O‘zbekiston–Rossiya: Rossiya senatori 35 yillik diplomatik aloqalar va madaniy hamkorlikning yangi istiqbollarini olqishladi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Rossiya Milliy markazi o‘rtasidagi madaniy hamkorlik 2027-yilda O‘zbekiston–Rossiya diplomatik munosabatlarining 35 yilligi arafasida yangi ahamiyat kasb etmoqda. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining Madaniyat, axborot, turizm va sport bo‘yicha doimiy komissiyasi majlisi doirasida Markazga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi senatori Yekaterina Altabayeva tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali namoyish etish tajribasini yuqori baholab, ikki mamlakat o‘rtasida ko‘rgazmalar almashinuvi yo‘nalishidagi hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi senatori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muallifligi asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida mamlakatning ko‘p asrlik tarixi, buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi, qadimiy qo‘lyozmalar va tarixiy artefaktlarni namoyish etuvchi ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashining Fan, ta’lim va madaniyat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Yekaterina Altabayeva Markazning tarixiy merosni saqlash va keng jamoatchilikka yetkazishdagi yondashuviga yuqori baho berdi.
Uning ta’kidlashicha, Markazning ahamiyati faqat ilg‘or muzey texnologiyalaridan foydalanish bilan cheklanmaydi. Bu yerda tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlariga oid noyob meros namunalarining yagona konsepsiya asosida jamlangani ham alohida e’tiborga molik. Rossiyalik senator tarixiy ekspozitsiyalarning mazmuni va ularni taqdim etish usullari tashrifchilarda chuqur taassurot qoldirishini ta’kidladi. Markazning yoshlar tarbiyasi va tarixiy bilimlarni ommalashtirishdagi ahamiyatini ham alohida qayd etdi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — zamonaviy texnologiyalar va noyob tarixiy merosni o‘zida uyg‘unlashtirgan hayratlanarli maskan. Uning ahamiyati nafaqat muzeyshunoslik sohasidagi eng yangi texnologiyalar qo‘llanilganida, balki qadimgi davrlar, o‘rta asrlar va bugungi kunga oid noyob artefaktlar bir makonda jamlanganida ham namoyon bo‘ladi. Menimcha, O‘zbekistonga, xususan, Toshkentga kelgan har bir inson bu Markazni albatta ko‘rishi kerak. Bu yerdan olingan taassurotlar uzoq vaqt yodda qoladi. Ayniqsa, yoshlarning Markazga ko‘proq kelishini istardim. Ular ekskursiyalarni tinglab, ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, bu zaminning naqadar qadimiy va betakror ekanini, ajdodlar tomonidan asos solingan an’analar bugun ham davom etayotganini anglaydilar», — dedi senator Yekaterina Altabayeva.
Tashrif davomida Rossiya senatori ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni kengaytirish masalasiga ham e’tibor qaratdi.
U 2027-yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi nishonlanishini eslatib, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Rossiya Milliy markazi o‘rtasidagi hamkorlikni muhim qadam sifatida baholadi.
Kelgusi yili Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Islom sivilizatsiyasi markazi bilan Rossiya Milliy markazi o‘rtasida ko‘rgazmalar almashinuvi bo‘yicha kelishuv imzolangani ham quvonarli. Bu ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan, katta qiziqish bilan kutayotgan muhim voqea bo‘ladi, — dedi Yekaterina Altabayeva.
Ma’lumki, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil 20 martda o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz: 2026-yil oktabr oyida Islom sivilizatsiyasi markazi va Rossiya Milliy markazi rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqotda ham 2027-yilda ikki mamlakatning o‘zaro madaniyat kunlarini tashkil etish, ilmiy-madaniy loyihalarni amalga oshirish hamda ko‘rgazma va ma’rifiy tadbirlar doirasida hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bunday tashabbuslar tarixiy merosni kengroq auditoriyaga tanitish, muzeylar va ilmiy muassasalar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma madaniy dasturlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.





