O‘zbek tili qadri faqat bayramda namoyon bo‘ladimi? O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan ma’rifiy tashabbus
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan ma’rifiy tashabbus
Tarixni asrash uchun uni faqat toshlarga muhrlash yoki qadimiy qo‘lyozmalarda saqlashning o‘zi kifoya emas — uni bugungi avlod tushunadigan tilda yetkazish ham zarur. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tayyorlanayotgan «Ma’naviyat manzillari» turkumidagi risolalar mamlakatimiz ziyoratgohlari, buyuk allomalar va ma’naviy meros haqidagi bilimlarni ravon o‘zbek tilida keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan. O‘zbek tili bayrami arafasida bu tashabbus ona tilining nafaqat milliy o‘zlik ifodasi, balki tarixiy xotirani saqlash va ilm-ma’rifatni avlodlarga yetkazish vositasi sifatidagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi.
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni ona tilining milliy o‘zlik va tarixiy xotirani saqlashdagi o‘rnini yana bir bor eslatadi.
Tarix faqat qadimiy obidalar, nodir qo‘lyozmalar va arxeologik topilmalarda emas, xalqning tilida ham yashaydi. Har bir so‘zda ajdodlar tafakkuri, hayotiy tajribasi va qadriyatlarining izlari mujassam. Ona tili ana shu ma’naviy boylikni avloddan-avlodga yetkazadi, tarixiy xotirani mustahkamlaydi va milliy o‘zlikni anglashga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, til bayramining ahamiyatini faqat bayram tadbirlari bilan cheklab bo‘lmaydi. Ona tilining nufuzini yuksaltirish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish, ilmiy bilimlarni ravon va tushunarli bayon etish ham uni asrashning muhim shartlaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-tadqiqot, muzey, kutubxona va nashriyot faoliyati ham milliy va jahon merosini o‘rganish, saqlash hamda keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan. Bu jarayonda tarixiy manbalarni o‘zbek tilida aniq, ilmiy asoslangan va ommabop shaklda taqdim etish alohida ahamiyat kasb etadi. Markaz tomonidan tayyorlanayotgan mamlakatimiz ziyoratgohlari, buyuk allomalar va ma’naviy meros haqidagi bilimlarni ravon o‘zbek tilida keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan «Ma’naviyat manzillari» turkumidagi risolalar bu boradagi amaliy ishlarning natijasidir.
Tilda mujassam milliy xotira
Har bir xalqning tilida uning tarixi, dunyoqarashi va ma’naviy qadriyatlari aks etadi. O‘zbek tilidagi «milliy iftixor», «vatanparvarlik», «or-nomus», «el-yurtga sadoqat», «ajdodlarga ehtirom» va «fidoyilik» kabi tushunchalar xalqimizning asrlar davomida shakllangan hayotiy qarashlarini ifodalaydi.
Masalan, «el-yurtga sadoqat» Vatan taqdiriga daxldorlik va uning ravnaqi uchun mas’uliyatni anglatsa, «milliy iftixor» xalqning tarixi, madaniyati va ajdodlar merosini qadrlash tuyg‘usini mujassam etadi. Bu tushunchalarning mazmunini yosh avlodga yetkazish ona tiliga hurmatni mustahkamlash bilan birga, tarixiy bilim va ma’naviy tarbiyani ham boyitadi.
«Devonu lug‘otit turk» faksimile nusxasi
Turkiy tillar tarixini o‘rganishda Mahmud Qoshg‘ariyning XI asrda yaratilgan «Devonu lug‘atit-turk» asari muhim manba hisoblanadi. Unda turkiy xalqlarning so‘z boyligi, maqollari, she’riy parchalari, urf-odatlari va til xususiyatlari haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan. Asar tarkibida turkiy xalqlar yashagan hududlarni aks ettiruvchi xaritaning mavjudligi ham uning tarixiy va ilmiy ahamiyatini oshiradi.
Alisher Navoiyning 1499-yilda yaratilgan «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari esa turkiy tilning lug‘aviy va badiiy imkoniyatlarini qiyosiy tahlil asosida yoritgan muhim filologik yodgorlikdir. Mutafakkir bu asarida turkiy tilning nozik ma’nolarni ifodalash, murakkab fikrlarni bayon qilish va yuksak badiiy asarlar yaratish imkoniyatlarini asoslab bergan.
Bu asarlar tilning faqat muloqot vositasi emas, balki ilm, adabiyot va tarixiy xotirani saqlovchi muhim boylik ekanini ko‘rsatadi. Ularni o‘rganish va targ‘ib qilish ona tiliga ehtiromni chuqur tarixiy bilim bilan boyitadi.
Jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shilgan hissa
Markaziy Osiyo IX–XII asrlarda jahon ilm-fani va madaniyatining muhim markazlaridan biriga aylandi. Bu davrda matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa, hadisshunoslik, kalom va boshqa sohalar rivojiga katta hissa qo‘shgan allomalar yetishib chiqdi.
Muhammad Xorazmiyning matematika, Ahmad Farg‘oniyning astronomiya, Abu Rayhon Beruniyning tabiiy va tarixiy fanlar, Abu Ali ibn Sinoning tibbiyot va falsafa sohalaridagi asarlari jahon ilm-fani tarixida muhim o‘rin tutadi. Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalarning ilmiy merosi esa islomiy ilmlar taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.
Ushbu mutafakkirlarning ko‘plab asarlari arab va fors tillarida yaratilgan. Bu holat o‘rta asrlarda mintaqa olimlari xalqaro ilmiy-madaniy aloqalar tizimida faol ishtirok etganini ko‘rsatadi. Bugun mazkur merosni o‘zbek tiliga tarjima qilish, ilmiy sharhlar bilan boyitish va ommabop nashrlar orqali tarqatish ajdodlar qoldirgan bilimlarni yangi avlodga yaqinlashtirish imkonini beradi.
