Samarqand haqidagi she’r uchun 3000 AQSh dollari...
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Samarqand shahriga bag‘ishlangan «She’riyat shaharlari» xalqaro tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi.
Mazkur tanlov Samarqandning 2025-yilda Islom olami madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan ICESCO She’riyat va adabiyot markazi tomonidan tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi she’riyat orqali Islom olami shaharlarining boy tarixiy-madaniy merosi, ma’naviy qadriyatlari va sivilizatsiya taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etishdan iborat.
Tanlov natijalari Rabot shahridagi ICESCO qarorgohida, Butunjahon roman haftaligi doirasida e’lon qilindi. Unda turli mamlakatlardan kelib tushgan 600 ta she’r ishtirok etdi. Dastlabki saralashdan o‘tgan 174 ta asar ekspertlar tomonidan badiiy saviyasi, mazmun-mohiyati va tanlov talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin yamanlik Muhammad Darvish Hasan Maksaiga, ikkinchi o‘rin falastinlik Ahmad Yusri Hasan al-Xattobga, uchinchi o‘rin esa misrlik Muhammad Ismoil Abdulloh Suveylimga nasib etdi. Shuningdek, Suriya, Iroq, Jazoir, Tunis va Mavritaniya vakillari bo‘lgan yetti nafar shoir rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.
G‘oliblar uchun munosib pul mukofotlari ham belgilangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi o‘rin sohibi 3000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin sohibi 2000 AQSh dollari, uchinchi o‘rin sohibi esa 1000 AQSh dollari bilan taqdirlangan.
Samarqandning xalqaro she’riyat tanloviga ilhom manbai sifatida tanlanishi bejiz emas. Asrlar davomida ilm-fan, adabiyot, me’morchilik va san’at markazlaridan biri bo‘lib kelgan ushbu qadimiy shahar Sharq sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin egallaydi. Uning tarixiy qiyofasi, madaniy merosi va ma’naviy muhiti bugun ham turli mamlakatlar ijodkorlari va tadqiqotchilarini o‘ziga jalb etmoqda.
Bunday xalqaro tashabbuslar Samarqandning jahon madaniy makonidagi nufuzini mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi adabiy va ma’naviy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning boy tarixiy merosini keng xalqaro auditoriyaga yetkazishga xizmat qiladi.





