kechirdi va Imom Buxoriyning hayoti haqida ma’lumot oldi.
Ziyoratda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoeva, Livan Prezidentining rafiqasi Nimat Avn, Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining rafiqasi Aygul Japarova, NUN ta’lim va madaniyat jamg‘armasi boshqaruvi raisi doktor Esra Albayrak hamda Pokiston Bosh vazirining qizi Oysha Horun ham ishtirok etdi.
Emine Erdog‘an tashrif taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida ma’naviy sayohatni his etganini ta’kidladi. U hadis ilmiga butun umrini bag‘ishlagan buyuk allomaning xotirasini asrab kelayotgan ushbu maskanning tarixiy va madaniy qadri bilan yaqindan tanishganini qayd etdi.
«Islom sivilizatsiyasiga beqiyos asarlar taqdim etgan, asrlar davomida insoniyatga yo‘l ko‘rsatib kelayotgan Imom Buxoriyni rahmat va ehtirom bilan yod etaman», — deb yozdi Emine Erdog‘an.





