Dohada tarixiy merosni o‘rganish va uni xalqaro auditoriyaga tanitish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini ochib berish va mamlakatimizning ma’naviy salohiyatini jahon hamjamiyatiga namoyon etish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning Qatar davlatiga xizmat safari doirasida Doha shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Qatar Tashqi ishlar vazirligi bosh kotibi, Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi rahbari Al-Hammadiy, “Al Jazeera Media Network” mediatarmog‘ining biznesni rivojlantirish va o‘sish bo‘yicha direktori Belal Al-Qadi hamda Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti, davlat vaziri doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kuvariy bilan muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda Markazning asosiy maqsad va vazifalari, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berish, buyuk allomalarning ilmiy merosini o‘rganish va ommalashtirish, tarixiy manbalar hamda noyob qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, ilmiy-ma’rifiy muassasalar va xalqaro media tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Markaz delegatsiyasining xizmat safari doirasida Qatar Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya institutida Markaz taqdimoti va ilmiy konferensiya o‘tkazilishi ham kutilmoqda. Ushbu tadbirlar orqali O‘zbekiston zaminida shakllangan boy ilmiy-ma’naviy meros, buyuk mutafakkirlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni va Markaz faoliyatini xalqaro ilmiy jamoatchilikka keng tanitish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Markaz delegatsiyasi CNN xalqaro media kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi. Unda CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelson, xalqaro reklama savdolari bo‘yicha katta vitse-prezident Keti Ibal, Global Productions International kompaniyasining konsepsiyalar va tahlil bo‘yicha vitse-prezidenti Rich Dul, CNN International raqamli yo‘nalishlar bo‘yicha kreativ direktori Ien Makdonald hamda kompaniyaning boshqa vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Muloqotda Markaz faoliyatini xalqaro axborot makonida keng yoritish, zamonaviy media formatlari va raqamli kontent orqali O‘zbekistonning sivilizatsiyaviy merosini jahon auditoriyasiga yetkazish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Doha shahrida bo‘lib o‘tadigan CNN Global Perspectives sessiyasining “The Gulf: What Comes Next?” (“Fors ko‘rfazi: keyingi istiqbollar qanday?”) mavzusidagi muhokamasida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tashrif dasturidan Shayx Abdulloh bin Zayd Al-Mahmud nomidagi Islom madaniyati markazi — “Al-Fanar”ga tashrif ham o‘rin olgan. Unda mazkur muassasa faoliyati, islom madaniyatini targ‘ib qilish borasidagi tajribasi bilan tanishish va markaz rahbari doktor Solih bin Ali Al-Marriy bilan uchrashuv o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Doha shahridagi uchrashuv va tadbirlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro aloqalarini mustahkamlash, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosini jahon miqyosida targ‘ib etish, xalqaro ilmiy va media hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.





