Bog‘dorchilik bo‘yicha eng qadimiy turkiy risola «Ravnaqi bo‘ston» faksimilesi bilan o‘zbek tilida nashr etildi
Muallifi uzoq vaqt noma’lum hisoblangan bog‘dorchilik bo‘yicha qadimiy turkiy risola «Ravnaqi bo‘ston» Temuriylar davrida Samarqand ilmiy muhitida yetishib chiqqan buyuk astronom, matematik va mutafakkir, Mirzo Ulug‘bek ilmiy maktabining yirik namoyandalaridan biri – Ali Qushchi oilasining ilmiy merosi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Istanbuldagi qo‘lyozmalar va Usmonlilar arxiviga oid ma’lumotlar asosida ilgari surilgan ushbu taxmin asarning muallifini aniqlash borasidagi tadqiqotlarda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Risola nafaqat o‘rta asr bog‘dorchilik an’analarini, balki turkiy tilning tarixiy lug‘at boyligi va Markaziy Osiyo hamda Anado‘li o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni o‘rganish uchun ham qimmatli manbadir. Ushbu nodir asar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU delegatsiyasining 2024-yil 16–19 sentabr kunlari Istanbulga amalga oshirgan xizmat safari tarixiy qo‘lyozmalarni o‘rganish va ularni o‘zbek kitobxonlariga yetkazish borasidagi yangi tashabbuslarga turtki berdi.
Safar davomida delegatsiya Turkiyaning muzeylari, kutubxonalari va oliy ta’lim muassasalarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi va buyuk allomalar merosi bilan bog‘liq eksponatlar, arxiv hujjatlari hamda nodir qo‘lyozmalar bilan tanishdi.
Ana shu ilmiy muloqotlar jarayonida «Ravnaqi bo‘ston» asarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, matnini zamonaviy yozuvga tabdil etish va qo‘lyozmaning faksimile nusxasi bilan birgalikda nashr etish taklifi ilgari surildi.
Turkiy bog‘dorchilik tarixining nodir manbasi
«Ravnaqi bo‘ston» Anado‘lida qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, bog‘dorchilikka oid turkiy tilda yozilgan eng qadimgi risolalardan biri sifatida ilmiy adabiyotlarda tilga olinadi.
Asar o‘zida o‘simliklar, bog‘dorchilik an’analari, xalq yil hisobi, tabiatga oid tushunchalar va turli e’tiqodlar bilan bog‘liq terminlarni jamlagani bilan ahamiyatlidir.
Qishloq xo‘jaligi tarixiga oid bunday manbalarning nisbatan kam saqlangani «Ravnaqi bo‘ston»ning ilmiy qiymatini yanada oshiradi.
Ushbu risola faqat bog‘dorchilik haqidagi amaliy bilimlarni emas, balki o‘sha davrdagi turkiy tilning lug‘at boyligi, ilmiy atamalar tizimi va xalqning tabiat haqidagi tasavvurlarini ham o‘rganish imkonini beradi.
Asarda uchraydigan ayrim tushunchalar bugungi turkiy tillarda keng qo‘llanilmaydi. Shu sababli uning matni tilshunoslar, manbashunoslar, madaniyat tarixi va qishloq xo‘jaligi tarixi tadqiqotchilari uchun alohida ahamiyatga ega.
Istanbuldan o‘zbekcha nashrgacha
2024-yil dekabr oyida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez asarning 2000-yilda Turkiyada professor Zafar O‘nlar tomonidan nashrga tayyorlangan nusxasini o‘zbekistonlik tadqiqotchilarga taqdim etdi.
Ushbu ilmiy nashrda «Ravnaqi bo‘ston» matni, uning til xususiyatlari va lug‘at boyligi o‘rganilgan. Kitobga Ayo Sofiya qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxaning faksimilesi ham kiritilgan.
Zafar O‘nlar tayyorlagan tadqiqot uch asosiy qismdan — kirish, matn va lug‘atdan iborat.
Kirish qismida asarning qo‘lyozma nusxalari, mazmuni va muhim til xususiyatlari haqida ma’lumot berilgan.
Matn qismi Ayo Sofiya fondidagi qo‘lyozmaga asoslangan bo‘lib, satrlar raqamlanishi ham mazkur nusxaga muvofiq amalga oshirilgan. Boshqa ikki nusxa bilan qiyoslash imkoniyatini yaratish maqsadida ularga oid ma’lumot va qiyosiy materiallar ham taqdim etilgan.
