Agenda Nexus: “Jenevada BMT doirasida Markaziy Osiyoning madaniy merosi namoyish etildi”
Shvetsiyaning Agenda Nexus — Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti nashrining rasmiy veb-saytida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosi Jenevadagi BMT maydonida xalqaro hamjamiyatga taqdim etilgani haqida tahliliy maqola e’lon qilindi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ishtirokida tashkil etilgan xalqaro konferensiya va «Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar» ko‘rgazmasi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbusi, shuningdek, BMT kutubxonasi va arxivlari bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yoritilgan. Muallif Markaziy Osiyoning boy ilmiy va madaniy merosi xalqaro muloqot, madaniyatlararo anglashuv va tinchlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 22-oktabr kuni Jenevadagi BMT maydonida tashkil etilgan ko‘rgazma va xalqaro konferensiya orqali Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.
Jeneva, 2026-yil 22-oktabr
O‘zbekiston sivilizatsiyalarning mushtarak bilim merosi borasidagi xalqaro muloqotni mustahkamlamoqda
Markaziy Osiyoning ilm-fan, falsafa va diniy tafakkur rivojiga qo‘shgan tarixiy hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan mintaqaning intellektual va madaniy merosi Jenevadagi BMT ofisida taqdim etilgan tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Millatlar saroyida tashkil etilgan xalqaro konferensiya va keng qamrovli ko‘rgazma orqali bilim, madaniy anglash va xalqaro hamkorlikning ahamiyati, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi davrda ularning o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar hamda madaniyat namoyandalari ishtirok etdi. Mazkur tashabbus O‘zbekistonning Markaziy Osiyo tarixiy va ilmiy merosini xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va tushunarli qilish, shu bilan birga, mamlakatning xalqaro madaniy va diplomatik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarining bir qismidir.
Parijdagi YUNESKOdan Jenevadagi Birlashgan Millatlar Tashkilotigacha
«Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» deb nomlangan konferensiya Buxoro, Samarqand va Termizda shakllangan ilmiy an’analarning jahon bilimlari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yoritib berdi.
Jenevadagi uchrashuv 2026-yil 7-oktabr kuni Parijdagi YUNESKO shtab-kvartirasida boshlangan xalqaro muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ushbu tashabbusning zamirida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan taklifi mujassam. Davlat rahbari o‘sha nutqida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur ilmiy o‘rganish hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlagan edi.
Mazkur tashabbus Markaziy Osiyoni ilm-fan, din va madaniy almashinuvning tarixiy markazi sifatida namoyon etish, shuningdek, ushbu mushtarak merosdan xalqaro muloqotni rivojlantirish yo‘lida foydalanishga qaratilgan intilishni ifodalaydi.
Ilm-fan va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi mushtaraklikni namoyon etuvchi madaniy meros
Konferensiya «Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar» nomli ko‘rgazma bilan boshlandi.
Ekspozitsiyadan ilmiy nashrlar, bezakli kitoblar, miniatyuralar hamda Markaziy Osiyoning mashhur mutafakkirlari va ularning kashfiyotlariga bag‘ishlangan tarixiy materiallar o‘rin oldi.
Ko‘rgazma orqali mintaqaning ilmiy va badiiy an’analari, shuningdek, bilimlarning shakllanishi, asrab-avaylanishi va avloddan avlodga o‘tib kelishi jarayonlari namoyish etildi.
Tadbirning asosiy g‘oyalaridan biri Markaziy Osiyo tarixi faqat mintaqaviy madaniy meros emas, balki insoniyatning umumiy ilmiy va intellektual taraqqiyotining ham muhim qismi ekanini ta’kidlashdan iborat bo‘ldi.
BMT madaniy anglash va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi
Konferensiyaning ochilish nutqlari Jenevadagi BMT ofisi bosh direktori Tatьyana Valovaya hamda O‘zbekistonning BMT va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili Eldor Toshmatov tomonidan so‘zlandi.
Tatyana Valovaya sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotning ahamiyatini alohida ta’kidlab, xalqlar va jamiyatlarning bir-birlari haqidagi tarixiy hamda madaniy bilimlarini oshirish o‘zaro ishonch va tushunishni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
U O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga ham yuqori baho berib, uning tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar va ta’lim usullari bilan uyg‘unlashtirish qobiliyatini alohida e’tirof etdi.
Valovayaning ta’kidlashicha, markaz XXI asr talablariga mos muassasa bo‘lib, ayniqsa, yosh avlodga yetib borish va ularni jalb qilish uchun katta imkoniyatlarga ega.
