Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Jenevadagi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro hamjamiyatga taqdim etishi xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi. Xususan, Qatarning ingliz tilidagi yetakchi gazetalaridan biri The Peninsula Qatar, Ozarbayjonning Report.az axborot agentligi hamda Qirg‘izistonning 24.kg axborot agentligi ushbu xalqaro tadbir haqida maqolalar e’lon qildi. Nashrlarda «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi, Millatlar saroyida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiya va O‘zbekistonning boy tarixiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asrash hamda jahon miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslar yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi Millatlar saroyida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazma va konferensiyada mintaqa ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi. Tadbirlarda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar hamda madaniyat arboblari ishtirok etdi. Shuningdek, uchrashuvlar yangi ilmiy va madaniy-ma’rifiy loyihalarni muhokama qilish maydoniga aylandi.
BMTning Jenevadagi bo‘linmasida «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi hamda «Islom sivilizatsiyasi — Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi va ma’rifat ufqlari» xalqaro ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar asosiy e’tiborni Buxoro, Samarqand va Termizdagi ilmiy markazlarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga, shuningdek, Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkirlari g‘oyalarining bugungi kundagi ahamiyatiga qaratdilar.
Uchrashuv 7 oktabr kuni Parijdagi YUNESKO shtab-kvartirasida boshlangan xalqaro muloqotning davomi bo‘ldi. Har ikki tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi doirasida tashkil etildi. Mazkur tashabbus Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish hamda xalqaro jamoatchilikka keng taqdim etishni nazarda tutadi.
«Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasidan kitoblar, ilmiy va illyustratsiyali nashrlar, miniatyuralar, shuningdek, Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkirlari hayoti va kashfiyotlariga bag‘ishlangan materiallar o‘rin oldi. Ekspozitsiya mintaqa ilmiy va badiiy an’analarining boyligini, shuningdek, avlodlar o‘rtasida bilimlar uzviyligini namoyon etdi.
BMTning Jenevadagi bo‘linmasi bosh direktori Tatьyana Valovaya bunday tadbirlarning sivilizatsiyalararo muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, u Islom sivilizatsiyasi markazining ma’rifiy missiyasiga yuksak baho berdi.
Asosiy ma’ruzani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov taqdim etdi. U muzey faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlari va ma’rifiy yo‘nalishlarni o‘zida mujassam etgan markazning xalqaro missiyasi haqida so‘z yuritdi.
Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbariyati bilan tashkilot kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Kutilishicha, bu Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixiga oid ilgari noma’lum bo‘lgan materiallarni o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert Blyum Samarqandning turli madaniyatlar va dinlar uchrashgan maskan sifatidagi tarixiy rolini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bilimga intilish insonlarni diniy mansubligidan qat’i nazar birlashtira oladi.
Tadbir dasturi O‘zbekiston, islom sivilizatsiyasi merosi, Islom sivilizatsiyasi markazining zamonaviy formati va mintaqa buyuk mutafakkirlarining asarlariga bag‘ishlangan uchta qisqa metrajli filьm bilan boyitildi.
Tadbir yakunida ko‘rgazmada namoyish etilgan barcha kitoblar BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasiga sovg‘a qilindi. Ishtirokchilar, shuningdek, qo‘shma ilmiy va madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, respublika Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Jenevadagi doimiy vakolatxonasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.