Lug‘at qismida esa tarixiy atamalar, o‘ziga xos ma’noda ishlatilgan so‘z va iboralar, shuningdek, bugungi turkiy tillarda kam qo‘llaniladigan leksik birliklarga izoh berilgan.
O‘zbekcha tarjimani tayyorlashda aynan ushbu 2000 yilgi ilmiy nashr asos qilib olindi. O‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida asarning ayrim tarixiy va leksik izohlari tarjima matniga singdirildi.
Muallif kim? Arxiv hujjatlari nimani ko‘rsatmoqda?
«Ravnaqi bo‘ston» bilan bog‘liq eng qiziqarli ilmiy masalalardan biri — uning muallifini aniqlashdir.
Avvalgi tadqiqotlarda asarning muallifi noma’lum ekani qayd etilgan. Risolaning kirish qismidagi ma’lumotlar asosida u Edirna hududida yozilgan bo‘lishi mumkinligi bildirilgan.
Biroq yangi tadqiqot jarayonida O‘zbekiston olimlari asarning Qozi Abdurahmon ismli tarixiy shaxsga aloqadorligini o‘rganishga kirishdi.
Bu borada Turkiya Davlat arxivlari boshqarmasi Usmonli arxivida saqlanayotgan IE.ENB 3, 302 raqamli hujjatga e’tibor qaratildi.
Izzatli sultonim marhamatli hazratlari sog‘ bo‘lsin!
Holo marhum Ali Qushchizoda Abdurahmon Afandining vaqfindan daltatuqo qazosidan. Uch kuz va kirmoni mazburidan qarbinda. Va kirmoni qazoi Kurmunjinada olti qit’a do‘konlari va bardikirmoni bu mazkuralar g‘asban, zabt etilib vaqfayn kunli uzrurub, no bakri ahkomi shar’iy ijro etmayayub, voqif mazburi madrasasi va jomi’ muattal qoldig‘i ajlidin, qazlil Edirna afandisi huzurinda ijroi haq o‘lmog‘i....
Hijriy 1084-yilga oid mazkur hujjatda Ali Qushchizoda Abdurahmon Afandi nomi tilga olinadi. Hujjat Ali Qushchi avlodiga mansub Abdurahmon Afandi masjidi va madrasasi vaqflari bilan bog‘liq mulkiy nizo haqidagi murojaatni o‘z ichiga oladi.
Unda Dimetoka va Gumulji tumanlaridagi vaqf mulklarining egallanishi, shuningdek, masjid va madrasa faoliyati bilan bog‘liq muammolar bayon etilgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur arxiv hujjati Ali Qushchining o‘g‘li Abdurahmon Afandi tarixiy shaxs sifatida mavjud bo‘lgani va uning nomi Usmonlilar davri hujjatlarida qayd etilganini ko‘rsatadi.
Mualliflikka oid yana bir muhim dalil «Ravnaqi bo‘ston» qo‘lyozma nusxalaridan birining boshlanish qismida uchraydi.
Unda qizil siyoh bilan asar marhum Ali Qushchizoda Qozi Abdurahmon Afandiga mansubligi haqida qayd bitilgan.
Kitob muqaddimasida “Marhum Ali Qushchizoda Qozi Abdurrahmon Afandi marhumning “Ravnaqi bo‘ston” nomli kitobidir deb yozilganligini, so‘ng “Bismillohir rahmonir rahim Hamdi bepoyon va shukri farovon xoliqi osmon va roziqi insu jon hazratigakim, xoki poki guzidai chor anosir va nahli odamni ondin zohir etib, furu’in anbiyoi kibor va har birining mevai hikmatini beshumor ila purbor ayladi...” deya davom ettirilganini ko‘ramiz.
Mazkur qayd va arxiv hujjati asosida o‘zbekistonlik tadqiqotchilar «Ravnaqi bo‘ston» asarining muallifi buyuk matematik va astronom Ali Qushchining o‘g‘li Qozi Abdurahmon bo‘lishi mumkin, degan ilmiy xulosani ilgari surmoqda.
Biroq bu atributsiyani yakuniy tasdiqlash uchun qo‘lyozma nusxalarining yaratilish va ko‘chirilish sanalari, ularning matniy tafovutlari hamda arxiv dalillarini qiyosiy o‘rganish muhim.