Shuningdek, u markaz bilan Jenevadagi BMT ofisi kutubxonasi o‘rtasida rejalashtirilayotgan hamkorlikni olqishladi.
Konferensiyaning ochilish sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov ham ishtirok etdi.
BMT kutubxonasi va arxivlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Konferensiyadagi asosiy ma’ruza O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Jahon jamiyati (WOSCU) raisi Firdavs Abduxoliqov tomonidan taqdim etildi.
U markazning xalqaro miqyosdagi vazifalari haqida so‘z yuritib, muzey faoliyati, akademik tadqiqotlar va ta’lim tashabbuslari yagona institutsional tizim doirasida birlashtirilayotganini ta’kidladi.
Abduxoliqov Prezident Mirziyoyevning 2025-yilda BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan tashabbusi endi aniq xalqaro tadbirlar va amaliy ishlar orqali ro‘yobga chiqarilayotganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Parijdagi YUNESKO va Jenevadagi BMT maydonlarida o‘tkazilgan taqdimotlar O‘zbekistonning tarixiy va intellektual merosiga nisbatan xalqaro qiziqishni sezilarli darajada oshirgan.
Konferensiyaning muhim yangiliklaridan biri Jenevadagi BMT ofisi rahbariyati bilan ilmiy tadqiqotlar maqsadida tashkilot kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqidagi ma’lumot bo‘ldi.
Bu Markaziy Osiyo va O‘zbekiston taraqqiyotiga oid tarixiy hujjatlar hamda ilgari kam o‘rganilgan manbalarni aniqlash va tadqiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Shu tariqa, mazkur hamkorlik mintaqaning tarixi va madaniy merosini o‘rganishga qaratilgan xalqaro ilmiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo mutafakkirlari va ularning bugungi jamiyat uchun ahamiyati
Konferensiyaning muhim qismi islomiy tafakkur va ilm-fan tarixida katta o‘rin tutgan uch buyuk alloma — Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlandi.
Ularning ilmiy faoliyati Buxoro, Termiz va Samarqandda shakllangan ilm-fan an’analari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Muhokamalarda ilmiy ishonchlilik, manbalarni tanqidiy tahlil qilish, bilimlarni yetkazish, axloqiy mas’uliyat hamda e’tiqod va aql o‘rtasidagi munosabat kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Bu mavzular, ayniqsa, bugungi kunda jamiyatlar dezinformatsiya, diniy qarama-qarshiliklar va turli madaniy hamda diniy an’analar o‘rtasidagi tushunmovchiliklar kabi muammolarga duch kelayotgan bir paytda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Jeneva diplomatik doirasi raisi Robert Blum Samarqandning turli diniy va madaniy qarashlarga ega insonlar uchrashadigan tarixiy maskan sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi.
U diniy e’tiqodlardagi farqlar o‘zaro tushunishga to‘siq bo‘lishi shart emasligini qayd etdi. Aksincha, bilim olishga bo‘lgan mushtarak intilish o‘zaro hurmat va hamkorlik uchun zamin yaratishi mumkinligini ta’kidladi.
Berlindagi Cultur-Cooperation International tashkiloti direktori, WOSCU a’zosi Ketlin Gyobel tinchlikni ta’minlash yo‘lidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
U mojarolar, qo‘rquv va inson azob-uqubatlari bilan to‘la dunyo muammolarini hal etish uchun hukumatlar, jamoat institutlari va xalqaro tashkilotlar hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidladi.
BMTning Latter-day Saint Charities tashkiloti bilan aloqalar bo‘yicha vakili Kreyg Teylor ham Imom Moturidiy va Abu Rayhon Beruniy qarashlarining bugungi kundagi ahamiyatiga to‘xtaldi. U diniy mansubligidan qat’i nazar, har bir inson tinch-totuv yashash muhitini shakllantirishga hissa qo‘shish mas’uliyatiga ega ekanini ta’kidladi.
Ilm-fan, ma’rifat va bag‘rikenglik — asosiy e’tibor markazida
Konferensiyaning ilmiy sessiyasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov rahbarligida o‘tkazildi.
U Markaziy Osiyo olimlarining tarixiy kashfiyotlari va ularning xalqaro ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov bugungi jamiyatda ma’rifat va bag‘rikenglikning ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov allomaning intellektual merosi doirasida aql, mo‘’tadillik va axloqiy mas’uliyat masalalarini tahlil qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev Imom Buxoriy va Imom Termiziy tomonidan ishlab chiqilgan manbalarni o‘rganish va hadislarning ishonchliligini tekshirish usullari haqida ma’lumot berdi.
