Islom sivilizatsiyasi markazida nashrga tayyorlanayotgan yangi kitoblar ekspertlar muhokamasidan o‘tkazildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida nashr etilishi rejalashtirilgan yangi kitoblar va ilmiy-ma’rifiy asarlarning mazmuni hamda sifatini takomillashtirishga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamasi tashkil etildi.
Muhokamada taniqli islomshunos olim, shayx Abdulaziz Mansur, sharqshunos olim, siyosiy fanlar doktori, professor Zohidillo Munavvarov, filologiya fanlari doktori, professor Sharustam Shamusarov hamda boshqa soha mutaxassislari ishtirok etib, tayyorlanayotgan nashrlarning ilmiy saviyasi, tarixiy manbalarga asoslanganligi va mazmuniy jihatdan boyitilishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Xususan, Markaz tomonidan tayyorlanayotgan «E’tirof» kitob-albomi, «O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ramziy bezaklarining konseptual asoslari», «O‘zbekiston: Buyuk sivilizatsiyalar beshigidan Yangi Renessans sari» nomli nashrlar, shuningdek, «O‘zbekiston jahon maydonida» turkumi doirasida Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Iordaniya, Eron, Turkmaniston va Buyuk Britaniyaga bag‘ishlangan kitoblar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ekspertlar tomonidan nashrlardagi tarixiy ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, ularni yangi ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan boyitish, materiallarni izchil va tizimli bayon etish, shuningdek, matn va badiiy bezaklar uyg‘unligiga erishish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Ta’kidlanganidek, Markazda tayyorlanayotgan har bir nashr milliy tariximiz va boy sivilizatsion merosimizni ilmiy asosda yoritishi, keng kitobxonlar ommasi hamda xalqaro ilmiy jamoatchilik uchun ishonchli ma’rifiy manba bo‘lib xizmat qilishi muhim.
Muhokama yakunida ekspertlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida kitoblarning ilmiy-mazmuniy saviyasini yuksaltirish, tahririy sifatini oshirish va nashrga tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Mazkur ishlar O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini chuqur tadqiq etish, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rnini ilmiy nashrlar orqali xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.





