Sharq ilmi, G‘arb nigohi: Gruziya vaziri o‘rinbosari islom sivilizatsiyasi markazini sivilizatsiyalarni yaqinlashtiruvchi maskan deb baholadi
Gruziya ta’lim, fan va yoshlar ishlari vaziri o‘rinbosari Baya Kvitsiani O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim loyiha sifatida baholadi. Uning fikricha, tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar yordamida namoyish etish islom sivilizatsiyasining ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini kengroq anglashga, turli xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlashga yordam berishi mumkin.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Gruziya ta’lim, fan va yoshlar ishlari vaziri o‘rinbosari Baya Kvitsiani majmua ekspozitsiyalari, tarixiy yodgorliklar va zamonaviy muzey yechimlari bilan tanishdi.
Gruziyalik rasmiy Markazni tarixiy merosni asrab-avaylash, uni zamonaviy texnologiyalar orqali qayta talqin qilish va insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi ahamiyatini ochib berishga qaratilgan yirik loyihalardan biri sifatida baholadi.
Uning ta’kidlashicha, Markazdagi ekspozitsiyalar islom sivilizatsiyasining tarixi bilan bir qatorda, mazkur sivilizatsiya doirasida shakllangan ilmiy tafakkur, kashfiyotlar va madaniy yutuqlarni ham namoyon etadi.
Baya Kvitsianiga eng kuchli taassurot qoldirgan ekspozitsiyalardan biri Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining tarixiy qiyofasini qayta yaratishga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi.
«Bu yerga tashrif buyurish Islom dini va uning tarixi haqidagi tasavvurlarimni yanada kengaytirdi. Men uchun bu juda qiziqarli, o‘ziga jalb etuvchi va unutilmas tajriba bo‘ldi. Bugun olgan taassurotlarimni butun umrim davomida yodimda saqlayman, deb o‘ylayman.
Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining tarixiy qiyofasi qayta tiklangani meni hayratda qoldirdi. Men Samarqanddagi rasadxonada bo‘lganman. U yerda uning faqat bir qismini ko‘rish mumkin edi. Bu yerda esa rasadxonaning aslida qanday ko‘rinishda bo‘lganini tasavvur qilish imkoni yaratilgan. Bu menga juda kuchli taassurot qoldirdi.
Islomning ilk oltin asriga bag‘ishlangan bo‘limdagi tarixiy ashyolar ham e’tiborimni tortdi. Menimcha, bunday maskanlarni barpo etish, ayniqsa, O‘zbekiston, uning madaniyati va Islom dini tarixi haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lmagan G‘arb mamlakatlari vakillari uchun juda muhim. Dinlar bilan bog‘liq turli siyosiy jarayonlar kechayotgan bugungi davrda bunday markazning ahamiyati yanada ortib boradi.
Bu yerda nafaqat tarix haqida ma’lumot berish, balki ilm-fan va taraqqiyotni namoyon etish, Islomning asl mohiyatini hamda uning ortida turgan boy tarixni dunyoga ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Bu ko‘plab insonlarning qarashlarini o‘zgartirishi, yangi munosabatlarni shakllantirishi va dunyoning turli qismlarini o‘zaro bog‘lashi mumkin.
Shu ma’noda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turli xalqlar va millatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, Sharq va G‘arbni bir-biriga yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir», — dedi Baya Kvitsiani.





