Islom sivilizatsiyasi markazining sport ekspozitsiyasi Mo‘g‘uliston Prezidenti maslahatchisiga yangi g‘oya berdi
Mo‘g‘uliston Prezidentining jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Islom sivilizatsiyasi markazidagi sport ekspozitsiyasi tajribasini o‘z mamlakatida ham qo‘llash istagini bildirdi.
Mo‘g‘uliston Prezidentining jismoniy tarbiya va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sharxu Amarsayxan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali namoyish etish tajribasini yuqori baholadi. Toshkentdagi majmuaga tashrifi davomida u mamlakatning qariyb uch ming yillik tarixi bilan tanishib, ayniqsa, O‘zbekiston sporti taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyaga qiziqish bildirdi. Mehmon ushbu muzey yondashuviga o‘xshash loyihani Mo‘g‘ulistonda ham amalga oshirish istagini ma’lum qildi.
Sharxu Amarsayxanning ta’kidlashicha, bunday muzeylar nafaqat tarixiy merosni saqlaydi, balki mamlakatning o‘tmishini, madaniy qadriyatlari va taraqqiyot bosqichlarini xorijliklarga tushunarli tarzda yetkazishga ham xizmat qiladi. Tashrifning eng e’tiborli jihatlaridan biri Sharxu Amarsayxanning «Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori» ekspozitsiyasi tarkibidagi sport sohasiga bag‘ishlangan bo‘lim bilan tanishuvi bo‘ldi. Mehmonning e’tiroficha, mamlakatning sport sohasidagi yutuqlarini muzey ekspozitsiyasi orqali namoyish etish milliy taraqqiyot tarixini kengroq yoritish, sportchilar muvaffaqiyatini kelajak avlodlarga yetkazish uchun ahamiyatli yondashuvdir.
«Bugun ushbu muzey bilan tanishib, O‘zbekistonning naqadar boy tarix va madaniyatga ega ekanini ko‘rdim, bu haqda ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Eng ajoyib jihati shundaki, bu yerda mamlakatning tarixi va madaniyati haqida bir joyning o‘zida keng tasavvur hosil qilish mumkin. Bu haqiqatan ham ajoyib muzey va u menda katta taassurot qoldirdi. Men o‘zim jismoniy tarbiya va sport sohasi mutaxassisiman. Muzeyni tomosha qilish davomida sportga bag‘ishlangan bo‘lim bilan ham tanishdim. Bu qism menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Mo‘g‘ulistonda ham shunday loyihani amalga oshirishni istardim», — dedi Mo‘g‘uliston Prezidenti maslahatchisi.