Yunon va musulmon olimlari merosi bir asarda
«Ravnaqi bo‘ston»ning yana bir o‘ziga xos jihati unda turli ilmiy an’analarga murojaat qilinganidir.
Asar mazmuni muallifning bog‘dorchilik sohasiga chuqur qiziqqanini, o‘simliklar va ularni parvarishlashga oid bilimlarni tizimlashtirishga intilganini ko‘rsatadi.
Matnda yunon ilmiy an’anasiga mansub Sagris, Kastos, Sorion va Yanbushad kabi nomlar uchraydi. Shuningdek, musulmon olimlaridan Tohiri Kan’oniy tilga olinadi.
Mazkur ma’lumotlar asarning faqat mahalliy dehqonchilik tajribasiga emas, balki turli davr va mintaqalarda shakllangan bilimlarga ham tayanganligini ko‘rsatadi.
Muallifning yunon tilidagi manbalardan bevosita foydalangani haqidagi qarash ham tadqiqotda ilgari surilgan.
Shu jihatdan, «Ravnaqi bo‘ston» turkiy qishloq xo‘jaligi tarixi bilan bir qatorda, ilm-fan tarixidagi madaniy aloqalarni o‘rganish uchun ham muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ali Qushchi merosi va xalqaro ilmiy muloqot
«Ravnaqi bo‘ston»ning o‘zbekcha nashri ustidagi ishlar buyuk alloma Ali Qushchi merosiga xalqaro qiziqish kuchaygan davrda amalga oshirildi.
2024-yil Ali Qushchi vafotining 550 yilligi munosabati bilan uning ilmiy faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan qator xalqaro tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, 18–20 noyabr kunlari Istanbulda Turkiya Fanlar akademiyasi va Istanbul Madaniyat universiteti Ilm tarixi instituti hamkorligida xalqaro Ali Qushchi simpoziumi o‘tkazildi.
Anjumanda olimning astronomiya, matematika, mantiq, tilshunoslik va falsafa sohalariga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.
Shuningdek, Istanbulda «Samarqanddan Istanbulga: Ali Qushchi va uning ilmiy muhitiga oid qo‘lyozmalar» mavzusida ko‘rgazma tashkil etildi.
Ilmiy muloqotlar davomida Ali Qushchi hayoti va merosiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumning navbatdagi tadbirlarini O‘zbekistonda, jumladan, Samarqandda tashkil etish taklifi ham ilgari surildi.
Ali Qushchining Samarqandda shakllangan ilmiy faoliyati va keyinchalik Usmonlilar davlati ilmiy muhitiga qo‘shgan hissasi Markaziy Osiyo hamda Anado‘li o‘rtasidagi tarixiy intellektual aloqalarning muhim namunasidir.
Shu ma’noda, uning oilasiga nisbat berilayotgan «Ravnaqi bo‘ston» asarining o‘rganilishi ikki mintaqa ilmiy tarixining hali yetarlicha tadqiq etilmagan sahifalarini ochish imkonini berishi mumkin.
Qadimiy qo‘lyozmadan zamonaviy kitobxongacha
«Ravnaqi bo‘ston»ning o‘zbek tiliga tarjima qilinishi tarixiy manbalarni ilmiy muomalaga kiritish va ularni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ishlardan biridir.
Asarning faksimile nusxasi bilan birgalikda nashr etilishi tadqiqotchilarga uning asl matni, imlo xususiyatlari va tarixiy leksikasini bevosita o‘rganish imkonini beradi.
Ayniqsa, turkiy tildagi qadimiy dehqonchilik va bog‘dorchilik atamalari, xalq taqvimi hamda tabiat haqidagi tasavvurlarning saqlanib qolgani risolaning madaniyat tarixi uchun ahamiyatini yanada oshiradi.
«Ravnaqi bo‘ston»ning yangi o‘zbekcha nashri buyuk Ali Qushchi ilmiy muhitiga oid tadqiqotlarni kengaytirish, qadimiy turkiy yozma merosni o‘rganish va O‘zbekiston hamda Turkiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eng muhimi, mazkur nashr bog‘dorchilik haqidagi qadimiy bilimlarning o‘zi bilan birga, turkiy xalqlar intellektual merosining o‘rganilmagan qirralarini ham zamonaviy kitobxonga yetkazish imkonini beradi.
Alimardon Hayitov,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yetakchi ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi





