Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

BERNAMA: "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tadqiqotlar uchun BMT arxivlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi"

Malayziyaning BERNAMA axborot agentligi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi BMT kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida xabar berdi.

Malayziyaning BERNAMA milliy axborot agentligi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy faoliyati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.

Maqolada asosiy e’tibor Markaz va BMTning Jenevadagi kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha erishilgan kelishuvga qaratilgan. Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixiga oid manbalarni ilmiy jihatdan o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Agentlik ta’kidlashicha, BMT kutubxonasi va arxiv materiallaridan foydalanish mintaqaning tarixiga doir shu paytgacha noma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni tadqiq etish imkonini beradi.

BERNAMA, shuningdek, Jenevadagi Millatlar saroyida tashkil etilgan «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» xalqaro ko‘rgazmasi hamda Movarounnahrning ma’naviy va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya haqida ham batafsil ma’lumot berdi.

BMTning Jenevadagi bo‘linmasi Bosh direktori Tatьyana Valovaya Markazning tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar yordamida namoyish etishga qaratilgan yondashuvini yuqori baholab, BMT kutubxonasi va Markaz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga ishonch bildirdi.

Maqolada, shuningdek, Markaz tomonidan ko‘rgazmada namoyish etilgan kitoblarning BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasiga hadya qilingani, Buxoro, Samarqand va Termizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ham so‘z yuritilgan.

BERNAMA agentligida e’lon qilingan mazkur material O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy tashabbuslari xalqaro ahamiyat kasb etayotganini hamda BMT bilan ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini alohida ta’kidlaydi.