QNA: "Diplomatiya institutidagi simpozium Qatar va O‘zbekiston islom markazlarining Islom sivilizatsiyasini targ‘ib etishdagi rolini yoritdi"
Qatarning Qatar axborot agentligi (Qatar News Agency — QNA) rasmiy saytida 2026-yil 29-oktabr kuni «Diplomatiya institutidagi simpozium Qatar va O‘zbekiston islom markazlarining Islom sivilizatsiyasini targ‘ib etishdagi rolini yoritdi» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Doha shahrida Qatar Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya instituti va Qatar sivilizatsiyalar alьyansi qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro simpozium, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning nutqi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash, ilmiy-ta’limiy hamkorlikni kengaytirish va Islom sivilizatsiyasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish istiqbollari haqida so‘z boradi.
DOHA, 29 oktabr (QNA) — Qatar sivilizatsiyalar alьyansi qo‘mitasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan simpoziumda Qatar va O‘zbekiston islom markazlarining Islom sivilizatsiyasini targ‘ib etishdagi roli alohida ta’kidlandi. Tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va islomiy madaniy merosni keng targ‘ib etish yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ldi.
Bugun Diplomatiya institutida bo‘lib o‘tgan simpoziumda Qatar Davlati vaziri, Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy, O‘zbekiston Respublikasining Qatar Davlatidagi elchisi Ashraf Xo‘jayev, shuningdek, diplomatlar, rasmiy shaxslar, ilmiy va diniy muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.
Kirish so‘zida doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy Qatar Davlati madaniy diplomatiyani turli madaniyatlar o‘rtasida ko‘priklar barpo etishning doimiy yondashuvi sifatida qabul qilganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, madaniyat ba’zan siyosat erisha olmaydigan natijalarga erishishi, kitoblar esa muzokaralar orqali ochish qiyin bo‘lgan qalblarga yo‘l topishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, Qatar Milliy kutubxonasi o‘zini shunchaki kitoblar saqlanadigan maskan emas, balki xalqlar va millatlarni bir-biriga bog‘lovchi darcha sifatida ko‘radi. Kutubxona fondida Movarounnahr olimlarining ilmiy merosini aks ettiruvchi noyob qo‘lyozmalar va bosma nashrlar mavjud. Shuningdek, kutubxonaning merosni saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish borasidagi tajribasi Qatar Davlati hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Islom sivilizatsiyasini targ‘ib etish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy O‘zbekiston Respublikasidagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilganini ma’lum qildi. U merosni saqlash va raqamlashtirish, ko‘rgazmalar hamda tajriba almashish, shuningdek, har ikki mamlakat tadqiqotchilarini qo‘llab-quvvatlash orqali yanada adolatli va insonparvar kelajakni barpo etish yo‘lidagi hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining Qatar Davlatidagi elchisi Ashraf Xo‘jayev ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik munosabatlarning chuqur tarixi va mustahkamligini qayd etib, xalqlarimizni birlashtirib turuvchi tarixiy va madaniy aloqalarga alohida to‘xtaldi.
Elchi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab, ular o‘zaro manfaatlar, bir-birining oldidagi majburiyatlarga sodiqlik va konstruktiv hamkorlikka asoslanganini qayd etdi. Shuningdek, ikki mamlakat yetakchilarining oliy darajadagi o‘zaro tashriflari turli sohalardagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ashraf Xo‘jayev Islom sivilizatsiyasining tarixiy ahamiyati, uning ilm-fan, ta’lim, falsafa va adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasi haqida ham so‘z yuritdi. U O‘zbekiston zaminida buyuk sivilizatsiya markazlari shakllangani, bu yerdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Muhammad al-Xorazmiy kabi mashhur allomalar yetishib chiqqanini qayd etdi.
Elchining ta’kidlashicha, ushbu intellektual merosni asrab-avaylash faqat o‘tmishni yodga olish emas, balki kelajakka sarmoya kiritish va sivilizatsiyalararo muloqot mexanizmlarini mustahkamlash hamdir. U simpozium diplomatik va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishi hamda ikki mamlakat o‘rtasida amaliy tashabbuslarga yo‘l ochishiga umid bildirdi.
Qatar sivilizatsiyalar alьyansi qo‘mitasi kotibi, elchi Abdulla bin Ahmad Al-Sada ham Qatar Davlatidagi islom markazlari Islom sivilizatsiyasini targ‘ib etish, uning insonparvarlik va madaniy qadriyatlarini keng yoyishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu markazlar ma’rifiy va ta’limiy faoliyat, ma’ruzalar, seminarlar va ko‘rgazmalar orqali Islom tarixini hamda uning san’at va adabiyot rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etmoqda.
Elchi mazkur markazlarning ahamiyati, avvalo, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash va Islomning bag‘rikenglik, adolat, hamjihatlik hamda inson qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan tamoyillarini namoyon etishda ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar Davlatidagi madaniy ochiqlik, turli millat va madaniyat vakillarining birgalikda yashashi sharoitida bu kabi sa’y-harakatlar alohida ahamiyatga ega. Shu bois islom markazlari musulmonlar va boshqa din vakillari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashning samarali vositasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasidagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori doktor Firdavs Abduxoliqov ham Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro hurmat, umumiy qadriyatlar va ikki mamlakat rahbarlarining turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashga intilishi asosida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
U Markazning tarixiy va ilmiy merosni asrab-avaylash, musulmon allomalari va buyuk shaxslarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini keng yoritish borasidagi faoliyatiga to‘xtaldi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy va insoniyat sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan boshqa allomalar merosini o‘rganish va targ‘ib etish ishlari haqida ma’lumot berdi.
Uning tushuntirishicha, Markaz faoliyati bir nechta asosiy yo‘nalishga tayanadi. Bular — qo‘lyozmalar va tarixiy hujjatlarni saqlash hamda o‘rganish, ko‘rgazma zallari va miniatyura muzeylarini tashkil etish, tarix va madaniy merosni namoyish qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishdir. Shuningdek, olimlar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish orqali ilmiy-ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash, muzeylar, madaniy va ta’lim muassasalari o‘rtasida xalqaro madaniy muloqotni rivojlantirish ham Markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Simpozium doktor Novzad Abdulrahmon Al-Hitining moderatorligida «Islom sivilizatsiyasi: O‘zbekiston va Qatarning buyuk ma’naviy merosi» mavzusidagi panelь muhokamasi bilan yakunlandi.
Muhokamada Hamad bin Xalifa universiteti huzuridagi Muhammad bin Hamad Ol Soniy nomidagi Musulmonlarning sivilizatsiyaga qo‘shgan hissasini o‘rganish markazi direktori doktor Oisha Yusuf Al-Mannaiy, Abdulla bin Zoid Al-Mahmud nomidagi Islom madaniyati markazi tadqiqotchisi doktor Muxtor Muhammad Muxtor hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori doktor Ilhomjon Bekmirzayev ishtirok etdi. (QNA)





