Ozarbayjonning TurkicWorld axborot platformasida Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro hamkorlikdagi o‘rni yoritildi
Ozarbayjonning TurkicWorld axborot platformasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining mamlakat tarixiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, shuningdek, Ozarbayjon bilan ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
Materialda O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonovning Boku shahridagi Xalqaro Maqom markazida bo‘lib o‘tgan Markaz taqdimoti hamda «O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, Islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada bildirgan fikrlari bayon etilgan.
Maqolada Buyuk ipak yo‘lining xalqlarimiz o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi o‘rni, buyuk mutafakkirlar merosining ahamiyati hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari yoritilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ajdodlar merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirish va xalqaro hamjamiyatga yetkazishga qaratilgan yirik ilmiy-ma’rifiy loyiha sifatida e’tirof etilgan.
Nashrda ikki mamlakatning fanlar akademiyalari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, tarixiy merosni birgalikda o‘rganish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligiga ham e’tibor qaratilgan.





