O‘zbekiston va Eron ilmiy muassasalari Toshkentda qo‘shma tadqiqotlar istiqbollarini muhokama qildi
Samarqand va Buxorodan Tus va Nishopurgacha bo‘lgan ulkan hududda shakllangan ilmiy-ma’naviy meros xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi mushtarak sivilizatsiya tarixining ajralmas qismidir. Eronning Imom Rizo xalqaro universiteti rektori Ibrohim Donishiyfar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ana shu meros turli xalqlarning hissasi e’tirof etilgan holda, xolis yondashuv va zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etilayotganini yuqori baholadi. Tashrif yakunida O‘zbekiston va Eron ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Eron Islom Respublikasining Imom Rizo xalqaro universiteti rektori Ibrohim Donishiyfar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo va unga tutash mintaqalarning ko‘p asrlik tarixi, buyuk allomalar ilmiy merosi hamda islom sivilizatsiyasi taraqqiyotini yorituvchi ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar tarixiy qo‘lyozmalar, ilmiy va madaniy meros namunalari, shuningdek, ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali taqdim etish usullariga alohida e’tibor qaratdi.
Imom Rizo xalqaro universiteti rektori Markazning muhim xususiyatlaridan biri sifatida tarixiy jarayonlarni muayyan bir xalq yoki mamlakat doirasida emas, balki turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va mushtarak taraqqiyot nuqtai nazaridan yoritish tamoyilini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi turli davrlarda shakllangan tarixiy, ilmiy va diniy merosni yagona konsepsiya asosida namoyish etishi bilan ahamiyatlidir.
Eronlik olim Markaz ekspozitsiyalarida Arabiston, Eron, Hindiston va Markaziy Osiyo xalqlarining islom sivilizatsiyasi shakllanishi va taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi o‘zaro bog‘liq tarixiy jarayon sifatida namoyish etilayotganiga e’tibor qaratdi.
Uning fikricha, islom sivilizatsiyasi tarixini to‘laqonli anglash uchun unda ishtirok etgan xalqlarning ilmiy an’analari, madaniy tajribasi va ma’naviy qadriyatlarini bir-biridan ajratmagan holda o‘rganish muhimdir. Bunday yondashuv turli mintaqalarda yashab ijod qilgan olimlar, mutafakkirlar va ijodkorlarning umumiy intellektual taraqqiyotga qo‘shgan hissasini kengroq tasavvur etish imkonini beradi. Shuningdek, u Qur’oni karimning islom sivilizatsiyasidagi mushtarak ma’naviy qadriyat sifatidagi o‘rniga ham alohida to‘xtaldi. Rektorning fikricha, turli mazhab va yo‘nalishlarga mansub musulmonlar uchun umumiy muqaddas manba bo‘lgan Qur’oni karimning Markaz konsepsiyasida muhim o‘rin egallashi islom sivilizatsiyasidagi ma’naviy mushtaraklikni ko‘rsatadi.
«Markaziy Osiyo tarixi va sivilizatsiyasi, xususan, Samarqand, Buxoro, Tus va Nishopur kabi qadimiy shaharlar haqida so‘z yuritar ekanmiz, ularning madaniy va ilmiy merosini munosib tarzda namoyish etmasdan turib, bu sivilizatsiyani to‘laqonli tasavvur qilish qiyin. Menimcha, Markazning eng muhim jihatlaridan biri — tarixiy jarayonlar, insoniyat yutuqlari va turli xalqlarning umumiy sivilizatsiyaga qo‘shgan hissasiga beg‘araz nazar bilan qaralganidir. Bu yerda Arabiston, Eron, Hindiston va Markaziy Osiyo xalqlari yaratgan sivilizatsion merosning o‘zaro uzviy bog‘liqligini ko‘rish mumkin. Islom sivilizatsiyasini namoyish etishda turli mamlakatlarning hissasi e’tirof etilgani, Qur’oni karim esa turli mazhab va yo‘nalishlarga mansub musulmonlarni birlashtiruvchi mushtarak ma’naviy qadriyat sifatida markaziy o‘rin egallagani alohida ahamiyatga ega. Men mansub bo‘lgan sivilizatsiya merosining shunday go‘zal va mazmunli taqdimoti aynan shu Markazda yaratilganidan faxrlanaman», — dedi eronlik olim.
Imom Rizo xalqaro universiteti rektori tarixiy merosni ilmiy asosda o‘rganish va uni keng jamoatchilikka xolis yetkazish masalasiga ham e’tibor qaratdi.
U bugungi axborot muhitida islom haqida turli noto‘g‘ri tasavvurlar uchrab turishini ta’kidlab, ularni bartaraf etishda tarixiy manbalar, ilmiy tadqiqotlar va ma’rifiy muloqot muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uning fikricha, islom sivilizatsiyasining matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, adabiyot va boshqa sohalar rivojiga qo‘shgan hissasini keng o‘rganish ushbu sivilizatsiyaning jahon tarixidagi o‘rnini yanada teran anglashga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali namoyish etish nafaqat bilim tarqatish, balki turli madaniy an’analar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tushuntirish imkonini ham beradi.
Eronlik rektor tashrif davomida faqat tarixiy meros bilan faxrlanish emas, balki uning ilmiy an’analarini zamonaviy taraqqiyot bilan bog‘lash zarurligini ham ta’kidladi.
Uning fikricha, O‘zbekiston, Eron va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun mushtarak sivilizatsion ildizlar ilmiy hamkorlikni kengaytirish, texnologiyalarni rivojlantirish va yangi avlod tadqiqotchilarini tarbiyalashda muhim ma’naviy asos bo‘lishi mumkin.
«Kelajakda O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va Eron xalqlari o‘z sivilizatsiyasini izchil rivojlantirishi uchun, avvalo, o‘z tarixini, ildizlarini va ajdodlari merosini yaxshi bilishi zarur. Biroq o‘tmishni anglash bilan cheklanib qolmasdan, zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va umumiy qadriyatlar asosida kelajakni birgalikda barpo etish lozim», — dedi Ibrohim Donishiyfar.
U O‘zbekiston, Eron, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi tarixiy-madaniy yaqinlik o‘zaro tajriba almashish va yangi ilmiy tashabbuslarni ilgari surish uchun imkoniyat yaratishiga ishonch bildirdi.
Ekskursiyadan so‘ng Imom Rizo xalqaro universiteti delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi olimlari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ikki muassasa o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish, tarixiy-madaniy merosni chuqur o‘rganish va akademik aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, mushtarak sivilizatsion merosni ilmiy jihatdan tadqiq etish, tarixiy manbalarni o‘rganish va olingan natijalarni xalqaro ilmiy jamoatchilikka yetkazish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.