Bu jarayonda tarjimon, olim va muharrirning mas’uliyati katta. Tarixiy atamalarni to‘g‘ri qo‘llash, manba mazmunini buzmasdan yetkazish va murakkab ilmiy tushunchalarni sodda tilda izohlash merosni to‘g‘ri anglash uchun muhimdir.
Ziyoratgohlar tarixi ravon o‘zbek tilida
Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan ma’rifiy tashabbuslardan biri — mamlakatimiz ziyoratgohlari tarixi va ma’naviy merosini yorituvchi «Ma’naviyat manzillari» turkumidagi risolalarni nashrga tayyorlash loyihasidir.
Loyiha yurtimizning turli hududlarida joylashgan tarixiy ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar, buyuk allomalar va tasavvuf namoyandalari hayoti, shuningdek, ular bilan bog‘liq moddiy va ma’naviy meros haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qiladi.
Risolalarda ziyoratgohlarning shakllanish tarixi, me’moriy xususiyatlari, ular bilan bog‘liq tarixiy shaxslar va ilmiy-ma’naviy an’analar haqidagi ma’lumotlarni tizimli bayon etish nazarda tutilgan. Tarixiy manbalar va ilmiy tadqiqotlarga tayanish esa nashrlarning ishonchliligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Loyihaning ahamiyatli jihatlaridan biri — tarixiy ma’lumotlarni ravon, tushunarli va ilmiy aniq o‘zbek tilida bayon etishdir. Ziyoratgohlar muayyan davrning ijtimoiy hayoti, ilm-fani, me’morchiligi va xalq xotirasi bilan bog‘liq. Shuning uchun risolalarda tarixiy atamalarni izohlash, joy va shaxs nomlarini to‘g‘ri yozish, manbalar mazmunini aniq yetkazishga alohida e’tibor qaratilishi zarur.
Ilmiy-ommabop uslubda tayyorlangan bunday nashrlardan keng kitobxonlar ommasi, yoshlar, ziyoratchilar, ekskursovodlar va turizm sohasi mutaxassislari foydalanishi mumkin. Ular ziyoratgohlar haqidagi ishonchli ma’lumotlarni tarqatish, hududlarning tarixiy-madaniy merosini tanitish va ziyorat turizmiga oid ma’rifiy axborotni boyitishga ham xizmat qilishi mumkin.
Ona tilida tayyorlangan har bir risola ajdodlar tarixi bilan bugungi avlod o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini bajaradi. Uning qiymati nafaqat taqdim etilgan ma’lumotlar hajmi, balki manbalarning ishonchliligi, bayonning ravonligi va kitobxonga beradigan bilimi bilan ham belgilanadi.
Tarixiy merosni raqamli muhitga olib chiqish
Bugun tarixiy merosni asrash va o‘rganish uni zamonaviy texnologiyalar orqali keng targ‘ib qilish bilan ham uzviy bog‘liq. Elektron kutubxonalar, raqamli kataloglar, virtual ekspozitsiyalar va mulьtimedia vositalari ilmiy ma’lumotlarni turli auditoriyalarga yetkazishning yangi imkoniyatlarini yaratmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazining muzey va ilmiy-ma’rifiy faoliyatida ekspozitsiya matnlari, ekskursiya materiallari, elektron nashrlar va raqamli ma’lumotlarning o‘zbek tilida ilmiy aniq hamda tushunarli bo‘lishi muhim. Atamalarning izchil qo‘llanishi, imlo qoidalariga rioya qilinishi va matnlarning mazmunan puxta tayyorlanishi tashrif buyuruvchilarga tarixiy ma’lumotlarni to‘g‘ri anglashda yordam beradi.
Qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, tarixiy atamalarning ilmiy izohlarini ishlab chiqish, elektron lug‘atlar va ma’lumotlar bazalarini boyitish ham o‘zbek tilining zamonaviy ilm-fan va raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, tilni rivojlantirish faqat adabiy asarlar yaratish yoki kundalik muloqot bilan cheklanmaydi. Ilmiy maqola, puxta tarjima, tushunarli muzey izohi, elektron lug‘at va ishonchli risola ham tilning zamonaviy imkoniyatlarini namoyon etuvchi amaliy natijalardir.
Ona tiliga hurmat — bilim va mas’uliyat
O‘zbek tili bayrami ona tilining jamiyat hayotidagi o‘rnini amaliy ishlar orqali mustahkamlash zarurligini eslatadi. Bu, avvalo, til me’yorlariga rioya qilish, ilmiy ma’lumotlarni aniq ifodalash, tarixiy manbalarga ehtiyotkorlik bilan yondashish va bilimni keng jamoatchilikka tushunarli yetkazishda namoyon bo‘ladi.
Tarixiy manbaning mazmuni ona tilida ravshan ifodalansa, ajdodlar tafakkuri bugungi kitobxonga yaqinlashadi. Milliy merosni teran anglash esa tilga muhabbatni bilim, mas’uliyat va uni asrab-avaylashga qaratilgan amaliy harakatlar bilan boyitadi.
Ona tilini e’zozlash — uning boy imkoniyatlarini ilm-fan, ta’lim, madaniyat va zamonaviy axborot muhitida to‘la namoyon etishdir. Til bayramining bardavom ma’nosi ham shunda.
Eldor Ibragimov,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
Ziyorat turizmi ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i,
tarix fanlari nomzodi, dotsent





