Qariyb 400 yillik "Xamsa" qo‘lyozmasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish qilinmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan nodir qo‘lyozmalar orasida mumtoz adabiyotning buyuk namoyandasi Nizomiy Ganjaviyning mashhur «Xamsa» asari alohida ahamiyatga ega.
Nizomiy Ganjaviy qalamiga mansub mazkur «Xamsa» qo‘lyozmasi kotib Ibn Husayn Murod Ali Damavandiy tomonidan Safaviylar davrida, hijriy 1061-yil rabi’ul-avval oyining boshida, milodiy 1651-yil 23-fevralda ko‘chirilgan bo‘lib, qo‘lyozmaning o‘lchami 37,2 × 22,2 santimetrni tashkil etadi.
Qo‘lyozma 303 varaq va bir qo‘shimcha varaqdan iborat. Sarlavhalar qizil rangda yozilgan bo‘lib, asarda olti dona rangli va zarhallangan unvon sahifasi hamda guash usulida ishlangan 28 ta zarhallangan miniatyura mavjud.
Jigarrang marokash terisidan ishlangan muqova markazidagi laklangan medalьonlar esa qo‘lyozmaning badiiy qimmatini yanada oshiradi. Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa»si besh dostondan tashkil topgan: «Maxzan ul-asror», «Xusrav va Shirin», «Layli va Majnun», «Haft paykar» va «Iskandarnoma». Ushbu asarlar Sharq adabiyotining eng yuksak namunalaridan hisoblanadi.
XVII asrda yaratilgan mazkur qo‘lyozma o‘sha davr kitobat san’atining yuksak darajasini namoyon etadi. Keyinchalik u Qojarlar sulolasi shahzodasi Farhod Mirzo (1818–1888) kutubxonasiga kiritilgan. Fors va arab qo‘lyozmalarini to‘plashga katta qiziqish bildirgan Farhod Mirzoning kutubxonasi Erondagi qimmatli shaxsiy to‘plamlardan biri bo‘lgan.
Qo‘lyozma 1881-yil 10-sentabrda, hijriy 1298-yil 15-shavvolda shahzoda kutubxonasiga qabul qilingan. Bu nodir qo‘lyozma nafaqat buyuk shoir ijodining, balki asrlar davomida sayqal topgan kitobat, xattotlik va miniatyura san’atining ham noyob namunasidir.





