Iso Habibbeyli: “Islom sivilizatsiyasi markazi butun turkiy dunyo uchun ulkan ahamiyatga ega”
2026-yil 26-oktabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar, buyuk allomalar merosini o‘rganish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Anjumanda so‘zga chiqqan Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli xalqlarimizni asrlar davomida birlashtirib kelgan mushtarak qadriyatlar, bugungi ilmiy aloqalar va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Bizni qadim-qadimdan turli davrlar va sulolalar birlashtirib kelgan. Temuriylar, Safaviylar, Xorazmshohlar va boshqa ko‘plab sulolalar davrida ajdodlarimiz bir zaminda yashagan, bir daryodan suv ichgan, bir dinga e’tiqod qilgan, bir tilda gapirgan. Bugun biz ularning ishlarini davom ettirib, birgalikda turli loyihalarni amalga oshiryapmiz, xalqaro konferensiyalar o‘tkazyapmiz. O‘zbekistonda tashkil etiladigan ko‘plab anjumanlarga taklif etilamiz, o‘zbek olimlari va tadqiqotchilari ham Bokuda bo‘lib, biz bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun turkiy dunyo uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan megaloyihadir. U orqali ajdodlarimiz tarixini, ularning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq anglayapmiz. Ayniqsa, tarixiy va ilmiy merosning yosh avlodga tushunarli, ularning qiziqishlariga mos zamonaviy formatlarda taqdim etilayotgani muhim. Bugungi tadbir ham o‘zaro hamkorlik, do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — dedi Iso Habibbeyli.
Olimning fikricha, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik bugungi ilmiy hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Turli davrlarda yashab ijod qilgan allomalar, ularning ilmiy kashfiyotlari va ma’naviy merosi ikki xalqning umumiy tarixiy xotirasini boyitgan. Ushbu merosni birgalikda o‘rganish esa nafaqat o‘tmishni chuqur anglash, balki kelajak avlod uchun muhim ilmiy va ma’rifiy manbalarni yaratish imkonini beradi.
Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy manbalar va buyuk mutafakkirlar merosining zamonaviy texnologiyalar orqali taqdim etilishi yoshlarning ajdodlar ilmiy salohiyatiga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Markazning xalqaro miqyosdagi faoliyati turkiy xalqlarning umumiy madaniy boyliklarini keng targ‘ib qilish va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.
Anjuman doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv tarixiy merosni birgalikda o‘rganish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Bokudagi uchrashuv O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik faqat bugungi munosabatlar bilan cheklanmasdan, asrlar davomida shakllangan tarixiy va ma’naviy yaqinlikka tayanishini yana bir bor namoyon etdi. Ajdodlar merosini birgalikda o‘rganish, ilmiy muloqotni kengaytirish va yosh avlodga yetkazishga qaratilgan sa’y-harakatlar esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