Ilmiy taqdimotlar tarixiy bilim an’analari zamonaviy ta’lim, ilmiy metodologiya, diniy anglash va jamiyat oldidagi mas’uliyatga doir munozaralarga qanday hissa qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Madaniyat va zamonaviy texnologiyalar — xalqaro bilim almashinuvi vositasi
Konferensiya davomida O‘zbekiston va islom sivilizatsiyasining madaniy merosi, yangi sivilizatsiya markazining muzey faoliyati, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning intellektual merosini yorituvchi uchta qisqa metrajli filьm namoyish etildi.
Filьmlarda raqamli texnologiyalar, vizual hikoya qilish usullari va zamonaviy muzey pedagogikasi tarixiy hamda ilmiy bilimlarni keng xalqaro auditoriyaga yetkazishda qanday qo‘llanilishi mumkinligi ko‘rsatildi.
Hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ko‘rgazmada taqdim etilgan barcha kitoblarni Jenevadagi BMT ofisi kutubxonasiga sovg‘a qildi.
Ushbu kitoblar BMTning xalqaro bilimlar muhitida Markaziy Osiyoga oid ilmiy va tarixiy nashrlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Xalqaro hamkorlik va kelgusidagi istiqbollar
Konferensiya ilmiy tadqiqotlar, madaniy tashabbuslar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish bilan yakunlandi.
Rasmiy dasturdan so‘ng Millatlar saroyida an’anaviy o‘zbek taomlari taqdim etilgan qabul marosimi tashkil etildi. Ushbu tadbir diplomatlar, olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rtasida norasmiy muloqotlar o‘tkazish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratdi.
Konferensiya O‘zbekistonning bir qator muassasalari va xalqaro hamkorlar ishtirokida tashkil etildi. Ular qatorida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Jenevadagi BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston san’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda WOSCU bor.
Tashkilotlarning keng ko‘lamda ishtirok etishi O‘zbekiston tarixiy merosini xalqaro miqyosda tanitish maqsadida ilmiy, madaniy va diplomatik resurslarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Tahlil. Madaniy meros — diplomatiya, ilm-fan va xalqaro munosabatlar o‘rtasidagi ko‘prik
Jenevadagi tashabbusni O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarda madaniy va ilmiy diplomatiyadan tobora kengroq foydalanish strategiyasining bir qismi sifatida baholash mumkin.
Markaziy Osiyoning ilmiy tarixi va diniy tafakkur merosini namoyon etish orqali mamlakat sivilizatsiyalar, bilim va madaniy almashinuvning tarixiy markazi sifatidagi xalqaro nufuzini mustahkamlashga intilmoqda.
Diplomatik nuqtai nazardan, bu tashabbusning ahamiyati faqat tarixiy yutuqlarni namoyish etish bilan cheklanmaydi. Madaniy meros universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik doiralar o‘rtasida yangi aloqalar o‘rnatish uchun ham imkoniyat yaratadi.
Tadbirlarning Parijdagi YUNESKO shtab-kvartirasi va Jenevadagi BMT ofisida o‘tkazilgani tashabbusning xalqaro miqyosdagi ko‘rinishini yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoning bilim va tafakkur merosini keng ko‘p tomonlama hamkorlik doirasiga olib chiqdi.
Shu bilan birga, tashabbusning uzoq muddatli ahamiyati taklif etilgan hamkorlik imkoniyatlari qay darajada aniq ilmiy loyihalar, institutsional sherikliklar va barqaror bilim almashinuviga aylanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ayniqsa, BMT kutubxonasi va arxivlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Chunki bu ilmiy tadqiqotlar uchun yangi tarixiy manbalardan foydalanish imkonini yaratib, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga zamin hozirlaydi.
Xulosa
Jenevadagi Millatlar saroyida o‘tkazilgan konferensiya tarixiy va madaniy meros zamonaviy xalqaro muloqot uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Ilmiy tadqiqotlar, tarixiy bilimlar va diplomatik tashabbuslarni birlashtirish orqali O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, turli madaniy va diniy an’analarga mansub insonlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishga intilmoqda.
Mojarolar va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan xalqaro muhitda ushbu tashabbus ilm-fan, ta’lim va mushtarak madaniy meros muloqot hamda tinchlik yo‘lidagi hamkorlik vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini eslatadi.
Shu bois mazkur sa’y-harakatlarning uzoq muddatli qiymati faqat o‘tmishni asrab-avaylash bilan emas, balki tarixiy bilimlardan kelajakdagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida foydalanish imkoniyatlari bilan ham belgilanadi.





