Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilari umumiy tarixga yangi nigoh tashladi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan mintaqaning yosh yetakchilari umumiy sivilizatsiyaviy merosni zamonaviy texnologiyalar orqali o‘rganish, tarixiy ildizlarni chuqurroq anglash va bu bilimlarni o‘z mamlakatlaridagi tengdoshlariga yetkazish muhimligini ta’kidladi. «Markaziy Osiyo + Ozarbayjon yosh yetakchilari» dasturi doirasidagi uchrashuv tarixiy merosning nafaqat o‘tmish haqidagi xotira, balki xalqlarni yaqinlashtiradigan va kelajak hamkorligiga zamin yaratadigan umumiy boylik ekanini namoyon etdi.
«Markaziy Osiyo + Ozarbayjon yosh yetakchilari» mintaqaviy dasturi doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan ishtirokchilar Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari orqali O‘zbekistonning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi, Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti hamda buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi bilan tanishdi.
Tashrif davomida xalqlar o‘rtasida asrlar davomida shakllangan ilmiy-madaniy aloqalar, tarixiy yodgorliklar va nodir eksponatlar haqida ma’lumot berildi.
Ayniqsa, ekspozitsiyalarda raqamli tasvirlar, interaktiv yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgani ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Mehmonlar tarixiy ma’lumotlarni faqat o‘qish yoki eksponatlarni tomosha qilish bilan cheklanmay, turli davrlar muhitini zamonaviy texnologiyalar orqali his etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
«Ikkinchi marta kelyapman, yana yangi bilimlar olyapman»
Aysiman Quliyeva, Ozarbayjonning «ASAN Könüllüləri» tashkiloti raisi:
«Har bir tarixiy davr va bosqich juda batafsil, tushunarli tarzda yoritilgan. Bu yerda yangi bilimlarga ega bo‘lyapman. Markazning innovatsion yondashuv asosida barpo etilgani ham alohida e’tiborga molik.
Ayniqsa, kichik tuynuk orqali g‘or davridagi insonlarning kundalik hayotini ko‘rish, milliy cholg‘u asboblari sadolarini tinglash imkoniyati juda qiziqarli. Turkiy davlat vakili sifatida ushbu din va sivilizatsiyaning rivojlanishini ko‘rish, uni yaqindan anglash men uchun juda yoqimli tuyg‘u».
Samolyotda jurnal o‘qib boshlangan qiziqish
Dinara Sadvakasova, Qozog‘istonlik ishtirokchi:
«Har safar tasodiflar tasodif emasligiga yana bir bor amin bo‘laman. Ostonadan uchib kelayotganimizda samolyotdagi jurnalda ushbu Markaz haqida maqolani o‘qidim. Uning ko‘lami va eksponatlari, jumladan, ikki ming yildan ortiq tarixga ega gilam haqidagi ma’lumotlar menda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘shanda Markazga tashrif buyurishni juda xohlagandim. Dastur tashkilotchilari bu tashrifni ham nazarda tutganidan minnatdorman.
Markaz arxitekturasi, mazmuni, eksponatlari, tarix va zamonaviy texnologiyalarning o‘zaro uyg‘unligi bilan hayratlantiradi. Bu yerdagi muhit o‘tmishga chuqurroq kirib borish va go‘yo o‘sha davrlarning jonli guvohiga aylanish imkonini beradi».
«Eksponatlarni tomosha qilish bilan cheklanmaysiz, tarixni his etasiz»
Qirg‘izistonlik yosh yetakchilar ham Islom sivilizatsiyasi markazining me’moriy qiyofasi, badiiy bezagi va interaktiv imkoniyatlariga yuqori baho berdi.
Jogorku Kenesh huzuridagi Yosh kadrlar maktabi ishtirokchisi Aykanish Asranqulova majmua ekspozitsiyalari tarixiy ma’lumotlarni yetkazish bilan birga, tashrif buyuruvchilarga o‘tmish muhitini tasavvur qilish imkonini berishini ta’kidladi.
«Markaz tashqi ko‘rinishidanoq katta taassurot qoldiradi. Ichkariga kirganingizda esa o‘zingizni butunlay boshqa muhitda his qilasiz.
Bu yerdagi eksponatlarni shunchaki tomosha qilibgina qolmay, ular orqali tarixni his etish mumkin. Markazda har bir mayda tafsilotgacha e’tibor qaratilgan, tarixiy meros zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilgan. Bu juda yuqori darajada amalga oshirilgan».
«Uchinchi marta keldim, har safar yangi narsa kashf etaman»
O‘sh shahri hokimiyati vakili Maksatbek Osmonaliyev esa Islom sivilizatsiyasi markaziga uchinchi marta kelganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, har bir tashrif davomida ekspozitsiyalardan yangi ma’lumotlar olish, ilgari e’tibor bermagan jihatlarini kashf etish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
«Har safar kelganimda yangi narsalarni ko‘raman. Eksponatlar soni yanada ko‘payib, Markaz yoshlar uchun yanada qiziqarli maskanga aylanishini tilayman», — dedi u.
Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilari o‘z mamlakatlaridagi boshqa yosh yetakchilarni ham Markazga tashrif buyurishga taklif etish niyatida ekanini bildirdi.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning bir-birining tarixi va madaniyati haqidagi bilimlarini boyitish, mintaqaviy muloqotni kengaytirish hamda umumiy sivilizatsiyaviy merosni anglashga xizmat qiladi.





