Firdavs Abduxoliqov: buyuk ajdodlar merosi xalqlarimizni yaqinlashtiradi
Boku shahrida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ma’ruza qilib, ikki xalqning mushtarak tarixiy ildizlari, buyuk allomalar merosi va ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, ma’naviy qadriyatlar va boy madaniy meros birlashtirib kelgan. Bu yaqinlik nafaqat umumiy tarixiy xotirada, balki ikki xalq yetishtirgan allomalar, mutafakkirlar va san’at namoyandalari ijodida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Firdavs Abduxoliqov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalariga alohida to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat xalqimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va asrab-avaylash, balki uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga ham xizmat qilmoqda. Markazda buyuk ajdodlarimizning ilmiy kashfiyotlari, ma’naviy merosi va jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etilgan. Bu tashabbus tarixiy xotirani tiklash, yosh avlodni ilm-ma’rifat ruhida tarbiyalash va O‘zbekistonning jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Ma’ruzada O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari qadimdan turli sivilizatsiyalar, ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida taraqqiy etgani qayd etildi. Zardushtiylikning muqaddas manbasi bo‘lgan “Avesto”da ilgari surilgan ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal g‘oyalari mintaqamizning mushtarak ma’naviy merosini ifodalovchi muhim qadriyatlardan biri sifatida tilga olindi. Boku shahridagi Otashgoh ham ushbu hududlarda shakllangan qadimiy e’tiqodlar va madaniy aloqalar tarixini o‘rganishda muhim manbalardan hisoblanadi.
Ikki xalqning ilmiy aloqalari buyuk mutafakkirlar merosida ham o‘z ifodasini topgan. Xususan, Abu Ali ibn Sino va ozarbayjonlik faylasuf Bahmanyor o‘rtasidagi ilmiy-ma’naviy bog‘liqlik, Bahmanyorning Toshkentda saqlanayotgan “At-Tahsil” asari qo‘lyozmasi mintaqadagi ilm-fan an’analari o‘zaro uyg‘un rivojlanganidan dalolat beradi. Shuningdek, Nasiriddin Tusiyning Marog‘a rasadxonasi hamda Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ilmiy maktabi Sharqda astronomiya va aniq fanlar taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Adabiyot sohasida ham mushtarak meros namunalari ko‘p. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si, Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliyning ijodi turkiy va forsiy adabiy an’analar o‘rtasidagi yaqinlikni namoyon etadi. Fuzuliy asarlarining qo‘lyozmalari, jumladan, Toshkentda saqlanayotgan nodir manbalar ikki mamlakat olimlari uchun qo‘shma tadqiqotlar olib borishda muhim asos bo‘la oladi.
Markaz direktori O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy aloqalar faqat ilm-fan va adabiyot bilan cheklanib qolmasligini, savdo-sotiq, hunarmandchilik va me’morchilik sohalarida ham namoyon bo‘lishini ta’kidladi. Bokudagi Buxoro karvonsaroyi, shuningdek, Hoji Zaynalobiddin Tagiyev va Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon bilan bog‘liq tarixiy ma’lumotlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamkorlik an’analariga misol bo‘la oladi.
Madaniy aloqalar bugungi kunda ham izchil davom etmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan Fuzuliy maktabi, ozarbayjonlik san’atkorlarning O‘zbekistondagi xalqaro festivallardagi ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy muloqotning amaliy natijalaridandir. Jumladan, sozanda Sohib Pashazoda 2017-yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan, “Mug‘om” ansambli esa 2018-yilda Shahrisabzda o‘tkazilgan maqom san’ati festivalida birinchi o‘rinni egallagan.
Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda tarixiy manbalarni birgalikda o‘rganish, nodir qo‘lyozmalarni ilmiy muomalaga kiritish, qo‘shma kitob va kataloglar nashr etish, ko‘rgazmalar hamda hujjatli filьmlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Keling, ishni aniq manbalardan boshlaylik. Toshkent va Bokuda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni birga o‘rganaylik, qo‘shma tadqiqotlar asosida kitoblar va kataloglar nashr etaylik, ko‘rgazmalar tashkil qilaylik. Yosh olimlarimiz birgalikda izlanish olib borsin, nodir asarlarni asrash va tiklashni o‘rgansin. Ana shu aniq ishlar do‘stligimizni yanada mustahkamlaydi va kelgusi avlodlarga munosib meros bo‘lib qoladi, — deya ta’kidladi Markaz direktori.
Shuningdek, anjumanda ikki mamlakat ilmiy muassasalari, muzeylari va madaniy tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, yosh tadqiqotchilar uchun qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda mushtarak merosni xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Ozarbayjonning boy tarixiy-ma’naviy merosi nafaqat o‘tmishni anglash, balki bugungi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va kelajak avlodlar o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish uchun ham muhim asosdir.





